Gruziya chorlamoqda: Toshkentda yangi “Manana” restorani ochildi

E’lon qilingan sana· 62
Gruziya chorlamoqda: Toshkentda yangi “Manana” restorani ochildi

Ko‘ngilni ko‘taruvchi ziyofat va yangi darajadagi go‘zallikning uyg‘unlashuvi.

Toshkentda yangi gastronomik maskan eshiklarini ochdi: bir tom ostida ikki xil lazzat — Manana va Cucucina — birlashib, sifatli taomlarga bo‘lgan muhabbatni baham ko‘rmoqda.

Manana — gastronomiya ixlosmandlari uchun yangilik emas: ilk restorani bundan 9 yil avval Olmaotada ochilgan va shundan beri o‘ziga xos lazzat makoniga aylangan. Endi esa bu mashhur brend Toshkentga ham yetib kelib, mahalliy gurmanlarning e’tiborini qozonmoqda. Cucucina — esa, aksincha, aynan O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlayotgan yangi nom.

Ikkala muassasa ham yagona kirish eshigidan boshlanadi, biroq ichkariga qadam qo‘yganingiz zahoti yo‘llar ajraladi — siz esa yoqimli muammoga: murakkab taom tanlovi oldida qolasiz.O‘ng tomonda — quyosh nurlari singan, havosi pastaga to‘la Cucucina. Bu yerda Sitsiliya soddaligi, iliqlik va qadahlar jarangidagi suhbatlar hukm suradi.

Chap tomonda esa — yangi uzilgan kashnichning hidi, qarsildoq xachapuri va gruzin mehmondo‘stligining yorqin ifodasi bo‘lgan Manana. U gruzin taomlarining yorqinligi va samimiyatini o‘zida mujassam etgan. Bu ikki olam — Sun Group’ning gastronomik sayohati davomidir.

Bu safar biz Toshkent uchun yangi bo‘lgan brend talqinida Gruziya qanday jaranglashini bilish maqsadida Mananaga tashrif buyurdik. Gruzin oshxonasi muallif talqinida taqdim etilgan neo-bistro TKXdan farqli o‘laroq, Manana butunlay boshqacha yo‘nalishda.

Bu so‘zning to‘liq ma’nosida oilaviy restoran: bolalar maydonchasi, keng zali va katta ziyofatlar hamda shovqin-suronli uchrashuvlar uchun yaratilgandek taassurot qoldiradigan muhitga ega. Bu yerda nafaqat yakshanba kungi oilaviy tushlikni, balki barcha an’analarni o‘z ichiga olgan to‘y marosimini ham bemalol tasavvur qilish mumkin.

Interyerda Sharq anʼanalari va zamonaviy estetika nozik uyg‘unlikda jam bo‘lgan. Har bir detal — chuqur o‘ylangan, ko‘zni quvontiradi. Devorlardagi ravoqlar va g‘isht terimlari qadimgi Tiflis meʼmorchiligini eslatadi, ular orasida esa devoriy gilamlar va yirik, yorqin polotnolar interyerni boyitib, unga teranlik va milliy ruh baxsh etadi.

Eng jozibali nuqta — ochiq oshxona. Mehmonlar bu yerda taom tayyorlash jarayonining bevosita guvohiga aylanishadi. Bu — faqat ovqat emas, bu — sanʼat: mukammal xamir qorish, xinkali yasashdagi mohirlik, har bir harakatda mahorat va muhabbat mujassam.

Mozaika bilan bezatilgan shinam va yarqiragan stolchalar, nafis gul kompozitsiyalari, yumshoq kreslolar va puxta o‘ylangan dasturxon — bularning barchasi bizni zamonaviylik va gruzin anʼanalarining ohangdor uyg‘unligiga chorlaydi. Restoran hali o‘z maromini topib borayotgan davrda. Va bu jarayon — jamoaning intilishlarida, ilhomli izlanishlarida, mehmondo‘stlikdagi samimiyatda yaqqol seziladi.

Biz odatda yangi muassasalarga birinchilardan bo‘lib tashrif buyurishga o‘rganib qolganmiz. Ammo shunday joylar borki, ularda to‘liq zavq olish uchun biroz kutish, ularga vaqt berish — lazzatni yanada chuqurroq his qilish deganidir. Va bu joy — ana shunday kutishga arzigulik makonlardan biri.

Gruzin oshxonasiga yo‘nalgan kayfiyatni hech narsa buzolmaydi. Bu yerda Sakartvelo xalqining boy gastronomiyasini aks ettiruvchi va shefning zamonaviy qarashlarini o‘zida mujassam etgan barcha taomlar mavjud.

Yong‘oq va ko‘katlar bilan to‘yingan xushbo‘y gazaklar, yurakni iliqtiruvchi sho‘rvalar, go‘sht va sabzavotdan tayyorlangan issiq taomlar, sersuv xinkali, qarsildoq xachapuri — bularning barchasi ziravorlar moʻjizasi va yangilikka bo‘lgan e’tibor bilan boyitilgan. Klassika sevuvchilar uchun — satsivi, lobio, pxali kabi yurakda iz qoldiruvchi taomlar.
Kashfiyotga chanqoq gurmanlar uchun — tryufel bilan to‘ldirilgan mini-xinkali, dudlangan pishloq bilan tayyorlangan mualliflik dolma.

Ikki kishi uchun o‘rtacha hisob: 500 000 so‘m.

Vika Chmikhalova
Muallif
Vika Chmikhalova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling