"Mushtum Makon": Retro muhit va jaydari burgerlar kafesidan reportaj

E’lon qilingan sana· 227
"Mushtum Makon": Retro muhit va jaydari burgerlar kafesidan reportaj

Toshkentning gastronomik xaritasi so‘nggi yillarda turli-tuman konseptual loyihalar bilan boyib bormoqda. Ammo Buxoro ko‘chasidagi “Sharq” nashriyoti binosida ochilgan yangi “Mushtum Makon” kafesi o‘zining konsepsiyasi, nostalgik ruhi va taklif etayotgan taomnomasi bilan boshqa manzillardan ajralib turmoqda.

Afisha.uz muharriri ushbu maskanda bo‘lib, uning yaratilish tarixi, atmosferasi va gastronomik o‘ziga xosligi bilan qiziqib, loyiha asoschisi Diyora Karimova bilan suhbatlashdi.

Kafe nomi tasodifan tanlanmagan. Ko‘pchilikka ma’lumki, afsonaviy “Mushtum” satirik jurnali uzoq yillar davomida aynan shu manzilda, “Sharq” nashriyoti binosida chop etilgan. Loyiha asoschisi Diyora Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, jurnal nomini olish va maskanni aynan shunday atalishi ramziy ma’noga ega.

“Mushtum” jurnalini “Breadly” restoranlar tarmog‘imiz uchun 3-yildan beri sotib olamiz. Bu mehmonlarimiz uchun mahalliy nashr va madaniy merosimizning bir qismi hisoblanadi. Jurnal nomi hamisha ko‘z oldimizda edi. Ushbu ko‘chadagi loyihamizni ochganimizda, “Sharq” nashriyoti binosida aynan mashhur “Mushtum” jurnali chop etilganini bilardik. Shu sababli, ushbu maskanning tarixi, muhiti va ruhini abadiylashtirish uchun kafeni shunday nomlashga qaror qildik", — deydi Diyora Karimova.

Kafe ma’muriyati jurnal tahririyati bilan yaqin va do‘stona munosabatda bo‘lib, ularni ham kafega faxriy mehmon sifatida taklif etishgan. “Mushtum” nomini shunchaki ramz sifatida qoldirmay, uni oshxona konsepsiyasiga ham singdirishgan.

“Bu juda ramziy: „Mushtum“ musht degani, biz tayyorlaydigan smesh-burger konsepsiyasi esa go‘shtni bosib, ezib tayyorlanishiga juda mos keladi”, — deydi kafe asoschisi.

Shunchaki fast-fud emas

Muallifning ta’kidlashicha, bu yer oddiy taomlanish joyi emas. Loyiha nomidagi makon so‘zi ham alohida ma’noga ega. Bu odamlar tezgina ovqatlanib ketadigan joy emas, balki “soul kitchen” — do‘stlar bilan uchrashadigan, suhbatlashadigan, kitob o‘qiydigan va ruhan hordiq chiqaradigan muhitdir.

“Bu shunchaki burger yoki ovqatlanadigan joy emas, balki eng avvalo makon. Bu yerga do‘stlar bilan kelish, uchrashish, ishlash, kitob o‘qish va o‘sha o‘ziga xos muhitni, soul kitchen his qilish mumkin. Hozirda bu makonni jurnallar, kitoblar, retro musiqa va sozlar bilan boyityapmiz. Kelajakda leksiyalar va madaniy kechalar o‘tkazishni rejalashtirganmiz”, — deya qo‘shimcha qildi loyiha muallifi.

Interyer va musiqa: Bolalik nostalgiyasi

Kafega qadam qo‘yishingiz bilan sizni zamonaviy minimalizm emas, balki iliq o‘zbekona nostalgiya qarshi oladi. Zalda afsonaviy Botir Zakirov va Farruh Zokirov ijrosidagi klassik o‘zbek estradasi qo‘shiqlarining maxsus retro-aranjirovkalari yangrab turadi.

Interyerning eng e’tiborni tartadigan jihati — faneradan ishlangan shift. Ushbu detal o‘zbek xonadonlaridagi an’anaviy shiftlarini va bobo-buvilarimiz hovlisini yodga soladi. Bu yerga tashrif buyurgan katta yoshli mehmonlar ham, yoshlar ham o‘zlari uchun alohida taassurot oladi.

“Birinchi marta onam kelganlarida Botir Zokirov qo‘shig‘i yangrayotgan edi. Onam: “Xuddi o‘z to‘yimda o‘tirgandek bo‘ldim. Bu plastinka va “O‘tkan kunlar"ning 3 tomligi uyimda bor edi”, deb yoshligini esladilar. Katta yoshli odamlar kelib, juda ta’sirlanishyapti. Yoshlar uchun bu o‘tmishimiz va DNKimizning bir qismi ekanini eslatib turuvchi makon bo‘lishini xohlaymiz”, — deya ta’kidladi u.

“Jaydari” smesh-burger va fransuz texnikasi

“Mushtum Makon” menyusini yaratishda Fransiyadagi mashhur Le Cordon Bleu oshpazlik akademiyasi bitiruvchisi, brend-shef Hikmatilla Inog‘omov bosh-qosh bo‘lgan. U yevropacha fast-fud konsepsiyasini milliy ta’mlar bilan uyg‘unlashtirgan.

“Burgerni tishlaganingizda qadrdon hid va tamni his qilasiz — tarkibida zira, yumshoq piyoz va sara go‘sht bor. Bu odatdagi yevropacha taomning o‘zbekcha usulda taqdim etilishidir. Tashrif buyuradigan sayyohlar Toshkentda faqat osh yoki somsa bilan emas, yevropacha taomlarni ham o‘zimizning talqinda qila olishimizni ko‘rishlarini istaymiz”, — dedi u.

Afisha.uz tavsiya qiladi

Kafening bosh vizit kartochkasi — “Jaydari” smesh-burger. U odatdagi burgerlardan farqli o‘laroq, go‘shtiga milliy ziravorlar — zira, yumshoq piyoz va sara go‘sht qo‘shiladi. Tishlaganingizda qadrdon o‘zbekona taomlar ta’mi keladi. Tarkibi maxsus bulochka, qayla, mol go‘shtidan kotlet, pishloq, bodring va ziravorlardan iborat. Ichimliklardan esa o‘rik sharbati yoki ayron munosib variant bo‘loladi.

Qolaversa, har xil turdagi mol va tovuq go‘shtli smesh-burgerlar, tandir tovuq solingan nonli burgerlar, shuningdek, kartoshka-fri, motsarella tayoqchalari va ezilgan bodring kabi gazaklardan yeb ko‘rish mumkin (to‘liq menyuni ko‘rish).

Ichimliklardan esa yana bubble tea, milksheyk, ko‘k choy va salqinlantiruvchi gazlangan ichimliklardan ichib ko‘rish mumkin.

Yetkazib berish va kelajakdagi rejalar

Kafe 10-iyul kuni ochilgan bo‘lishiga qaramay, allaqachon shaharliklar orasida trendga aylanib ulgurdi. Yaqin bir hafta ichida yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, noyabr oylariga borib shaharning tarixiy qismlarida, xususan, Chorsu, Hazrati Imom hamda Samarqand va Buxoro kabi turistik shaharlarda yangi filiallar ochish rejalashtirilgan.

Manzil: Toshkent shahri Buxoro ko‘chasi 26-uy (Shavi kafesi yonida);
Telefon: (+998) 78−707−1923.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling