“Humo” xokkey klubi ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘alaba qozondi. Yangi mavsumning Toshkentdagi ilk o‘yini qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 355
“Humo” xokkey klubi ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘alaba qozondi. Yangi mavsumning Toshkentdagi ilk o‘yini qanday o‘tdi?

Kichik tanaffusdan so‘ng Toshkentga yana katta xokkey qaytdi. 13-sentabr kuni “Humo” xokkey klubi Qozog‘istonning Pro Hokei Ligasy doirasida mamlakatning “Sariarka” klubiga qarshi muzga tushdi. Yakunda Toshkent klubi Qozog‘iston chempionatidagi ketma-ket 3-g‘alabasiga erishdi. Afisha.uz Humo arena`da bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan reportaj tayyorladi.

Uchrashuv boshlanishidan avval 2023−2024-yilgi mavsum ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘iston chempionati 9-sentabr kuni boshlangandi. “Humo” dastlabki ikki o‘yinini safarda “Nomad” klubiga qarshi o‘tkazdi. Birinchi va ikkinchi turda toshkentliklar “Nomad"ni mos ravishda 0:2 va 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchinchi turda qanotlilar o‘z uyida — Humo arena`da “Sariarka"ni qabul qildi. Majmuaga 5300 dan ziyod tomoshabin tashrif buyurdi.

O‘yin to‘liq “Humo” nazorati ostida o‘tdi, qanotlilar “Sariarka"ga imkoniyat qoldirmadi. O‘yinning 4-daqiqasidayoq hujumchi Vasiliy Jilov hisobni ochdi. 10-daqiqaga kelib qanotlilar a’zosi Anton Glovatskiy raqib darvozasini ishg‘ol qilib, birinchi bo‘limni ishonchli tugatishga hissa qo‘shdi. Glovatskiy 36-daqiqada dubl qayt etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Shunday qilib, “Humo” bu mavsumda o‘zining ketma-ket uchinchi quruq seriyali g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar 3 ta o‘yinda 6 ochko to‘plagan holda turnir jadvalini boshqarmoqda. Qanotlilar darvozaboni Damir Shaymardanov esa 3 turdan keyin o‘z darvozasini dahlsiz saqlagan yagona darvozabon bo‘lib turibdi.

Jamoalar 14-sentabr kuni yana o‘zaro to‘qnashadi. O‘yin Toshkentda, Humo arena majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Anton Glovatskiy o‘yin haqida

Uchrashuvdan so‘ng dubl muallifi Anton Glovatsiy jurnalistlarga flesh intervyu berib, o‘zining gollari va arenadagi atmosfera haqida gapirdi.

“Beshlikdagi barcha harakat qildi, ular o‘z joylarida yaxshi o‘ynashdi, men esa oxiriga yetkazib qo‘ydim. Umid qilamanki, keyingi uchrashuvda boshqa o‘yinchilarimiz ham gol urishadi”, — deydi Anton o‘z dublini izohlar ekan.

Shuningdek, qanotlilar hujumchisi Toshkentda o‘tgan birinchi uchrashuvdagi atmosfera haqida gapirdi.

“Menga yoqdi, ko‘proq muhlis bo‘lishini, arena to‘lishini xohlardim. Atmosfera shunchaki ajoyib. Yigitlar menga juda ko‘p muhlis kelishini, qo‘llab-quvvatlab turishini aytgandi. Bunga o‘zim ishonch xosil qilmoqchi edim. Ishondim. Ularga katta rahmat”, — deydi u keyingi o‘yin jismoniy tarafdan og‘ir o‘tishini ta’kidlab.

Qozog‘iston chempionati haqida

Qozog‘istonning Pro Hokei Ligasy ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda har bir klub o‘zaro 4 marta (2 ta uyda, 2 ta safarda) kuch sinashadi. Eng yaxshi natija qayd etgan 8 klub ikkinchi — pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Bu chorak final, yarim final va finaldan iborat. Pley-off bahslari bir klubning 4 ta g‘alabasigacha davom etadi. Final ham xuddi shu ko‘rinishda o‘tadi. Juftliklar 7 martagacha o‘zaro o‘ynashi mumkin. Bu mavsumdan boshlab chempionatda 3-o‘rin uchun bahslar ham qo‘shildi, unda yarim finalda mag‘lub bo‘lgan jamoalar o‘ynaydi.

2021−2022-yilgi mavsumdan boshlab chempionatda 2 ochkoli tizim amal qilmoqda. Agar jamoa asosiy vaqt, overtaym yoki bullitlarda g‘alaba qozonsa, ikki ochko beriladi. Klublar overtaym yoki bullitlardagi mag‘lubiyat uchun 1 ochko oladi.

Ma’lumot uchun, “Humo” ikkinchi yil ketma-ket Qozog‘iston Ochiq chempionatida qatnashib kelmoqda. O‘tgan mavsum qanotlilar turnir finaliga chiqib, mamlakatning “Nomad” klubiga yutkazgan va ikkinchi o‘rin bilan cheklangandi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