“CHILLa Coffee”: Toshkentda kafe va hunarmandchilikni birlashtirgan art-makon haqida

Toshkent shahridagi Navro‘z bog‘ining sokin burchagida, baland minora yonida ochilgan “CHILLa Coffee by Potters” shaharliklarga osoyishta va so‘lim kayfiyat taqdim etayotgan yangi maskanlardan biriga aylandi. Bu yer shunchaki qahva ichib ketadigan odatiy qahvaxona emas, balki mualliflik ustaxonasi, milliy an’analar, qo‘l mehnati va “slow living” (shoshmaslik) falsafasini birlashtirgan art-makondir.
Afisha.uz muxbiri ushbu qahvaxonada bo‘lib, loyiha asoschilari — polshalik Yuliya Muhiddinova-Djimala, uning turmush o‘rtog‘i Yusufbek Muhiddinov va kulol Otabek G‘aybullayev bilan suhbatlashdi.

Polshadan Toshkentga: Loyiha qanday paydo bo‘ldi?
Loyiha hammuassisi, 27 yoshli Yuliya Muhiddinova-Djimala Polshadan O‘zbekistonga ikki yil avval ko‘chib kelgan. Uning aytishicha, hammasi xorijlik sayyohlarga O‘zbekistonning boy hunarmandchilik merosini ko‘rsatishga qaratilgan “Craft and Culture” turistik loyihasidan boshlangan.
“Biz sayyohlarni mahalliy ustaxonalarga olib borib, ularga o‘z qo‘llari bilan loydan buyum yasash tajribasini ulashardik. Birinchi hamkorlik qilgan ustamiz aynan kulol Otabek G‘aybullayev bo‘lgan. Vaqt o‘tib, sayyohlarga ko‘rsatayotgan bu go‘zallikni mahalliy aholiga ham yaqinroq qilish va unga zamonaviy qahvaxona formatini qo‘shish g‘oyasi tug‘ildi. CHILLa ana shunday paydo bo‘lgan”, — dedi Yuliya.

Yuliya va Yusufbekning tanishuvi ham o‘ziga xos. Yusufbek asli farg‘onalik bo‘lib, Polshada mehmonxona boshqaruvi sohasida tahsil olgan. Aynan o‘sha yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Yuliya bilan tanishib, oila qurishgan va to‘yni Farg‘onada o‘tkazishgan. Ikki yil avval ular Polshadan O‘zbekistonga ko‘chib kelishgan va shu yerda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishgan.
Yusufbekning ta’kidlashicha, jamoada vazifalar aniq bo‘lingan: Otabek — makonning “yuragi” va barcha detallarni yaratuvchi usta, Yusufbek — biznes va avtomatizatsiya uchun javobgar, Yuliya esa konsepsiya va marketingga mas’ul.
“CHILLa” aslida nimani anglatadi?
Ko‘pchilik bu nomni yozning chillasi yoki shunchaki inglizcha chill (hordiq chiqarish) so‘ziga bog‘laydi. Ammo loyiha mualliflari uchun bu nom ancha chuqurroq ma’no kasb etadi.
Yuliyaning so‘zlariga ko‘ra, ertalab qahva ichish alohida sokin ritual. Shuningdek, sufiylik falsafasida ham chilla (40 kunlik) tashqi shovqindan uzoqlashish, poklanish va xotirjamlik davrini anglatadi. Shu tariqa “CHILLa"ni shaharning shiddatli ritmidan bir oz uzilib, hordiq chiqarish uchun yaratilgan makon, deyish mumkin.

