Toshkentda to‘y uchun restoranni qanday tanlash mumkin: 10 ta muhim mezon

Bir kishi uchun 200 ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha bo‘lgan narxlar, 60 nafar mehmon uchun mo‘ljallangan kichik zallar va bir necha yuz kishini sig‘dira oladigan keng maskanlar. Toshkentda to‘y o‘tkazish uchun joy tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi va nega restoranlarni faqat menyu narxi bo‘yicha solishtirish to‘g‘ri emasligini ko‘rib chiqamiz.
Restoran to‘y byudjetidagi eng katta xarajat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ayni paytda to‘yga tayyorgarlik jarayonida birinchi hal qilinadigan masalalardan hisoblanadi. Tanlangan joy nafaqat ziyofat narxiga, balki mehmonlar soni, ularni joylashtirish tartibi, bezaklar, dastur va butun kecha davomidagi qulaylikka ham ta’sir qiladi.
Toshkentda tanlov imkoniyatlari keng. Masalan, Visol oqshomi’da banket xizmati bir kishi uchun 200 ming so‘mdan, Seoul Banquet Hall’da 390 ming so‘mdan, Versal’da 800 ming so‘mdan boshlanadi. InterContinental Tashkent’da esa bir mehmon uchun narx 3,3 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Biroq narx — mezonlardan faqat bittasi. Oldindan to‘lov qilishdan avval to‘y o‘tkaziladigan joyni bir nechta jihat bo‘yicha baholash kerak.
1. Mehmonlar soni
Taklif etiladigan mehmonlarning taxminiy soni mos keladigan joylar doirasini belgilaydi. Kichik davradagi to‘y uchun ixcham zalni tanlash mumkin. Masalan, Versal’da 60 nafargacha mehmonni sig‘dira oladigan joy mavjud, Verona & Viacapelloʻning kichik zali esa 50−100 kishiga mo‘ljallangan. Katta to‘ylar uchun boshqa variantlar mos keladi: Elegant 520 nafargacha, Yashnobod 600 nafargacha mehmonni sig‘dira oladi. Versal zallarining umumiy sig‘imi esa 860 kishiga yetadi.

Bunda faqat maksimal sig‘im muhim emas. Stollar joylashtirilgandan keyin sahna, raqs maydoni, bezaklar va mehmonlarning erkin harakatlanishi uchun yetarlicha joy qolishi kerak.
2. Bir mehmon uchun xarajat
Toshkentda banket menyusi narxlari restoran va tanlangan taklifga qarab sezilarli darajada farq qiladi.
Yashnobod’da menyu bir kishi uchun 380 ming so‘mdan, Elegant’da 400 ming so‘mdan, Sarbon Banquet Hall’da esa 420 ming so‘mdan boshlanadi. Santini bir kishi uchun 550 ming, 750 ming va 1 mln so‘mlik variantlarni taklif etadi. Hilton Tashkent City’da esa banket taklifi QQS bilan birga 1,3 mln so‘mdan boshlanadi.

Bir mehmon uchun narxdagi kichik farq ham umumiy budjetga sezilarli ta’sir qiladi. Masalan, 300 kishilik to‘yda har bir mehmon uchun qo‘shimcha 100 ming so‘m xarajat umumiy sarfni 30 mln so‘mga oshiradi.
3. Zal ijarasi
Menyu narxining bir xil bo‘lishi yakuniy xarajat ham bir xil bo‘lishini anglatmaydi. Ayrim restoranlarda zal ijarasi banket taklifiga kiritilgan bo‘lsa, boshqalarida alohida to‘lanadi. Swissôtel'da zalning bir kunlik ijarasi 40 mln so‘mni tashkil etadi, biroq banket menyusiga buyurtma berilganda zal bepul taqdim etiladi. Rooftop Hall’da zalni to‘liq kunga ijaraga olish 187,5 mln so‘m, soat 15:00 gacha ijaraga olish esa 100 mln so‘m turadi. Narxga asosiy texnik jihozlar va xizmat ko‘rsatish kiradi. Ko‘rsatilgan narxlar QQSni hisobga olmagan holda berilgan.

Shu sababli restoranlarni faqat bitta xizmat narxi bo‘yicha emas, balki tadbirning barcha xarajatlarini qamrab olgan dastlabki smeta asosida solishtirish to‘g‘riroq bo‘ladi.
4. Menyu
Banket narxidan tashqari, uning tarkibi ham muhim: taomlarning soni va porsiya hajmi, ularni oldindan tatib ko‘rish imkoniyati, ichimliklar va tortga oid shartlar, shuningdek, individual menyu tuzish imkoniyati.

Masalan, Versal’da individual banket to‘plamini ishlab chiqish mumkin. Rooftop Hall’da mualliflik menyusi tadbir konsepsiyasini hisobga olgan holda bosh oshpaz tomonidan tuziladi. InterContinental Tashkent’ning to‘y taklifiga ikki kishi uchun taomlarni oldindan tatib ko‘rish xizmati kiritilgan. Shuningdek, to‘y sanasi yaqinlashganda mehmonlar sonini o‘zgartirish shartlarini ham oldindan aniqlashtirish kerak.
5. Joylashuv va avtoturargoh
Qulay joylashuv, ayniqsa, o‘nlab avtomobillar deyarli bir vaqtda keladigan katta to‘ylarda muhim ahamiyatga ega. Restoranning qayerda joylashgani, unga olib boruvchi yo‘llar, shaxsiy avtoturargoh mavjudligi va uning sig‘imiga e’tibor berish kerak. Masalan, Seoul Banquet Hall’da 110 ta avtomobilga mo‘ljallangan qo‘riqlanadigan avtoturargoh hamda yana 20 ta mashina uchun alohida xizmat avtoturargohi mavjud.
Agar restoran hududida joy yetarli bo‘lmasa, avtoturargoh yoki mehmonlarni tashish masalasini tashkiliy bosqichdayoq hal qilish ma’qul.
6. Sahna va texnik jihozlar
Boshlovchi, musiqachilar, DJ va san’atkorlar uchun alohida joy hamda texnik uskunalar kerak bo‘ladi. Restoranni band qilishdan avval sahna o‘lchami, ovoz va yoritish uskunalari imkoniyatlari, ekranlar mavjudligi hamda maskandagi cheklovlarni hisobga olish lozim.
Shuningdek, texnik jihozlar umumiy narxga kiritilgan yoki kiritilmaganini aniqlash muhim. Masalan, Renaissance Banquet Hall qo‘shimcha uskunalar narxini alohida ko‘rsatadi: yorug‘lik-musiqa uskunalari — 5 mln so‘m, ekran — 8,5 mln so‘m, ovoz apparaturasi — 2 mln so‘m.

Bunday xarajatlar to‘yning dastlabki smetasini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.
7. Interyer va bezatish imkoniyatlari
Restoran tanlovi keyinchalik bezatish uchun sarflanadigan mablag‘ga bevosita ta’sir qiladi. Santini Yevropa uslubidagi oppoq zali, tirik o‘simliklari va yil davomida ishlaydigan favvorasi bilan ajralib turadi. Yakkasaroy Palace klassik bayramona uslubdagi bir nechta zalni taklif etadi. Ezidyor Gold interyerida esa oltinrang bezak elementlari ustunlik qiladi.
Mavjud bezaklar, shift balandligi, sahnaning joylashuvi va ranglar uyg‘unligi zalni tanlangan konsepsiyaga qanchalik oson moslashtirish mumkinligini belgilaydi. Ayrim hollarda mos interyer qo‘shimcha bezaklar sonini va shunga mos ravishda xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.
8. Suratga tushish uchun joylar
To‘y fotosuratlari faqat maxsus bezatilgan fotozonada olinmaydi. Kadrlarga xoll, zinapoyalar, kirish qismi, terassalar va restoran atrofidagi hududlar ham tushadi. Ayrim mehmonxonalar to‘y takliflariga suratga olish uchun qo‘shimcha joylarni ham kiritadi. InterContinental Tashkent’da fotosessiya uchun lobbi, 17-qavatdagi Ember restoranining terassasi va mehmonxona xonasidan ikki soat davomida foydalanish mumkin. Shuningdek, yangi turmush qurganlarga to‘y kuni mehmonxona xonasi taqdim etiladi.

Hilton Tashkent City’da esa mehmonlarni kutib olish hududi yoki fotosessiya uchun foydalanish mumkin bo‘lgan terassa mavjud.
9. Qo‘shimcha shartlar va xarajatlar
Restoranni band qilishdan avval e’lon qilingan narxga kiradigan barcha xizmatlarning to‘liq ro‘yxatini olish muhim.

Uskunalar, qo‘shimcha soatlar, xizmat ko‘rsatish, ayrim hududlarni ijaraga olish yoki boshqa xizmatlar uchun alohida haq olinishi mumkin. Tadbirni bekor qilish yoki boshqa sanaga ko‘chirish shartlari, shuningdek, band qilingandan keyin narxni o‘zgarmas holda saqlab qolish imkoniyati ham ahamiyatga ega. Masalan, InterContinental Tashkent’da to‘y banketiga buyurtma berilganda zal qo‘shimcha to‘lovsiz taqdim etiladi, tadbirdan bir kun oldin zalni ijaraga olish uchun esa 50 foizlik chegirma beriladi.
Ba’zan dastlabki narxi yuqoriroq bo‘lgan taklif foydaliroq chiqishi mumkin, chunki unga zarur xizmatlarning katta qismi allaqachon kiritilgan bo‘ladi.
10. Band qilish va oldindan to‘lov
Restoran tanlangandan so‘ng sana, zal, mehmonlar soni, narx, menyu tarkibi, oldindan to‘lov miqdori va yakuniy hisob-kitob muddatlari kelishib olinadi. Agar restoran naqd pulsiz to‘lovni qabul qilsa, oldindan to‘lov va to‘y bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni keshbek beradigan bank kartasi orqali to‘lash mumkin. Masalan, TBC Salom Visa kartasi orqali xaridlar uchun to‘lov qilinganda keshbek hisoblanadi. Shu tariqa rejalashtirilgan xarajatlarning ma’lum bir foizini qaytarib olish mumkin.
Tayyorgarlik davrida xarajatlarni nazorat qilishga TBC UZ ilovasidagi Monitoring xizmati yordam beradi. Restoran, bezaklar, fotograf, liboslar va boshqa xizmatlar uchun bir vaqtning o‘zida to‘lovlar paydo bo‘lganda, xarajatlar hisobini yuritish to‘y budjetining umumiy holatini ko‘rib borish imkonini beradi.

Chiroyli interyer tanlovning muhim qismi bo‘lib qoladi, biroq uning o‘zi restoranning qanchalik qulay ekanini belgilamaydi. Sig‘im, menyu, avtoturargoh, texnik imkoniyatlar, qo‘shimcha xarajatlar va band qilish shartlari ham to‘yning qanchalik qulay o‘tishiga ta’sir qiladi. Shu sababli eng maqbul tanlov har doim ham eng hashamatli yoki eng qimmat restoran emas, balki to‘y formati, mehmonlar soni va rejalashtirilgan budjetga mos keladigan maskan bo‘ladi.
Narxlar va shartlar material tayyorlangan vaqtda amalda bo‘lgan va o‘zgarishi mumkin. Dolzarb ma’lumotlarni bevosita restoranlarning o‘zidan aniqlashtirish zarur.
Reklama huquqi asosida.