O‘zbekiston konsept-do‘konlari: o‘ziga xos dizaynli suvenirlar va zargarlik buyumlarini qayerdan xarid qilish mumkin?

O‘zbek hunarmandchiligi allaqachon an’anaviy suvenir do‘konlaridan tashqariga chiqqan. Mahalliy dizaynerlar milliy naqshlarga yangicha yondashib, turli mato va materiallar bilan tajriba o‘tkazmoqda. Natijada o‘ziga xos madaniy ruhni aks ettiruvchi kiyim-kechak, taqinchoqlar va interyer buyumlari yaratilmoqda.
Toshkent, Samarqand va Buxorodagi konsept-do‘konlarda mahalliy brendlar, rassomlar va hunarmandlarning ishlari taqdim etilgan. Bu yerdan hamyonbop suvenirlar bilan bir qatorda, qo‘lda yasalgan noyob buyumlarni ham topish mumkin.
Teplo Store — mahalliy brendlar bir tom ostida
Foto: Denis Komarov.
Teplo Store o‘zbekistonlik dizaynerlar va hunarmandlarni birlashtirib, milliy madaniyatga zamonaviy nigohni taklif etadi. Loyiha ijodiy do‘konlar sifatida boshlanib, vaqt o‘tishi bilan mahalliy brendlarni rivojlantirish uchun to‘laqonli maydonga aylandi. Toshkentdagi do‘konda mualliflik zeb-ziynatlari, kiyim-kechaklar, aksessuarlar, kulolchilik, to‘qimachilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari taqdim etilgan. Makonning o‘ziga xos xususiyati an’anaviy materiallar va texnikalarning zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan kolleksiyalari xilma-xilligidadir.
2026-yil iyun oyida Samarqanddagi Kaganat Mall savdo markazida Teplo Store ochildi. Bu yerda 60 dan ortiq mahalliy brendlar, jumladan Moel Bosh, Madina Kasimbaeva, Hajar, Tais&I, Anor va boshqalar mahsulotlari jamlangan. Samarqanddagi do‘kon interyeri alohida e’tiborga loyiq. Makonning markaziy qismini an’anaviy Samarqand ipak qog‘ozidan tayyorlangan qaldirg‘och kompozitsiyasi bezab turadi.
Teplo Store noodatiy sovg‘a izlayotganlar, zamonaviy o‘zbek modasiga qiziquvchilar yoki garderob va interyerni mualliflik buyumlari bilan boyitmoqchi bo‘lganlar uchun mos keladi.
Assortiment turli byudjetlarga mo‘ljallangan. Otkritkalarni 40 ming so‘mdan, ipak aksessuarlarni 170 ming so‘mdan xarid qilish mumkin, eksklyuziv dizaynerlik kiyimlari va kolleksiya buyumlarining narxi esa bir necha million so‘mga yetishi mumkin.
Manzillar:
- Toshkent, Nukus koʻchasi, 31/2;
- Samarqand, Amir Temur koʻchasi, 24, Kaganat Mall, 2-qavat.
Zanmakon — ayollar ijodi makoni
Toshkentning tarixiy qismida dizayner va hunarmand ayollarning ishlarini birlashtirgan Zanmakon konsept-do‘koni joylashgan. Nom loyiha g‘oyasini ifodalaydi va “ayol” hamda “joy” ma’nolarini anglatuvchi ikki so‘zdan tashkil topgan. Assortimentda choponlar, milliy naqshli kiyimlar, taqinchoqlar, shamlar, aksessuarlar va qo‘lda yasalgan suvenirlar mavjud. Makon rezidentlari orasida The Clothe, Miras, Stone City, Margilan Silk Vats, Prosto Candles, Uzora va boshqa mahalliy brendlar bor.
Har bir buyum ustaning o‘ziga xos imzosini aks ettiradi. An’anaviy kashtachilik, naqshlar va tabiiy matolar o‘zbek madaniyati bilan aloqani saqlab qolgan holda zamonaviy talqin qilinadi.
Zanmakon nafaqat assortimenti, balki muhiti bilan ham qiziqarli. Bu yerda kichik qahvaxona mavjud bo‘lib, u yerda kolleksiyalar bilan tanishgandan so‘ng bir finjon qahva yoki o‘tli choy bilan dam olish mumkin. Uning yonida ayollar ijodi va madaniy merosi mavzusini davom ettiruvchi Ayollar muzeyi joylashgan.
Zanmakon kolleksiyalarida milliy naqshlar, qo‘lda tikilgan kashtalar va tabiiy matolar zamonaviy talqin qilinadi. Assortiment turli narx toifalarini qamrab oladi, kichik mualliflik sovg‘alaridan tortib yuqori segmentdagi qo‘lda tayyorlangan kiyim-kechak va aksessuarlargacha.
Manzil: Toshkent, Zarqaynar koʻchasi, 48-uy.
Pavillon Kalon — Buxoro markazidagi dizaynerlik topilmalari
Pavillon Kalon Buxoroning tarixiy markazida, Poyi Kalon me’moriy ansambli ro‘parasida joylashgan. Konseptual do‘kon tashrif buyuruvchilarni an’anaviy hunarmandchilikni qayta ko‘rib chiqayotgan o‘zbekistonlik ustalar va dizaynerlarning ishlari bilan tanishtiradi.
Bu yerda mualliflik keramikasi, zargarlik buyumlari, dizaynerlik kiyimlari va interyer buyumlari namoyish etiladi. Assortimentga kichik suvenirlar ham, qo‘lda yasalgan eksklyuziv buyumlar ham kiradi, ularning narxi materiallarga va ishning murakkabligiga bog‘liq.
Pavillon Kalon’da, shuningdek, mashhur Minorai Kalonga qaragan holda bir finjon qahva ichib dam olish mumkin bo‘lgan kafe ham mavjud.
Manzil: Buxoro, Xo‘ja Nurobod ko‘chasi, 10/1.
Tashkent City Mall — Zamonaviy dizayndagi milliy motivlar
Tashkent City Mall’da o‘zbek madaniyatidan ilhomlangan dizaynerlik kiyimlari, taqinchoqlar va aksessuarlarni topish mumkin. Ikkinchi qavatda Dildora Kasimova nomli butik joylashgan bo‘lib, uning kolleksiyalarida an’anaviy zardo‘zlik, so‘zana va qo‘lda kashta tikish usullari zamonaviy siluetlar bilan uyg‘unlashgan.
Birinchi qavatda Bright Gallery joylashgan bo‘lib, u yerda mualliflarning asarlari va san’at buyumlari namoyish etiladi. Makon tashrif buyuruvchilarni mahalliy hunarmandlar ijodi va zamonaviy o‘zbek dizayni bilan tanishtiradi.
Tashkent City Mall’da asosan premium dizaynerlik kolleksiyalari taqdim etilgan. Dildora Kasimova butikida an’anaviy kashta va zardo‘zlik bilan tikilgan kiyimlarni, Bright Gallery’da esa mualliflik san’ati buyumlarini topish mumkin.
Manzil: Toshkent, Botir Zokirov koʻchasi, 7, Tashkent City Mall, 1-qavat.
TAUZ — kundalik buyumlardagi san’at
TAUZ O‘zbekiston madaniy merosini zamonaviy predmetli dizayn bilan uyg‘unlashtiradi. Brend kolleksiyalarida ipak ro‘mollar, galstuklar, tasmachalar, chinni servizlar, dekorativ vazalar va chiroqlar mavjud. Dizayn asosida mamlakat tarixi, me’morchiligi va san’atidan ilhomlangan syujetlar yotadi.
Brend premium segmentda ishlaydi va mualliflik sovg‘alari hamda interyer buyumlarini taklif etadi. TAUZ’da o‘zbek rassomlarining ko‘rgazmalari, san’at va madaniy merosga bag‘ishlangan ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tkaziladigan galereya maydoni ham mavjud.
Manzil: Toshkent, Furqat koʻchasi, blockD05.
Mahalliy hunarmandlar mahsulotlarini yana qayerdan topish mumkin?
Doimiy do‘konlardan tashqari, tematik yarmarkalar va festivallarda o‘zbekistonlik dizaynerlar ijodi bilan tanishish mumkin. Bunday tadbirlar mamlakatning turli hududlaridan hunarmandlarni bir joyga to‘playdi va mualliflik mahsulotlarini bevosita ijodkorlardan sotib olish imkoniyatini beradi.

