“Sky Camp Boʻstonliq 2024”: Togʻ sporti festivali qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 568
“Sky Camp Boʻstonliq 2024”: Togʻ sporti festivali qanday oʻtdi?

29−30 iyun kunlari Boʻstonliq tumanida “Sky Camp Boʻstonliq 2024” togʻ sporti festivali boʻlib oʻtdi. U O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumiga kiradi va Boʻstonliqda oʻtkazilgan ikkinchi poyga hisoblanadi.

Afisha.uz muharriri marafonda qatnashdi va quyida oʻz taasurotlari bilan boʻlishadi.

Parij shahrida 26-iyul kuni Olimpiada oʻyinlari boshlanadi. Boʻstonliq tumanidagi “Sky Camp Boʻstonliq 2024” togʻ sporti festivalida ham mini-olimpiada guvohiga aylandik. Chunki festivalda faqatgina yugurish musobaqasi oʻtkazilmadi.

Hammasi 29-iyun kuni erta tongda Sky Camp BIKE tog‘ yo‘l velopoygasidan boshlandi. Unda ishtirokchilar 13,5 kilometr masofani bosib oʻtishi va shu bilan birga 691 metr balandlikka koʻtarilishi kerak edi. Musobaqada gʻoliblikni maqsad qilgan velopoygachilar ham, “Amirsoy"ning goʻzal peyzajlaridan bahramand boʻlishni istagan ishtirokchilar ham qatnashdi.

Ha, mana shu yerda Boʻstonliq tumanida joylashgan “Amirsoy” togʻ-kurortining jozibali tabiatini alqash lozim. Toʻrt tarafingizni ham oʻrab turadigan togʻlar, toza va salqin havo hamda quyosh tigʻidan asraydigan yashillik tabiatning — afsuski biz bora-bora yoʻqotayotgan tabiatning — inson uchun qanchalik muhim, shuningdek, buyuk ekanini koʻrsatadi.

Sky Camp BIKE tog‘ yo‘l velopoygasida erkaklar o‘rtasida 38:14,4 natija bilan Timur Koreshkov, ayollar o‘rtasida 47:30,1 natija bilan Kristina Ivanova g‘olib bo‘ldi.

Bundan keyin, Sky Camp TRAIL noravon joylarda yugurish musobaqalariga start berildi. Unda ishtirokchilar 10 va 20 kilometr masofaga hamda 619 metr va 1238 metr balandlikka yugurdi. Ta’kidlanishicha, marafonga boʻlgan qiziqish va ishtirokchilar soni har safar ortib bormoqda.

Insonning irodasi, matonatini sinovdan oʻtkazadigan marafonlar aniq belgilangan vaqtlarda, kechikmay start oldi. Startdan avvalroq ishtirokchilar oʻziga ishonch bagʻishlash va bir-birlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida teskari sanoqni oʻtkazishdi.

“Sky Camp TRAIL” Xalqaro treyl yugurish uyushmasi (ITRA)ning guvohnomasiga ega boʻlib, unda qatnashadigan ishtirokchilar ITRA ballarini qo‘lga kiritadi. “Sky Camp TRAIL” bunday imkoniyatni qoʻlga kiritgan O‘zbekistondagi ilk yugurish yo‘lagi hisoblanadi.

Finishga yetib kelgan barchaga suv, medal va quritilgan yeguliklar taqdim etildi. “Sky Camp TRAIL"da 10 kilometr masofada erkaklar o‘rtasida Mamedov Vladislav 52:36 natija bilan, ayollar o‘rtasida 1:03:08 natija bilan Marina Hmelevskaya, 20 kilometrlik poygada esa erkaklar o‘rtasida 2:06:22 natija bilan Rafael Zinurov, ayollar o‘rtasida 2:52:06 natija bilan Albina Kazaryan g‘olib bo‘ldi.

Shu oʻrinda festivalda mehnat qilgan volontyorlar jamoasini ham alohida e’tirof etish zarur. Ular tun-u kun ishtirokchilar va mehmonlar uchun qulay sharoitni yaratish uchun jon kuydirdi.

“Sky Camp Boʻstonliq 2024” togʻ sporti festivalining ikkala kunida ham plogging oʻtkazildi. Plogging bu qisqa masofaga yugurish davomida hududni chiqindilardan tozalash poygasi hisoblanadi. Festivalda ishtirok etayotgan barcha xohlovchilar plogging uchun roʻyxatdan oʻtishi va bunday yaxshi ishga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Birinchi kunda ham, ikkinchi kunda ham plogingga qiziqish bildirganlar soni koʻp boʻldi. Ular oʻzlari yashayotgan, nafas olayotgan tabiat uchun katta ishni amalga oshirdi.

Roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar kurator va uning ikki koʻngilli yordamchilaridan tashqari birinchi kuni 18 nafarni, ikkinchi kuni esa 43 kishini tashkil qildi.

Chiqindilarni yigʻish statistikasi quyidagicha:

  • 29-iyun — 28 ta toʻliq qop;
  • 30-iyun — 44 ta qop.

Ma’lumot uchun, qoplarning hajmi 41 litrni tashkil qiladi.

Birinchi kunning soʻngida madaniy dastur doirasida Anton Sevidov solistligidagi “Tesla Boy” guruhining konserti bo‘lib oʻtdi. Guruh o‘z taronlarini ijro etib, elektro-pop musiqasining betakror sadolari bilan tomoshabinlarni raqsga tushishga va bir maqsad yoʻlida yanada birlashishga undadi.

Ikkinchi kun esa “Sky Camp ZEN” yugurish, yoga va meditatsiyani birlashtiradigan poygalar starti bilan boshlandi. Unda ishtirokchilar 2 kilometrga yugurdi, finishdan soʻng esa yoga va meditatsiya bilan shugʻullandi. Ishtirokchilarning barchasiga medallar taqdim etildi.

Festival musobaqalariga Sky Camp PEAK poygasi yakun yasadi. Amirsoyning quyidan yuqori bekatigacha bo‘lgan 4,2 kilometr masofaga 724 metr balandlikka ko‘tarilish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Tursunov Shahboz va Abdurahmonov Shahrom 38:42,2 va 38:42,3 natija bilan birgalikda marrani zabt etdi. Ayollar o‘rtasida esa Hmelevskaya Marina 43:50,8 natija bilan g ‘olib bo‘ldi.

Shuningdek, PEAK masofasida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi mutlaq hisobdagi g‘oliblar 2021-yilda o‘rnatilgan avvalgi rekordni yangiladilar. Shundan soʻng gʻolib va sovrindorlar sovgʻalar va medallar bilan taqdirlandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Fotosuratchi: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi axborot xizmati