Tbilisidan Toshkentga: poytaxtda ochilgan gruzin qahvaxonasi — “Shavi” haqida

E’lon qilingan sana: · 198
Tbilisidan Toshkentga: poytaxtda ochilgan gruzin qahvaxonasi — “Shavi” haqida
Foto: Shohruh Haydarov

Toshkentda qahva madaniyati so‘nggi yillarda ancha rivojlandi, ammo poytaxtda ochilgan “Shavi Coffee Roasters” makoni bu sohaga yangi nafas va yevropacha professionallik olib kirdi, deyish mumkin. Gruziyaning Tbilisi shahrida asos solingan va qisqa fursatda Yevropaning eng yaxshi 100 ta qahvaxonasi ro‘yxatiga kirgan ushbu brend nega aynan Toshkentni tanladi? Bu yerdagi qahvaning siri nimada va mehmonlar bu makonga qanday baho berishmoqda?

Afisha.uz muxbiri “Shavi” qahvaxonasida bo‘lib, uning asoschisi Tibo, barista Sevara hamda mijozlardan biri — avstraliyalik Gebbi bilan suhbatlashdi.

Gruziyadan O‘zbekistonga: Nega aynan Toshkent?

Brend nomidagi “shavi” so‘zi gruzin tilidan tarjima qilinganda “qora” degan ma’noni anglatadi. Tbilisidagi muvaffaqiyatdan so‘ng, jamoa nima uchun aynan Toshkentni tanlagani ko‘pchilik uchun qiziq.

“Shavi Coffee Roasters” asoschisi Tibo Flamanning so‘zlariga ko‘ra, hammasi Tbilisida do‘sti bilan qahva ichib o‘tirgan oddiy bir kundan boshlangan. Do‘sti unga Toshkentdagi startapi haqida gapirib, O‘zbekistonga kelib ketishni taklif qilgan. Shaharga ilk bor qadam bosgan Tibo Toshkentning yashil bog‘lari, qushlari va eng muhimi, mahalliy odamlarning begona insonga bo‘lgan samimiy munosabatiga oshiq bo‘lib qolganini ta’kidlaydi.

“Keyinchalik bu yerga tez-tez kelib turdim. Har safar kelganimda shaharda nimadir yaxshi tomonga o‘zgarganiga guvoh bo‘lardim. Marketing tadqiqotlaridan ko‘ra aynan shu omil meni ko‘proq ishontirdi. Har safar ko‘rganingizda ko‘z oldingizda rivojlanayotgan joy kelajakka tikilgan eng yaxshi sarmoyadir. Fevralda esa ayolim va chaqalog‘imiz bilan shu yerga ko‘chib o‘tdik va bu qarorimizdan juda xursandmiz”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, Toshkentdagi ochilish Tbilisidagiga qaraganda ancha yengil kechgan, chunki jamoa 5-yillik tajribaga ega edi. Shuningdek, iyun oyida 5000 dan ortiq makonlar orasidan Yevropaning 100 Best Coffee Shops ro‘yxatida 33-o‘rinni egallashgani ham jamoa tanlagan yo‘l to‘g‘ri ekanini isbotlaydi.

Tarmoq konsepsiyasi: “Biz qahvani o‘zimiz qovuramiz”

“Shavi"ning bosh tamoyili — qahva ta’mini birovning qaroriga topshirib qo‘ymasdan, uni noldan o‘zlari yaratishidadir. Tibo ular qahvani nomma-nom biladigan fermerlardan sotib olishlarini alohida urg‘ulaydi. Ferma nomi, hudud, qahva navi va qayta ishlash usulining barchasi qahva paketlarida ochiq ko‘rsatiladi.

