Uzoq kutilgan Burger King restoraniga obzor

16-dekabr kuni Alpomish muz saroyida va oradan roppa-rosa o‘n kun o‘tib, 26-dekabr kuni Tashkent City Mall’da 2021-yildan beri intizorlik bilan kutilgan Burger King tezkor ovqatlanish kafelar tarmog‘i ochildi.
Beruniydagi zal taxminan 100 o‘ringa mo‘ljallangan. Devorlar bo‘ylab 6 kishilik stollar bilan divanlar, zalning o‘rtasida to‘rt kishilik stol va oddiy stullar joylashtirilgan, biroq stollarni oson surish mumkin, bu esa katta guruhlar uchun qulay. Derazalar yonida baland stollar va bar stullari o‘rnatilgan.

Zalning oʻzi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, kirish ikkita: biri metro tomondan, ikkinchisi avtobus bekati tomondan. Ikkala kirish joyida ham ikkitadan onlayn kassa bor, ammo ular hozircha ishlamayapti.
Buyurtma berish va kutish joyi vizual va jismonan o‘tirib ovqatlanish joylaridan ajratilgan, shu sababli asosiy zal hatto ko‘p sonli mehmonlar kelganda ham tartibsiz ko‘rinmaydi. Butun maydonda ingliz tilidagi chiroqli yozuvlar joylashtirilgan bo‘lib, ularda brendning asos solingan yili, koʻpchillikka tanish boʻlgan taomlari va “FLAME GRILLING SINCE 1954” degan asosiy ibora mavjud. Bu ibora tashrif buyuruvchilarga “Burger King"da taomlar ochiq olovda tayyorlanishini eslatib turadi.

Zalda yaxshi havo almashtirish tizimi mavjud boʻlib, ovqat va yog' hidi kiyimlarga oʻrnashib qolmaydi. Shuningdek, xodimlar tomonidan tez-tez tozalanadigan bir nechta maxsus tozalash punktlari mavjud, shuning uchun yoqimsiz hidlar bilan bogʻliq muammolar yoʻq.
Navbatlar uzun, ayniqsa soat 20:00 dan keyin. Soat 18:30 da navbat qisqaroq edi; biz taxminan 15 daqiqa kutdik va buyurtmamiz roppa-rosa 10 daqiqada tayyor boʻldi. Uzoq navbat sizni xavotirga solmasin; kassadagi xodimlar mijozlarga yoʻnaltirilgani va buyurtmangiz hamda toʻlovingizni tezda qabul qilgani uchun navbat juda tez keladi.

Menyuda: 2 xil roll’lar, 8 turdagi burger va longer’lar bor — bitta taomning o‘rtacha narxi 40 000 so‘m atrofida, 8 xil kombo — 41 000 so‘mdan 218 000 so‘mgacha, 2 o‘lchamli qovurilgan kartoshka, 2 o‘lchamli piyoz halqalari, 2 o‘lchamli naggetslar va boshqa tez ovqatlanish tarmoqlaridagi kabi odatiy ichimliklar va Heinz brendi souslari mavjud.
Piyoz halqalari kichik va qarsildoq. Roll’lardagi kotlet ochiq olovda pishirilgani sababli yengil ta’mga ega. Chizburger’ning ta’mi an’anaviy, lekin hajmi o‘rtachadan kichikroq, qovurilgan kartoshka esa aksincha — katta porsiyalarda keladi.

Lekin odamlar bu yerga asosan Burger Kingʻning eng mashhur burgeri boʻlgan Vopper uchun keladi. Maxsus burger oʻz nomini Amerika reklamalarida ishlatiladigan “Whopper Whopper” jinglidan olgan va “Whopper” soʻzi ingliz tilida ham gʻayrioddiy katta buyumni tasvirlash uchun ishlatiladi. U mol goʻshti kotleti, maxsus mayonez sousi, yangi pomidor va piyoz halqalari boʻlaklari, tuzlangan bodring boʻlaklari, salat bargi va kunjut nonidan iborat. Vopper’ning narxi 43 000 so‘m, 72 000 so‘mlik set ham bor.

Tashkent City Mall’dagi Burger King filiali uchinchi qavatda, fud-kortning markazida joylashgan. Bu yerdagi navbat avvalgisidan ham uzunroq va shovqin hali ham pasaymagan, bu esa, ayniqsa, qoʻlda patnis bilan harakatlanishni qiyinlashtiradi.
Hozircha mahalliy filiallarda tarmoqning to‘liq menyusi taqdim etilmagan. Dengiz mahsulotlari va qo‘ziqorinli taomlar, maxsus ichimliklar va shirinliklar hali yo‘q. Biroq boshlash uchun tovuq va mol go‘shtidan tayyorlangan taomlar yetarlicha mavjud.