“O‘zbekistonga kelib chilla tushunchasi haqida eshitganimda, bu konsepsiya menga juda yoqqandi. Ko‘pchilik uchun issiq qahva ichish har kuni ertalab bajariladigan muhim ritual bo‘lsa kerak. Shunga bu nom qalbimga juda yaqin tuyuldi. Qolaversa, biz xorijliklar uchun aytishga va eslab qolishga oson nom qidirgandik. Inglizchadagi chill so‘zi bilan ham hamohang keladi. Ya’ni bu yerga kelib, tinchlanish va yaxshi hordiq chiqarish mumkin”, — dedi Yuliya.
“Minimalizmdan voz kechdik”
“CHILLa Coffee” me’moriy tuzilishi jihatidan oddiy qahvaxonalardan biroz farq qiladi. U ikki qavatdan iborat, bir nechta funksional hududlarga bo‘lingan makon. Kirish qismida mehmonlarni bar rastasi, qo‘lda yasalgan loy buyumlar va rang-barang idishlar tizilgan vitrinalar kutib oladi. Markaziy zaldagi o‘zbekona o‘ymakorlik san’ati aks etgan baland yog‘och ustunlar, yorqin ko‘k divan, sharqona gilamlar hamda devordagi yulduzsimon naqshli katta ko‘zgu makonga alohida chiroy bag‘ishlaydi.
Birinchi qavatning ichkarisida kulolchilik bo‘yicha amaliy master-klasslar o‘tkaziladigan maxsus xona, ijodiy jarayonlar va fotosessiyalar uchun mo‘ljallangan burchaklar joylashgan. Bu yerda tizib qo‘yilgan turli-tuman sirlangan xumlar, ko‘zalar va ko‘rgazmali buyumlarni tomosha qilish mumkin.

Ichkaridagi tik yog‘och zinalardan ko‘tarilinsa, Navro‘z bog‘iga va atrofdagi so‘lim manzaraga ochiladigan ikkinchi qavatdagi ochiq terrasaga chiqiladi. Tabiiy somon shift, harir pardalar, yog‘och to‘siqlar va milliy matolar bilan bezatilgan kreslolar bu yerda haqiqiy sharqona chill va xotirjamlik muhitini yaratadi.
Interyerga sinchkovlik bilan qaralsa, bu yerdagi xonalar va yog‘och ustunlar o‘zbekona qadimiy uylarning aniq nusxasi ekaniga guvoh bo‘lasiz. Otabekning ta’kidlashicha, tepaga chiqadigan zinalar kimgadir biroz tik yoki noqulay ko‘rinishi mumkin, ammo bu milliy uylardagi haqiqiy tarixiy koloritni aks ettiradi. Kelgan mehmonlar erinmasdan shu zinalardan ko‘tarilib, Navro‘z bog‘iga go‘zal manzara ochiladigan sokin terrasada soatlab o‘tirishni va hordiq chiqarishni juda yaxshi ko‘rishadi.

“CHILLa Coffee by Potters"ning shakllanishi odatiy kafe ochilishidek bir necha oyda kechgan emas. Bu yer shu kungacha kulol Otabek G‘aybullayevning shaxsiy art-studiyasi sifatida 5 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. Qahvaxonadagi har bir dekor va sokin atmosfera ortida ustaning 5−6 yillik ijodiy mehnati va yiqqan bebaho xazinasi yotibdi. Bundan tashqari, stullar va mebellar ham Yangiobod eski buyumlar bozoridan qidirib topilgan.
“Hozir hamma joyda minimalizm yoki Skandinaviya uslubi urfda. Biz esa odamlar kelib o‘zbekligimiz va milliy estetikadan faxrlanadigan muhit yaratgimiz keldi. Bar rastasi, qoplamalar va plitkalarni yotqizish ishlarining 90 foizini o‘z qo‘limiz bilan bajarganmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Yusufbek.

Menyuda nimalar bor?
Kafega tashrif buyurgan mehmonlar uchun ichimliklar va shirinliklar borasida qiziqarli va rang-barang tanlov taqdim etiladi. Agar issiq qahvani xush ko‘rsangiz, bu yerda klassik espresso, amerikano, kappuchino, flet uayt yoki latte buyurtma qilishingiz mumkin. Issiq kunlarda salqinlanish uchun esa muzli amerikano, latte va tonik espresso mos keladi. Qahva ichmaydigan mehmonlar uchun oddiy choy, issiq shokolad yoki salqin limonad ham mavjud.

