O‘yin 15-mart kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tdi. Asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda 0:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar aniqroq harakat qilib, Janubiy Koreya terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etishdi. Jamoa darvozaboni Otabek Boymurodov uchta penaltini qaytarib, uchrashuv qahramoniga aylandi.
Final uchrashuvi 18-mart kuni soat 19:00da “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. O’zbekiston terma jamoasining raqibi ikkinchi yarim final uchrashuvida Yaponiya terma jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etgan Iroq terma jamoasi bo‘ladi.
O‘zbekiston ilk bor 2008-yili yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finaliga chiqqan. O’shanda ham yarim finalda Janubiy Koreya mag’lub etilgan edi, ammo final uchrashuvida o’zbekistonliklar BAA termasiga imkoniyatni boy berishgan.
Ma’lumot uchun, 1-martdan 18-martgacha Toshkent va Farg‘ona shaharlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi bahslari o‘tkazilmoqda. Turnirda yarim finalga chiqqan 4 ta jamoa 2023-yilda Indoneziyada bo’lib o’tadigan yoshlar o’rtasidagi jahon chempionatiga yo’llanma oldi.