“Biz qahva donlarini nomma-nom biladigan fermerlarimizdan sotib olamiz. Ferma, hudud, qahva navi va qayta ishlash usuli — barchasi qahva paketiga yoziladi va baristamiz bu haqda sizga to‘liq so‘zlab bera oladi. Biz uchun fermerlar shunchaki yetkazib beruvchi emas, teng huquqli hamkorlardir. Avgust oyidan beri qahvani Toshkentning o‘zida qovurmoqdamiz. Uskunamiz iyul oyida keldi va bosh qovuruvchimiz Tbilisidan kelib, jamoani o‘qitdi. Paketlardagi „Toshkentda qovurilgan“ degan yozuv shunchaki marketing emas, balki bu shahardagi qahvaxona 4 hafta oldin emas, 4 kun oldin qovurilgan qahvani tortiq qila olishini anglatadi”, — deydi Tibo Flaman.

E’tiborli jihati shundaki, “Shavi” Tbilisi menyusini Toshkentga shunchaki ko‘chirib qo‘ya qolmagan. Masalan, Navro‘z bayrami uchun maxsus “Sumalak” (Sumalak blend) qahva aralashmasi yaratilgan. Unda yong‘oqsimon ta’m beruvchi Brazil Mogiana Gold, shirinlik beruvchi Grape Soda va tungi qahvaxo‘rlik uyquni qochirmasligi uchun Kolumbiya dekaf (kofeinsiz qahva) jamlangan.

Barista: “Shavi"ning “vizit kartochkasi” — bu uning qahva donlari

Qahvaxonada barista bo‘lib ishlovchi 20 yoshli Sevara Madaminovaning aytishicha, bu makonga keluvchilarning didi boshqa joylardan ajralib turadi.

“Men bu sohada 3 yildan beri ishlagan bo‘lsam, “Shavi"da mart oyi — ochilish kunidan beri faoliyat yuritaman. Bu yerning asosiy “vizit kartochkasi” — bu qahva donlaridir. Bizda 100 foizlik arabika ishlatiladi va har hafta espresso uchun donlar o‘zgarib turadi. Shu sababli barcha ichimliklarimizni eksklyuziv deyish mumkin.

“Shavi” so‘zi “qora” degan ma’noni anglatgani uchun ham, bu yerda mehmonlar asosan qora qahva buyurtma qilishadi: filtr-qahva, voronka, aeropress va cold brew. Aksariyat joylarda bunday turdagi qahvalarni har kuni har xil donda va xushxo‘r qilib tayyorlab bera olishmaydi. Vitrinadagi desertlarimizga kelsak, ularning barchasi Gruziniyadagi “Shavi” retseptlari bo‘yicha tayyorlanadi, shuning uchun hammasi o‘ziga xos va eksklyuziv hisoblanadi", — deya qayd etdi u.

Xorijlik mehmon: Markaziy Osiyoda o‘z qahvasini o‘zi qovuradigan joylar kam, “Shavi” shulardan biri

Qahvaxonada kofe ichib o‘tirgan avstraliyalik 22 yoshli Gebbi bilan suhbatlashganimizda, u makonga ixtisoslashgan “roastery” (qahva qovuruvchi joy) bo‘lgani uchun kelganini ta’kidladi.

“Men bu joyni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdim va yaxshi sharhlarga duch keldim. Markaziy Osiyoda o‘z qahvasini o‘zi qovuradigan joylar kam uchraydi. O‘zingiz bilasiz, Avstraliyada qahva madaniyati juda yuqori darajada rivojlangan, shuning uchun Toshkentda ham sifatli qahva topgim keldi.

Qahvaning ta’miga 10 balldan 8 ball, makonning muhiti va musiqalariga esa 9 ball beraman. Juda xotirjam va yoqimli muhit. Shaxsan o‘zimga hech qanday shakar, sirop va shirinlashtiruvchilarsiz oddiy sovuq sharbatli Ice Latte yoqadi — aynan shuni tavsiya qilgan bo‘lardim", — deya qo‘shimcha qildi Gebbi.

“Hech kim kutmagan holat”

Toshkentliklarning qahvaxonaga bo‘lgan munosabati haqida gapirganda, Tibo Flaman jarayonning bunchalik tez kechgani ularni hayratda qoldirganini yashirmaydi. Ular dastlabki bir necha oy sokinroq o‘tishini kutishgan, ammo shahar jamoatchiligi ularni darhol o‘z bag‘riga olgan.