Standart qahvalardan qochish uchun maxsus menyu ham bor. Xususan, issiq ichimliklardan xolvali kappuchino, kurkuma va asalli latteni, salqin mualliflik ichimliklari sifatida esa anorli cold brew, sitrus va qahva miksi bo‘lgan cold brew bumble yoki tabiiy xurmoli latteni tanlashingiz mumkin.
Qahva yoniga mukammal hamroh sifatida uy uslubida pishirilgan shirinliklardan yeyish mumkin. Menyuda klassik shokolad bo‘lakli Chocolate Chip, noodatiy va milliy ta’mdagi qurtli, xolvali, pistali hamda yong‘oqli pechenelar o‘rin olgan.
Yuliyadan maxsus tavsiyalar:
“Biz “CHILLa"da nafaqat klassik qahvalarni, balki milliy ta’mlar va sharqona ingrediyentlar bilan boyitilgan mualliflik ichimliklarini ham taqdim etishga harakat qildik. Birinchi marta kelayotgan mehmonlarga shaxsan o‘zim quyidagilarni tatib ko‘rishni tavsiya qilaman:
Pomegranate Iced Cold Brew — bu mening eng sevimli ichimligim! U Dune Coffee bilan kollaboratsiyada yaratilgan bo‘lib, anor va malina notalariga ega. Uni odatdagi muzli kofega berilgan juda qiziqarli va salqinlatuvchi sharqona ta’mga ega, deyish mumkin.
Halva Cappuccino — bu mening shaxsiy mualliflik g‘oyam edi. An’anaviy o‘zbek xolvasining mayin, yong‘oqli ta’mi va qahva alyansi juda yoqimli kayfiyat bag‘ishlaydi.
Iced Date Latte — xurmo va sut asosidagi, tarkibida umuman qo‘shimcha shakar bo‘lmagan tabiiy shirin ichimlik.
Pistachio Cookie — pechenelarimizni Toshkentdagi mahalliy qandolatchi biz uchun maxsus pishirib beradi. Menga aynan shu juda yoqadi."

Kulolchilik bo‘yicha master-klass
Kulolchilik master-klasslari “CHILLa"ga faqatgina mazali qahva ichish yoki shirinliklardan bahramand bo‘lish uchun emas, balki vaqtni mazmunli o‘tkazib, o‘z ijodkorligingizni sinab ko‘rish imkoniyatini beradi. Chunki bu yer shunchaki qahvaxona emas, balki “Chilla by Potters” art-makonidir. Bu yerda har kuni kulolchilik bo‘yicha amaliy master-klasslar o‘tkaziladi (davomiyligi: 1 soat, narxi: 250 000 so‘m, barcha xomashyolar va keyingi ishlov berish xizmatlari narx ichiga kiradi).
Mehmonlarga loy beriladi. O‘z qo‘lingiz bilan yasagan buyumingiz pechda ikki marta pishirilib, tanlangan rangga bo‘yalgach, 1 haftadan so‘ng tayyor holda topshiriladi.

Keyingi rejalar
Loyiha mualliflari Toshkentda ikkinchi filial ochishga shoshilmayapti, chunki Navro‘z bog‘idagi muhitni boshqa joyda qayta tiklash qiyin. Ammo keyingi yili Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarda yangi nuqtalar ochish rejalashtirilmoqda. Eng qizig‘i, u yerdagi filiallar boshqa yo‘nalishlarga moslashtiriladi, masalan, “CHILLa by Suzani” yoki “CHILLa by Gold Embroidery” nomi ostida ish boshlashi mumkin.
Mo‘ljal: Navro‘z bog‘i (Labzak 12A/1, Xorazm ko‘chasi, minora yonida).
Ish vaqti: 10:00 — 22:00.