“Sharqona bozor” (“cВосточный базар”) ko‘rgazma-yarmarkasida milliy liboslar, zargarlik buyumlari, esdalik sovg‘alari, yog‘och va charmdan yasalgan buyumlar, uy to‘qimachilik hamda bezak buyumlari namoyish etiladi. Ba’zi tadbirlarda tashrif buyuruvchilar uchun mahorat darslari ham o‘tkaziladi.
Teplo Fest mahalliy moda, dizayn, musiqa va gastronomiyani birlashtiradi. Festivalda mustaqil brendlar bilan tanishish, kiyim-kechak, aksessuarlar va qo‘l mehnati mahsulotlarini xarid qilish, shuningdek, ijodiy tadbirlarda ishtirok etish mumkin.

Art Bazaar O‘zbekistonning turli hududlaridan hunarmandlarni birlashtiradi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan buyumlar orasida kulolchilik, zargarlik buyumlari, ipak matolar, gilamlar, milliy qo‘g‘irchoqlar, yog‘och buyumlar va boshqa mualliflik ishlarini uchratish mumkin.
Doimiy konsept-do‘konlardan farqli o‘laroq, yarmarkalar assortimenti tadbirdan tadbirga o‘zgarib turadi. Shuning uchun har bir tashrif yangi brendlarni kashf etish va qiziqarli hunarmandchilik an’analari bilan tanishish imkoniyatiga aylanishi mumkin.
Yaqinlashib kelayotgan yarmarka va festivallar sanalarini Afisha.uz'ning tadbirlar bo‘limida kuzatib borish mumkin.
Zamonaviy konsept-do‘konlar va ijodiy yarmarkalar o‘zbek hunarmandchiligiga yangicha nigoh bilan qarash imkonini beradi. Bu yerda milliy an’analar rivojlanishda davom etib, dizaynerlarni yangi kolleksiyalar yaratishga ilhomlantiradi, xaridorlar esa o‘ziga xos xarakteri va tarixiga ega buyumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Maqola Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlangan.






















