“Hech birimiz kutmagan va bizni hayratda qoldirgan narsa — mehmonlarning xodimlarimizga ismini aytib tashakkur bildirishi bo‘ldi. Shunchaki „yaxshi xizmat uchun rahmat“ emas, balki ichimlikni tayyorlagan baristaning ismini aytib minnatdorchilik bildirishadi. Bu holat Tbilisidagi qahvaxonalarimizga qaraganda Toshkentda juda ko‘p sodir bo‘ladi va bu bar rastasi haqidagi qarashlarimizni tamomila o‘zgartirib yubordi”, — deya so‘zlab berdi u.

Bundan tashqari, Tibo bu yerda filtr-qahva sotilishi rejadagidan juda yuqori bo‘lganini va odamlar menyudagi “degustatsiya to‘plami"ni (espresso va ikki xil filtr-qahva) yonma-yon qo‘yib, ta’mlarni solishtirish uchun faol buyurtma qilishayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Menyuda nimalar bor?

“Shavi"ning menyusi bilan tanishganda, birinchi navbatda, qahva turlarining aniq va tushunarli ajratilgani e’tiborni tortadi. Makon asosan “qora qahva” ixlosmandlariga moʻljallangani uchun ham menyu avvalida espresso (28 000 — 30 000 soʻm), amerikano (30 000 soʻm) va klassik filtrllangan qahvalar (35 000 — 40 000 soʻm) turadi.

Sutli ichimliklarni afzal koʻradigan mehmolar uchun kortado (35 000 soʻm), flet uayt (38 000 soʻm), kapuchino (40 000 — 45 000 soʻm) va latte (45 000 soʻm) mavjud. Issiq kunlarda esa salqinlik ulashuvchi cold brew (35 000 soʻm), espresso-tonik (50 000 soʻm) va muzli latte (45 000 soʻm) kabi sovuq ichimliklar taqdim etiladi.

Qahva ichmaydigan mehmolar uchun ham tanlovlar yetarli: matcha (50 000 — 55 000 soʻm), qovurilgan koʻk choydan tayyorlanadigan hojicha (50 000 — 55 000 soʻm), kakao (40 000 soʻm) va klassik limonadlar (42 000 soʻm).

Tashrif buyuruvchilar uchun Top-4 tavsiya va muhim qoida

Agar siz “Shavi"ga birinchi marta borayotgan bo‘lsangiz, asoschi Tibo quyidagilarni sinab ko‘rishni tavsiya etadi:

  • Coffee set: Yonma-yon tortiq qilinadigan bitta espresso va ikki xil filtr-qahva. Bu o‘z didingizni aniqlab olishning eng tezkor yo‘li;
  • Batch brew: Baristadan bugungi kun qahvasi va u nega tanlangani haqida so‘rang;
  • Flat white: Qovurish sifatini aniqlab beruvchi haqiqiy sinov ichimligi;
  • Cherry pie: Odatdagidek shirin emas, balki gruzinchasiga nordonroq va filtr-qahva bilan ideal moslashadi.

Birinchi tashrifdan oldin bilishingiz kerak bo‘lgan muhim qoida shundiaki, “Shavi"da o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish (self-service) tizimi amal qiladi — ichimliklarni bar rastasidan o‘zingiz olasiz. Agar barista yoki xodim uni stolingizga keltirib bersa, bu shunchaki ularning samimiy mehribonligidir.

“Shavi” shunchaki qahvaxona emas, balki Toshkent qahvaxorlarini birlashtiruvchi makonga aylanib bormoqda. Bu yerda tez-tez “Supra Shanba” kabi musiqiy kechalar uyushtiriladi.

Hozirda brendning Toshkentda ikkita filiali faoliyat yuritmoqda (ulardan biri Shota Rustaveli ko‘chasi, 43-uy manzilida joylashgan, yana biri Buxoro ko‘chasi 26-uyda). Tiboning ta’kidlashicha, ular shunchaki mehmonxona vestibyulidagi rastani emas, balki o‘z tarixi va “ruhiyati"ga ega bo‘lgan binolarni qidirishda davom etmoqda.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling