Ta'mlar izidan: Toshkentda mazali smesh-burgerlarni qayerda tatib ko‘rish mumkin

Smesh-burgerlar tobora ommalashib, Toshkentdagi muassasalar menyusida ham paydo bo‘lmoqda. Bu zamonaviy nom ortida Amerika tamaddixonalarining qadimiy an’anasi turibdi: go‘sht sharchasi qizib turgan pech yuzasiga bosiladi va natijada yupqa, usti qizargan qarsildoq kotlet hosil bo‘ladi. Tahririyat Yandex Goʻning “Сходить” bo‘limi bilan hamkorlikda shahardagi oltita muassasaga borib, mahalliy smesh-burgerlar qanday tayyorlanishi va bir-biridan nimasi bilan farq qilishini o‘rgandi.
Шеф-бургер
Shahardagi burgerxonalar tarmog‘i o‘ziga xos qizil-qora dizayni va go‘shtli qiymalarning katta tanlovi bilan ajralib turadi. C-1'dagi filialda g‘ishtin devorlar, metall va yog‘och qoplamali baland bar peshtaxtalari loft uslubining jiddiy estetikasini namoyon etadi. Devorni logotip va erigan pishloq oqizmalarini eslatuvchi bo‘rtma dekor bezab turadi. Taomnomadan oddiy chizburger ham, piyozli konfityur, qo‘ziqorin va tryufel sousi qo‘shilgan antiqa uyg‘unlikdagi burgerlar ham joy olgan. Burgerlarning nomlari ham o‘zgacha: “Goʻshtxoʻr”, “Poytaxt darbadari”, “Xuddi oʻsha”. Burgerlarga qo‘shimcha sifatida kartoshka fri, pishloqli gazaklar, sutli kokteyllar va shirinliklar taklif etiladi.
Masalliqlari mo‘l-ko‘l solingan anchagina katta smesh-burger: chetlari qizartirib qovurilgan ikkita sersuv mol go‘shtli kotlet, erigan pishloq va sousdan iborat. Bulochkasi smeshning eng yaxshi an’analariga xos tarzda kartoshkadan tayyorlangan, biroq ta’mi juda neytral, shu bois bor e’tibor ichidagi masalliqlarga qaratiladi. Piyoz kichik kubik shaklida to‘g‘ralgan, parrak qilib terilgan tuzlangan bodringlar esa qarsildoqlik va nordon ta’m baxsh etadi. Bu yerda go‘sht, pishloq va sousni ayashmaydi, natijada burger mazaga boy va to‘yimli bo‘lib chiqadi.
Narxi: 76 000 soʻm.
Vokebowl
Vokebowl’ning kichik filiali Mirobod ko‘chasida joylashgan. Hatto bulutli kunda ham bu yerda yozdagidek yorqin muhit hukm suradi: to‘yingan ranglar va ko‘plab o‘simliklar ixcham zalga jon bag‘ishlaydi, noodatiy shakldagi katta oyna esa interyerning asosiy bezagiga aylangan. Havo yaxshi bo‘lsa, kirish eshigi oldidagi girlyandalar ostiga o‘rnatilgan yog‘och o‘rindiqlarda o‘tirish mumkin. Kafe konsepsiyasi boul va voklarga asoslangan: tayyor kombinatsiyalardan birini buyurtma qilish yoki asos, masalliq va sousni tanlab, ma’qul variantni yig‘ish mumkin. Menyuda sho‘rvalar, burrito va smвsh-burgerlar ham bor. Har bir taom uchun kaloriyasi va oqsil, yog‘ hamda uglevod miqdori ko‘rsatilgan, ichimliklar orasida esa mevali limonadlar va smuzilar mavjud.
Menyuda ikki xil: o‘rtacha va katta o‘lchamdagi smesh-burger bor. Kattasi bemalol to‘laqonli tushlik o‘rnini bosa oladi: glyutensiz kartoshkali bulochka ichiga eritilgan pishloqli ikkita sersuv go‘shtli kotlet va koʻp sabzavotlar solingan. Tuzlangan bodringlar yoqimli nordon ta’m beradi, salat bargi qarsillaydi, barra pomidor esa ichidagi masalliqlarni yanada sersuv qiladi. Sous biroz ketchunezga o‘xshab ketadi va go‘sht ta’mini ajoyib tarzda boyitadi. Burger juda to‘yimli, shu bilan birga, sabzavotlar har bir tishlamda sezilarli darajada barra ta’m baxsh etadi.
Narxi: 85 000 soʻm.
The Burger
The Burger o‘zining лшсршл smesh-burgerlari bilan mashhur, taomnomasi ham deyarli butunlay ularga bag‘ishlangan. Minimalistik, deyarli sipo uslubdagi zalda hech narsa taomdan chalg‘itmaydi, panoramali derazalar esa go‘yo atrofdagi bog‘ni ichkariga olib kirgandek bo‘ladi. Bulochkalarni o‘z retseptlari asosida yopishadi, qayla-souslarni ham o‘zlari tayyorlaydi. Menyuda klassik uyg‘unliklar hamda tryufel, avokado va xalapenyo qo‘shilgan turlari mavjud, odatiy fri kartoshkasini esa batatga almashtirish mumkin. Mo‘jaz burgerlar allaqachon Toshkent sarhadlaridan chiqishga ulgurgan: brendning Olma-Ota va Bokuda ham kafelari ochilgan.
To‘plamdagi eng mitti burger, ayniqsa narxini hisobga olganda, bunday summaga kattaroq porsiyani xohlaydi kishi. Biroq ichidagi masalliqlari mo‘l-ko‘l: ikkita sersuv go‘shtli kotlet, pishloq, qayla va sabzavotlar. Mag‘zi sarg‘ish kartoshkali bulochka yupqa bo‘lgani bois, bu yerda masalliqlar nonga qaraganda sezilarli darajada ko‘p. Pishloq ikkala kotletni ham qoplab, qaymoqdek mayinlik baxsh etadi, ammo go‘shtning ta’mini bosib ketmaydi. Bu — to‘liq rohatlanish uchun birozgina hajmi kichiklik qiladigan juda mazali va sersuv smesh.
Narxi: 70 000 soʻm.
Mushtum
Mushtum “Sharq” nashriyoti binosida joylashgan. Bu yerda ko‘p yillar davomida shu nomdagi hajviy jurnal chop etilgan. Ichkariga kirgach, burgerxonaga kelganingizni unutishingiz hech gap emas: zal kitoblar va plastinkalarni bir necha avlod davomida to‘plagan toshkentlik oilaning mehmonxonasini eslatadi. Tokchalardagi vinil plastinkalar orasida dutor ham bor, kashtali yostiqlar qo‘yilgan divanlar rang-barang gilam ustida joylashgan, stollarda esa yeryong‘oq solingan piyolalar kutib turibdi. Zamonaviy rangtasvir namunalari milliy naqshlar bilan uyg‘unlashgan, zalda esa o‘zbek retroestradasi yangraydi. Menyu ham mahalliy kolorit bilan tanishtirishda davom etadi: klassik va tryufelli smesh-burgerlar bilan bir qatorda, bu yerda zira va piyoz qo‘shilgan “Jaydari” hamda patir ichida tortiladigan burgerlar tayyorlanadi.
O‘rtacha kattalikdagi smash-burger qizargan briosh bulochkasida tortiladi. Ichida ikkita kotlet, erigan pishloq, bodring bo‘laklari va sous bor. Yanada shiraliroq bo‘lishi uchun pomidor bo‘lagini qo‘shish istagi tug‘iladi, sous ham biroz ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Biroq mol go‘shti boshqa masalliqlar orasidan ham yaqqol seziladigan yorqin va toʻyimli ta’mga ega.
Narxi: 70 000 soʻm.
Cafe Loft
Loft nomi ortida ko‘plab toshkentliklarga tanish bo‘lgan Pavel Georganovning “Кафе"si yashiringan. Uning shaxsiyati bu yerda ham taomlarda, ham muhitda o‘zini namoyon qiladi: devorlarda kinoyali posterlar, yarim qorong‘i xonada esa neon yozuvlar tovlanib turadi. Pasha oshxonaga shaxsan javob beradi va menyuda dunyoning turli burchaklariga xos taomlarni bemalol birlashtiradi. Shu bois burger yonida kuba sendvichi va allaqachon o‘z muxlislariga ega bo‘lgan ramyonning ham bo‘lishi tabiiy. Burgerlarning o‘zi ham bir necha xil, hatto bulochka o‘rniga salat bargi ishlatiladigan varianti ham bor.
Smesh-burger tashqi ko‘rinishining o‘ziyoq hayratga soladi: quritilgan o‘tlar sepilgan yassilangan bulochka uzoqdan patirni eslatadi. Bu yerda nomni go‘yo tom ma’noda tushunishgan: nafaqat kotletlar, balki nonning o‘zi ham bosib yassilangan. Yupqa ustki qavat ostida erigan pishloq, pomidor va bir uyum to‘g‘ralgan aysberg salati bilan mo‘l go‘shtli nachinka joylashgan. Burger sersuv, salatning qarsildoq tuzilishi yaqqol seziladi, marinadlangan qizil piyoz esa o‘ziga xos nordonlik qo‘shib, odatiy uyg‘unlikni ancha qiziqarli qiladi.
Narxi: 140 000 soʻm.
Embassy Burgers
“Burger Embassy” 2017-yilda Toshkentda ochilgan va vaqt o‘tishi bilan shahardagi mashhur tarmoqqa aylandi. Sayohat g‘oyasi konsepsiyaning barcha jihatlarida aks etadi: menyu pasport shaklida bezatilgan, katta va to‘yimli burgerlar esa mamlakatlar hamda shaharlar nomi bilan ataladi. Italyancha burger motsarella va tuxum bilan, fransuzchasi qovurilgan qo‘ziqorinlar va tryufelli sous bilan, turkchasi smetana-sarimsoqli sous bilan, o‘zbekchasi esa dimlangan qo‘y go‘shti bilan tayyorlanadi. Shuningdek, bu yerda “Nyu-York” burgeri ham mavjud. Taqdimotning o‘ziga xos jihati — burgerga sanchilgan kichik bayroqcha. Burgerlardan tashqari, menyuda xot-doglar, salatlar va davrada baham ko‘rish uchun qulay gazaklar ham mavjud.
Hajmi ancha katta bo‘lgan burger kunjut mo‘l sepilgan, bo‘rtgan va qizargan bulochkada tortiladi. Ichida ikkita go‘shtli kotlet, karamellangan piyoz, kubik shaklida to‘g‘ralgan bodringlar va pishloqli sous bor. Ichki qismi toʻyimli, biroq sous o‘rniga issiq go‘sht ustida erigan pishloq bo‘laklarini ko‘rish ma’qulroq bo‘lardi. Qolgan jihatlari bilan bu yaxshi tayyorlangan oddiy burger: to‘yimli, ammo ta’m borasida alohida yangiliklarga ega emas.
Narxi: 63 000 soʻm.
Ushbu material Yandex Goʻning “Сходить” boʻlimi koʻmagida tayyorlandi.

















