Yevro-2024. Birinchi tur yakunlandi, natijalarni esga olamiz

E’lon qilingan sana· 324
Yevro-2024. Birinchi tur yakunlandi, natijalarni esga olamiz

14-iyun kuni Germaniya yashil maydonlarida Yevropa chempionati start oldi. Afisha.uz yirik turnir munosabati bilan alohida boʻlim ishga tushirdi. Unda har bir oʻyin statistikasi, boshlangʻich tarkiblar, turnir jadvali, uchrashuvlar taqvimi va boshqa ma’lumotlar berib borilmoqda. Allaqachon 1-tur uchrashuvlari yakunlandi va Afisha.uz ilk oʻyinlarda qayd etilgan natijalarni eslab oʻtishga qaror qildi.


Germaniya 5 — 1 Shotlandiya

Odatga koʻra musobaqaning ilk oʻyinini mezbonlar boshlab berdi. Germaniya terma jamoasi “Allianz Arena"da oʻtgan uchrashuvda Shotlandiyaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 5:1.

Uchrashuvning 10-daqiqasida 21 yoshli Florian Virtz Kimmixning uzatmasini golga aylantirib, Yevro-2024 ning ilk golini kiritdi. Bundan 19 daqiqa oʻtib, yana bir yosh yulduz — Jamol Musiala hisobdagi farqni oshirdi. Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Shotlandiya darvozasi tomon penalti belgilandi va undan “Arsenal” hujumchisi Kay Haverts unumli foydalandi — 3:0. Bu orada shotlandiyalik Rayan Porteus qizil kartocha olib, maydonni tark etdi.

68-daqiqaga kelib, “Borussiya Dortmund” futbolchisi Niklas Fullkryug Germaniyaning 4-golini kiritdi. 87-daqiqada Antonio Ryudiger oʻyindagi 5-golni kiritdi — ammo oʻz darvozasiga, oqibatda hisob 4:1 koʻrinishiga keldi. Asosiy vaqtga qoʻshib berilgan daqiqalarda Tommas Myuller Emre Janga pass berdi va u toʻpni joylab qoʻydi. Shu tariqa turnir yirik hisob bilan boshlandi: yakuniy hisob — 5:1.

Eng yaxshi oʻyinchi — Jamol Musiala (“Bavariya”)


Vengriya 1 — 3 Shveysariya

A guruhining boshqa vakillari 15-iyun kuni uchrashdi va unda Shveysariyaning qoʻli baland keldi. Oʻyinning 12-daqiqasida Kvadvo Dua shveysariyaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida “Boloniya” klubi yarim himoyachisi Mishel Aibisher Shveysariyaning 2-golini kiritdi.

66-daqiqada Barnabas Varga hisobni qisqartirdi, ammo 2-boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda shveysariyalik hujumchi Embolo Bril terma jamoasining 3-toʻpini kiritib, yakuniy nuqtani qoʻydi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Granit Jaka (“Bayer”).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng A guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.


Ispaniya 3 — 0 Xorvatiya

Turnir favoritlaridan biri — Ispaniya ham oʻz yurishini yirik hisobdagi gʻalaba bilan boshladi. Yoshlik va tajriba toʻqnash kelgan oʻyinda yoshlar javobsiz 3 ta toʻp kiritdi.

Uchrashuvning 29-daqiqasida Alvaro Morato birinchi golni kiritgan boʻlsa, oradan 3 daqiqa oʻtib, Fabian Ruiz hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda 2007-yilda tugʻilib, Yevropa chempionatlarida ishtirok etgan eng yosh futbolchiga aylangan (16 yoshu 338 kunlik) Lamin Yamal Dani Karvaxalning goliga assistentlik qildi.

Oʻyinning 80-daqiqasida Ispaniya darvozasi tomon penalti belgilandi. Xorvatiyaning tajribali hujumchisi Bruno Petkovichning zarbasini Unai Simon qaytarishga muvaffaq boʻldi, lekin qaytgan toʻpni sherigining uzatmasidan soʻng Petkovichning oʻzi darvozaga joylab qoʻygandi, ammo gol ofsayd sabab bekor qilindi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Fabian Ruiz (PSJ).


Italiya 2 — 1 Albaniya

B guruhining ikkinchi uchrashuvida amaldagi chempion irodali gʻalabaga erishdi. Italiya dastlab tezkor gol oʻtkazib yubordi. Uchrashuvning 1-daqiqasidayoq albaniyalik Nedim Bayrami hisobni ochdi.

Italiyaliklar 10 daqiqadan soʻng unga javob qaytardi, Alessandro Bastoni hisobni tenglashtirdi. 16-daqiqada esa Nikolo Barella italiyaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shu hisob oʻyin yakunigacha saqlanib qoldi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Federiko Kyeza (“Yuventus”).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng B guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.


Polsha 1 — 2 Niderlandiya

Turnir startida jarohati sabab eng tajribali futbolchisisiz qolgan Polsha birinchi uchrashuvda hisobda oldinda borayotib magʻlubiyatga uchradi.

Uchrashuvning 16-daqiqasida polshalik hujumchi Adam Buksa hisobni ochdi. Ammo Kodi Gakpo 29-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻldi. Oʻyin yakunlanishiga 7 daqiqa qolganda Niderlandiya gʻalabani ilib ketdi — Akening uzatmasidan unumli foydalangan Vergost jamoasining gʻalabasini ta’minladi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Kodi Gakpo (“Liverpul”).


Avstriya 0 — 1 Fransiya

Yevro-2024 ning asosiy favoriti sifatida koʻrilgan Fransiya qiyinchilik bilan gʻalabaga erishdi. 38-daqiqada Mbappening uzatmasini qaytarmoqchi boʻlgan Avstriya milliy jamoasi himoyachisi Maksimillian Vober oʻz darvozasiga gol urib qoʻydi. Oʻyin soʻnggigacha shu hisob saqlanib qoldi.

Ikkinchi boʻlim yakuniga yaqin Fransiya terma jamoasi sardori Killian Mbappe ikkinchi qavatdagi kurashda raqib jamoa himoyachisining yelkasiga boshini urib, burnini sindirib oldi va zahiraga olindi. “Real Madrid” futbolchisi ushbu jarohat sabab guruh bosqichidagi qolgan oʻyinlarni oʻtkazib yuborishi aytilmoqda.

Eng yaxshi oʻyinchi — Ngolo Kante (“Al-Ittihod”).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng D guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.


Sloveniya 1 — 1 Daniya

Yevro-2024 ning 1-turidagi yagona durang ushbu uchrashuvda qayd etildi. Sloveniya va Daniya terma jamoalari 1 tadan toʻp kiritgan holda murosa koʻchasini tanlashdi.

17-daqiqada Yevro-2020 dagi uchrashuv vaqtida xushini yoʻqotib, turnirni erta yakunlagan Kristian Eriksen hisobni ochdi. Ushbu golga sloveniyalik Erik Janza 77-daqiqaga kelibgina javob qaytarib, jamoasini magʻlubiyatdan qutqarib qoldi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Kristian Eriksen (“Manchester Yunayted”).


Serbiya 0 — 1 Daniya

Foden, Bellingem, Saka kabi yosh yulduzlarni oʻzida jamlagan va musobaqa gʻolibligiga asosiy da’vogarlaridan biri Angliya ham qiyinchilik bilan gʻalabaga erishdi.

13-daqiqada Bukayo Sakaning uzatmasini golga aylantirgan Jud Bellingem yakunda oʻyinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Jud Bellingem (“Real Madrid”).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng C guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.


Ruminiya 3 — 0 Ukraina

Chempionatning ilk kutilmagan natijasi ushbu uchrashuvda qayd etildi. Ruminiya yulduzli Ukrainaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va Andrey Lunin darvozasiga javobsiz 3 ta toʻp kiritdi.

