"Oʻzbekcha Forest Gamp": "Zaamin Ultra 2024" ultramarafoni qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 489
"Oʻzbekcha Forest Gamp": "Zaamin Ultra 2024" ultramarafoni qanday oʻtdi?

1−2-iyun kunlari Zomin milliy tabiat bogʻida “Zaamin Ultra 2024” xalqaro ultramarafoni boʻlib oʻtdi. U O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumidagi Zominda oʻtkazilgan uchinchi poyga hisoblanadi.

Afisha.uz muharriri marafonda qatnashdi va quyida oʻz taasurotlari bilan boʻlishadi.

1-iyun — yangi fasl va oyning boshlanashi. Sport bilan shugʻullanishni boshlash uchun ideal vaqt, shunday emasmi? Hech qanday bahonalar oʻtmaydi, oʻzingizda kuch topolsangiz bas. Aynan mana shu kuni biz Zominga otlandik. Oʻzbekistondan Shveysariyaga borish (toʻgʻridan-toʻgʻri reys yoʻqligi sababli) eng kamida 10 soat vaqt talab qiladi, lekin Toshkentdan taxminan 4−5 soatlik (mashinada) yoʻlda “oʻzbekcha Shveysariya” joylashgan. Ham yaqin, ham arzon, viza esa talab qilinmaydi.

Mana shunday manzara, ajoyib ob-havoda yugurishni xohlaganlar soni 2024-yilda 2100 dan ortiqni tashkil qildi. Ular orasida xorijlik, xususan, AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Qozogʻiston, Turkiya kabi davlatlardan kelgan sportchi va havaskorlar ham bor.

Marafon boshlanishidan bir kun oldin, ya’ni 1-iyun kuni qatnashchilar start chizigʻiga yaqin joyda chodirlarga joylashishdi. Havosi toza, ammo kunduzi biroz issiq, tunda yaxshigina sovuqligini bilgan ishtirokchilar avvaldan tayyorgarlik koʻrib, oʻzlari bilan kerakli narsalarni kelishgan: issiq kiyimlar, yopinchiqlar, soyabonlar va hokazo. Kimdir oilasi, kimdir doʻstlari, yana kimlardir esa hamkasblari bilan (yolgʻizlikni sevuvchilar ham bor, albatta) Zomin togʻlarini zabt etish uchun kelishgandi. Chunki bu — ular bilan birga tog' yonbagʻrida vaqtichogʻlik qilish (va shu bilan birga sport bilan shugʻullanish uchun) ayni muddao edi.

1-iyun kuni “Zaamin Ultra” ultramarafonining mehmonlari va ishtirokchilari uchun elektron musiqa konserti tashkillashtirildi. Ochiq sahnada DJ Yõldosh va ushbu maydonda ikkinchi bor ishtirok etayotgan “QARAQOOM” guruhi chiqish qildi. Birinchi kun ishtirokchilar muhitga moslashishi, uzoq masofadan oldin dam olishi, bir-birlari bilan tanishib olishlari va ozroq vaqtichogʻlik qilishlari uchun ajratilgandi.

Bir maqsad yoʻlida bir joyga yigʻilgan odamlar buni juda yaxshi uddalashdi: chodirlarini joylashtirib boʻlganlarning ba’zilari bu burchakda volleybol oʻynardi, bu tomonda Zomin togʻlarini yaqinroq va yuqoridan koʻrish uchun havo shariga navbatda turishardi. Ertasi kuni qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtgan masofasiga qarab 2 km, 10 km, 21 km va 50 km masofa kutib turardi.

Konsert payt ishtirokchilar bilan ozroq suhbatlashdik. Koʻpchilik qatnashchilar sherigi, doʻstlari bilan kelgani, “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalariga tez-tez qatnashib turishini aytishdi. “Yugurishni, ayniqsa, bunaqa muhitda yugurishni humori bor”, — deydi bir ishtirokchi. “Zaamin Ultra"ning maxsus ekipirovkali futbolkasini kiyib turgan yosh ona esa kichkintoy oʻgʻlini buvisi bilan qoldirib, oʻziga chellenj tashlagani, shu bahona sayohat qilishni ham rejalashtirgani va bundan juda xursand ekanini aytdi.

2-iyun kuni tongda, aniqrogʻi, soat 6 da yana oʻsha maydonchaga yetib keldik. Togʻning biroz sovuq, ammo toza havosida uygʻongan ishtirokchilar tetik va kayfiyatlari yuqori edi. Birozdan soʻng eng uzoq masofa — 50 km yugurishni niyat qilgan sportchilar chigilyozdi mashqlarini boshlab yubordi va 07:00 da ular start chizigʻini kesib oʻtishdi. Men esa ularning matonatiga qoyil qolgan holda omad tiladim va keyingi qatnashchilarni kuta boshladim.

Shu joyida aniqlashtirib ketay, nega aynan “ultramarafon”? Chunki toʻliq marafon 42 kmni tashkil qiladi, “Zaamin Ultra"da esa eng uzun masofa — 50 km, ya’ni marafondan 8 kmga koʻproq.

