Lionel Messi — 8 karra “Oltin to‘p” sohibi

Shu yilning yozida AQSHning “Inter Mayami” jamoasiga ko‘chib o‘tgan futbolchi Lionel Messi 2023-yilgi “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu Messi uchun sakkizinchisi bo‘ldi.
Argentinalik 36 yoshli hujumchi bu mukofotni qo‘lga kiritishida o‘tgan mavsum terma jamoasi bilan Jahon chempionatida g‘olib chiqqani asosiy rol o‘ynadi. U Qatarda o‘tgan JChda turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgandi.
Shuningdek, Messi Fransiyaning PSJ klubi (sobiq jamoasi) bilan Liga1 da chempion bo‘lgan, “Inter Mayami” bilan esa MLS Liga Kubogiga ega chiqdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra Messi eng yaxshi topilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni “Manchester Siti"ning norvegiyalik hujumchisi Erling Holand egalladi, kuchli uchlikni esa Leoning sobiq jamoadoshi — fransiyalik Kilian Mbappe yakunlab berdi.
TOP 10 quyidagicha shakllandi:
- Kevin De Bruyne (“Man Siti” / Belgiya)
- Rodri (“Man Siti” / Ispaniya)
- Vinisius Juniyor (“Real Madrid” / Braziliya)
- Hulian Alvarez (“Man Siti” / Argentina)
- Viktor Osimhen (“Napoli” / Nigeriya)
- Bernardo Silva (“Man Siti / Portugaliya)
- Luka Modrich (“Real Madrid” / Xorvatiya).
Bundan tashqari, Parijda o‘tgan marosimda yana bir qancha mukofotlar o‘z egasini topdi. Xususan, “Real Madrid” va Angliya terma jamoasi o‘yinchisi Jud Bellingem mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. “Real Madrid"ning yana bir futbolchisi — braziliyalik Vinisius Juniyorga Sokrater mukofoti (xayriya ishlarida faolligi uchun) topshirildi.
Messining jamoadoshi, JCHda jamoasini superseyvlari bilan qutqarib qolgan Emiliano Martinez (“Aston Villa”) mavsumning eng yaxshi darvozaboni mukofotiga loyiq ko‘rildi. Erling Holand esa eng yaxshi to‘purarga beriladigan Gerd Myuller sovrini bilan taqdirlandi (o‘tgan mavsumda 56 ta gol urdi). Uning jamoasi — “Manchester Siti” esa qatorasiga ikkinchi yil mavsumning eng yaxshi klubi deb topildi (o‘tgan mavsum trebl qayd etgan).
Ayollar o‘rtasidagi “Oltin to‘p” “Barselona” futbolchisi Aytana Bonmatiga topshirildi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi “Oltin to‘p” mukofotini 8 marta qo‘lga kiritgan ilk futbolchiga aylandi. U bundan oldin 2009, 2010, 2011, 2012, 2015, 2019 va 2021-yillarda bu sovringa ega chiqqandi. 2022-yilda esa ushbu nufuzli mukofot “Real Madrid” (hozirda Saudiya Arabistonining “Al Ittihod”) sobiq hujumchisi Karim Benzemaga nasib etgandi. 2020-yilda pandemiya sabab mukofot hech kimga topshirilmagan.