Futzal. Oʻzbekiston Osiyo kubogidagi yurishini irodali gʻalaba bilan boshladi
Futzal boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Tailandda oʻtayotgan Osiyo kubogi 1-turi doirasida Avstraliya bilan oʻyin oʻtkazdi va irodali gʻalabaga erishdi.
Uchrashuvning 5-daqiqasida avstraliyalik Ueyd Jiovenali hisobni ochdi. Birinchi boʻlimdan keyin hisob oʻzgarishsiz qoldi.
Ikkinchi boʻlib boshida, aniqrogʻi uchrashuvning 21-daqiqasida Akbar Usmonov raqib darvozasini ishgʻol qilib, hisobni tenglashtirdi. 1 daqiqadan soʻng, 22-daqiqada tajribali futzalchi Dilshod Rahmatov Oʻzbekistonni hisobda oldinga olib chiqdi. 36-daqiqaga kelib esa Rahmatov oʻz hisobiga dubl rasmiylashtirdi.
Uchrashuv yakunlanishiga 2 daqiqa qolganda Tayler Garner hisobni qisqartirdi. Uchrashuv 3:2 hisobida yakunlandi.
Shunday qilib, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 1-turdan soʻng 3 ochko jamgʻargan holda “B” guruhida hozircha yetakchi boʻlib turibdi. Guruhdagi turning ikkinchi oʻyini bugun, 17-aprel kuni Iroq va Saudiya Arabistoni oʻrtasida boʻlib oʻtadi.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston 2-tur uchrashuvini 19-aprel kuni soat 19:00 da Iroq terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.