Bundan tashqari, tadbir dasturi daqiqama-daqiqa rejalashtirilgan edi: soat 10:00 da 21 km masofaga yugurishni maqsad qilganlar start chizigʻiga keldi, oʻn daqiqadan soʻng startda 10 km masofaga yuguruvchilar va xuddi shuncha vaqtdan keyin — eng yengil 2 km yugurish uchun toʻplanishdi. Bunda balandlikning oʻsishi mos ravishda 734, 377 va 47 metrni tashkil qildi.

2 kmlik havaskor yuguruvchilar oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan finish chizigʻiga yetib kelishni boshlashdi. Uning ortidan 10 km, 21 km masofalarga yoʻlga chiqqanlar yetib kela boshladi. Shundan soʻng, juda kuchli irodali atletlar yetib keldi. “Zaamin Ultra 2024” gʻoliblari quyidagicha boʻldi:

  • 10 km:
    • Erkaklar: Pardayev Bekzod — 53:46;
    • Ayollar: Aleksandra Kuznetsova — 59:48;
  • 21 km:
    • Erkaklar: Sekachev Artyom — 1:35:53;
    • Ayollar: Cherkas Aleksandra — 1:51:46.
  • 50 km:
    • Erkaklar: Nurziyod Begaliyev — 4:12:35;
    • Ayollar: Olga Popova — 5:56:05.

Bundan tashqari, 50K masofada bu yil rekord ham yangilandi: Nurziyod Begaliyev masofani o‘zidan avvalgi rekordchiga nisbatan 12 daqiqa tezroq bosib o‘tdi, u 2021-yildan beri eng yaxshi natija boʻlib kelayotgandi. Ta’kidlash joizki, Nurziyod Begaliyev “Zaamin Ultra 2023” marafonida 21 km masofada yugurgan va 1 soat-u 36 daqiqada finish chizigʻiga yetib kelib, bu yoʻnalishda ham tengsiz boʻlgandi. Begaliyev 2024-yilga yaxshilab tayyorgarlik koʻrib, ultramarafonni ham zabt etgan koʻrinadi.

Marafonni yakunlagan ishtirokchilari marraning oʻzidayoq medallar bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, bu yil medallar ham oʻzgargan, biroz kattalashgan, uning dizaynida Zomin milliy bogʻining manzaralari aks etirilgan. Soʻng gʻolib va sovrindorlar ham sahnada taqdirlandi va maxsus sovgʻalar topshirildi. Mutlaq hisobdan tashqari yosh toifalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

Tabiiyki, 2 mingdan ortiq odam toʻplangan joyda koʻp chiqindi chiqishi tabiiy, tashkilotchilar bu yil marafon yakunlanganidan soʻng Zominning betakror manzaralarini asrab-avaylash tashabbusi doirasida poyga yakunida “plogging” (qisqa masofalarga yugurish barobarida chiqindilarni to‘plash) tadbirini ham uyushtirdi. Umuman, tadbirlar davomida 1 martalik stakanchalardan foydalanilmadi.

Safar davomida “Samarkand Marathon” yugurish musobaqalari turkumi rahbari Mirxan Sagitov “Zaamin Ultra 2024” haqida gapirdi va bundan keyingi marafon iyun oyining oʻrtalarida Boʻstonlik tumanida oʻtkazilishini ma’lum qildi.

“Bu yil biz yana bir bor turli mamlakatlardan minglab kelgan sportchilarni birlashtirib, ularga orzularini roʻyobga chiqarish va dunyodagi eng qiziqarli baland togʻ yo‘laklaridan birida oʻz irodalarini sinab ko‘rish imkoniyatini berdik. Joriy etilgan yangi tamoyillar qatorida biz tabiatni, u mavjud bo‘lishi lozim bo‘lgan musaffo shaklda qoldirish muhim ekanligiga mas’uliyat bilan yondashib, turkum ekologik tashabbuslarni, jumladan, „plogging“, ya’ni plastik stakanchalardan voz kechish amaliyoti va boshqa tadbirlarni tashkil etdik. Barchani navbatdagi poygalarimizga qo‘shilishga taklif etamiz — iyun oyining oxirida Bo‘stonliq tumanida sport festivali bo‘lib o‘tadi, so‘ngra sevimli tadbirimiz Buxorodagi tungi poyga bo‘ladi, Samarqanddagi marafon an’anaviy ravsihda turkum musobaqalar mavsumini yakunlaydi”, — deydi Mirxan Sagitov.

Shu tariqa “Zaamin Ultra 2024” xalqaro ultramarafoni yakunlandi va biz yana ortga — Toshkentga qarab yoʻlga chiqdik. Shu oʻrinda bundan keyingi “Zaamin Ultra"ga bormoqchi boʻlganlar uchun qisqa tavsiyalarimni berib, maqolani yakunlayman: oʻzingiz bilan qalin va yupqa kiyimlarni olishni unutmang (chunki Zominda kunduzi issiq, kechasi — sovuq), quyoshdan himoya qiluvchi kremlar oling (boʻlmasa menga oʻxshab qip-qizil boʻlib qaytasiz va sizga gʻalati qarashadi), u yerda koʻproq yangi odamlar bilan tanishing (chunki u yerda sizni bir maqsad birlashtirib turadi), tabiat goʻzalligidan baxra oling, koʻproq toza havodan nafas oling va albatta, marafonga ertaroq roʻyxatdan oʻting (boʻlmasa menga oʻxshab ulgurmay qolishingiz mumkin va albatta bunga yaxshilab tayyorlaning).

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