Uchrashuvning 29-daqiqasida Nikola Stanchu hisobni ochdi. 53-daqiqada esa Razvan Marin ruminiyaliklarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Bundan besh daqiqa oʻtib, ruminiyalik hujumchi Denis Dragus hisobni yirik koʻrinishga keltirdi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Nikola Stanchu (“Damak”).


Belgiya 0 — 1 Slovakiya

E guruhida favorit sanalganlar 1-turda magʻlubiyatga uchradi. Lukaku tanqid ostida qolgan uchrashuvda Slovakiya Belgiya terma jamoasini minimal hisobda magʻlubiyatga uchratdi.

Oʻyindagi yagona golga 7-daqiqada Yuray Kukaning uzatmasidan unumli foydalangan Ivan Shranz mualliflik qildi. Romelu Lukaku bir nechta qulay vaziyatni koʻkka sovurishi ortidan uchrashuv yakunigacha shu hisob saqlanib qoldi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Stanislav Lobotka (“Napoli”).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng E guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.


Turkiya 3 — 1 Gruziya

Mazkur juftlik toʻqnashuvi qiziqarli tus oldi. Daraja jihatdan bir-biriga yaqin jamoalar 1-turning eng qiziqarli uchrashuvini oʻtkazishdi. Yevropa chempionatida debyutanti tajribali Turkiyaga yetarlicha qarshilik koʻrsata oldi.

Uchrashuvning dastlabki daqiqalar teng kurashlar ostida oʻtdi. 25-daqiqaga kelib, himoyachining qaytarga toʻpini toʻxtatmasdan darvozaga yoʻllagan Mert Muldur hisobni ochdi. Bundan keyingi hujumdayoq turkiyalik Kenan Yildiz gol urgandi, ammo u ofsayd tufayli hisobga olinmadi.

32-daqiqada Geoge Mikautadze Gruziyaning tarixiy goliga mualliflik qildi va hisobni tenglashtirdi.

Bahsning 65-daqiqasida 19 yoshli “Real Madrid” jamoasi a’zosi Arda Guler gruziyaliklar darvozasiga supergol kiritdi. Bu Arda uchun odatga aylanmoqda, u terma jamoadagi debyut golini ham ajoyib tarzda uzoq masofadan kiritgandi.

Bahs yakunida Gruziya vakillari burchakdan toʻp kiritayotgan vaqtda darvozabon ham hujumga qoʻshildi, ammo pas muvaffaqiyatsiz chiqqandan soʻng turkiyaliklar toʻpni egallab oldi va Muhammadkarim Oqturkoʻgʻli deyarli butun maydonni katta tezlik bilan kesib oʻtib, boʻsh darvozaga toʻpni joylab qoʻydi. Hisob — 3:1!

Eng yaxshi oʻyinchi — Arda Guler (“Real Madrid”).


Portugaliya 2 — 1 Chexiya

1-turga yakun yasab beruvchi oʻyinda Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya Chexiya terma jamoasini irodali tarzda magʻlubiyatga uchratdi.

Oʻyinning 62-daqiqasida Lukas Provod hisobni ochdi. 69-daqiqada chexiyaliklar yana bir gol urishga muvaffaq boʻldi, ammo bu safar oʻz darvozasiga, Robin Hranak oʻz hisobiga avtogol yozdirib qoʻydi.

87-daqiqada Diogo Jota Portugaliyani hisobda oldinga olib chiqishga muvaffaq boʻlgandi, ammo vaziyatni VAR koʻrib chiqqandan soʻng ofsayd borligi aniqlanib, gol bekor qilindi. Shunday boʻlishiga qaramay, Portugaliya gʻalab goʻlini 90+2-daqiqada kiritdi. Unga Fransisko Conseisao mualliflik qildi.

Eng yaxshi oʻyinchi — Vitinya (PSJ).

Ushbu uchrashuvlardan soʻng F guruhidagi vaziyat quyidagicha shakllandi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