Toshkentdagi uygʻur burchagi: "Mant" kafesi haqida

Toshkent shahrida bir necha yildan beri uygʻurcha manti tayyorlaydigan “Mant” kafesi ishlab kelmoqda. Xamirdan tayyorlanadigan ovqatlar oʻzbekistonliklar taomnomasidan yaxshigina oʻrin egallaydi. Manti yoki xonim, albatta, bayramona taomlar qatoriga kiradi.
Afisha.uz muharrirlari ushbu turli mantilarni tatib koʻrish maqsadida “Mant"ga tashrif buyurib, ushbu joy haqida batafsil ma’lumotlarni beradi.
Kafe kichik va juda shinamligi bilan ajralib turadi. Kirishingiz bilan kafening narigi tomonidan taom tayyorlayotgan oshpazlar koʻzga tashlanadi. Bu xoʻrandada ishonch hissini uygʻotadi. Kafeda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish boʻlib, toʻlov esa ovqatni yeb boʻlgandan keyin qilinadi.
“Mant” kafesi Mirzo Ulugʻbek tumani, Oltintepa koʻchasi, 183 manzilida joylashgan. Eng yaqin metro bekatlari “Pushkin” va “Buyuk ipak yoʻli” hisoblanadi. Biroq manzilga avtobusda yetib borish ancha qulayroq boʻlishi mumkin. Ish vaqti har kuni 10:00 dan 21:00 gacha.
Bu ovqatlanish maskanida mantining koʻplab turlari tayyorlanadi. Shuningdek, xonim ham buyurtma berish mumkin.
Mantilar va ularning narxlari:
- mol goʻshtli manti — 13 000 soʻm;
- qoʻy goʻshtli manti — 15 000 soʻm;
- qiymali manti — 10 000 soʻm;
- goʻsht-qovoq manti — 10 000 soʻm;
- ismaloq va kartoshkali manti — 8 000 soʻm;
- qovoqli manti — 8 000 soʻm;
- kartoshkali manti — 8 000 soʻm;
- jusay manti — 10 000 soʻm.
Xonim narxi — 25 000 soʻmni tashkil qiladi. Ichish uchun choy va har xil kompot yoki aystilar olish mumkin. Shuningdek, qatiq va souslar ham taklif etiladi.
Qiziqishni orttirib, ishtahani ochadigan yana bir faktorlardan biri bu — mantilarning ranglari. Masalan, qovoqli sariq, ismaloqlilar esa yashil, oddiy goʻshtli mantilar oq rangda. Biz ularning barchasidan buyurtma qildik va taom tayyor boʻlishini taxminan 10 daqiqa kutdik.
Avvalo xamirning qalinlik darajasi yaxshi ekanini ta’kidlash lozim. Qattiq ham boʻlib ketmagan, shu bilan birga kamlik ham qilmaydi. Mol va qoʻy goʻshtidan tayyorlangan mantilarning ichida goʻsht yaxshigina koʻp va toʻyimli.
Alohida oʻzgacha ta’mni totib koʻrish uchun esa goʻsht va qovoqli mantidan buyurtma berish kifoya. Ismaloq ham, albatta, bahoriy kayfiyatni bera oladi. Qovoqning oʻzidan pishirilgan manti esa oʻrtacha boʻlib, mantining ichi biroz koʻproq suvli boʻlib ketganini sezish mumkin.
Mazkur kafeda oʻrtacha chek bir kishi uchun — 50 000 soʻmni tashkil qiladi.
Inson organizmida kutilmaganda xamir ovqat xohlab qolish xususiyati mavjud. Mana shunday paytda bu istakni “Mant” kafesida qondirish mumkin. Shuningdek, odatiy mantilardan biroz zerikkanlar uchun (albatta, bunday odamlar topilishiga ishonish qiyin) uygʻurcha uslubda tayyorlangan taomlar ekzotik kayfiyatni berishi mumkin.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 94−318−3183.


"Xonimlar bor, xo-o-o-nim": Xamir ovqatlarni sevuvchilar uchun Toshkentdagi 10 ta joy
Oʻzbek oshxonasi o‘zining rang-barangligi, ta’m va mazalarining boyligi bilan ajralib turadi. Bu boylikning bir qismi xamirli taomlar bilan to‘ldiriladi, ularning har biri o‘ziga xos, ajoyib bir dunyoni yaratadi. Toshkent shahrida aynan shu o‘ziga xos taomlarni pishirishga qiziqqan va ixtisoslashgan kafelar ham ortib bormoqda. Afisha.uz esa, ushbu o‘ziga xos xamirli taomlar dunyosini yanada yaqinroq tanitish maqsadida, Toshkentdagi eng yaxshi kafelarni bir joyga jamladi. Afisha.uz ushbu jamlanmada Toshkentda xamirli taomlar tayyorlaydigan kafelarni bir yerga jamladi.