"Osh boʻlsin": tabiat va milliy taomni birlashtirgan "Minor osh" kafesi haqida

Toshkentda havo isib, yoz nafasi sezila boshlagani sari, shahar shovqinidan qochib, suv bo‘yidagi salqin maskanlarga intilish odatiy holga aylanadi. Biroq jazirama yaqinlashayotgani bilan osh yeyishga bo‘lgan xohish soʻnmaydi.
Aynan shu ikki xohishni — tabiiy salqinlik va milliy taomni birlashtirgan “Minor” kafesi Afisha.uz'ning “Osh bo‘lsin” ruknidagi navbatdagi manzil boʻldi. Quyida ushbu kafe haqida soʻz boradi.

“Minor osh” markazining eng asosiy ustunliklaridan biri uning joylashuvidir. Kafe Minor masjidining ro‘parasida, anhor bo‘yida joylashgan bo‘lib, katta yoʻlga yaqin boʻlishiga qaramay, bu yerda o‘zgacha hukm suradi. Eng yaqin metro bekati — “Bodomzor” bo‘lib, undan chiqib bir necha daqiqalik piyoda yo‘l bosib manzilga yetib kelish mumkin.
Tashrif buyuruvchilar uchun asosiy joy Anhorning shundoqqina yonida joylashgan. Suvning shildirashi va yengil shabada taomlanish vaqtida hamrohlik qiladi.

Bu yerga kelgan xoʻrandalar nafaqat manzaradan, balki osh tayyorlanish jarayonidan ham bahramand bo‘lishi mumkin. Ular ulkan qozonlarda pishirilayotgan oshga koʻzi tushadi. Personal ham tashrif buyuruvchilarga samimiy munosabatda boʻladi. Umuman olganda “Minor osh"dagi shinamlik sababi oddiy: did bilan bezatilgan stollar va tezkor xizmat buni ta’minlaydi.

Bu yerda ikki xil osh tayyorlanadi. Ularning narxi oʻrtachadan biroz balandi. Xususan, toʻy oshining bir porsiyasi 55 000 soʻm. Choyxona oshi ham shu narxda. 0,75 porsiyalarning narxi esa 53 000 soʻmni tashkil qiladi. Kafeda qaynatma shoʻrva ham taklif etiladi. Uning narxi 45 000 soʻm.
Bundan tashqari, osh uchun bir qancha qoʻshimchalar mavjud. Bular:
- qoʻshimcha goʻsht — 30 000 soʻm;
- qazi — 11 000 soʻm;
- bedana tuxumi — 2000 soʻm.

Kafeda taklif etiladigan salatlar ham koʻp emas, ammo ishtahani ochadi. Bahor salati — 15 000 soʻm, oshni bularsiz tasavvur qilib boʻlmaydigan achchiq-chuchuk, tuzlangan bodring va tomatli assorti salatlari esa 20 000 soʻmdan. Shuningdek, 5000 soʻmdan 15 000 soʻmgacha choy va sharbatlar 8000 soʻmga non olish mumkin.

Osh muxlislari Toshkent toʻy oshini “yaxshi tayyorlaydigan” joylar koʻp emasligini ta’kidlaydi. “Minor osh” esa an’analariga sodiq ekanini ko‘rsatadi. Bu yerda palov asosan saralangan guruchdan tayyorlanadi, bu esa uning yengil bo‘lishini ta’minlaydi. Porsiyalar biroz kichikroq tuyuladi, biroq osh kamlik qilmaydi.
Shuningdek, toʻy oshidan (toʻgʻrirogʻi, istalgan oshda) goʻsht asosiy oʻrinda turadi. Kafeda taklif etiladigan oshda goʻsht koʻp ham, kam ham emas, standart holatda deyish mumkin. Choyxona palov ham maromida, biroq oshga qoʻshimcha sifatida tortiladigan jizzaning kamligi biroz dilni xira qilishi mumkin. Sifat va narx mutanosibligi, bunday lokatsiyani hisobga olganda, o‘rinlidir.

Tushlik vaqti boʻlishiga qaramay, tashrif buyuruvchilarga joy yetmay qolmaydi. Shuningdek, buyurtmalar ham oʻzini koʻp kuttirmaydi.

Xulosa qilib aytganda, “Minor osh” kafesi — poytaxtning gavjum nuqtalaridan charchagan, ammo milliy taomdan voz kechishni istamaydigan insonlar uchun ajoyib maskan.
Garchi narxlar o‘rtachadan biroz balandroq va ayrim qo‘shimchalar (masalan, jizza) kutilganidan kamroq bo‘lsa-da, lokatsiyaning qulayligi va taomning sifati bu kamchiliklarni yuvib ketadi. Agar tashrif buyuruvchilar uchun ham mazali osh, ham so‘lim manzara muhim bo‘lsa, ushbu maskan aynan “Osh bo‘lsin” deyish uchun munosib joydir.

“Minor osh” kafesi bilan bogʻlanish uchun telefon raqami: (+998) 99−854−0077.