Parij-2024. Bugun Hasanboy Doʻstmatov ikkinchi bor Olimpiya chempionligini qoʻlga kiritishi mumkin
Parij Olimpiadasining 13-kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 6 sport turida 8 nafar atlet bilan ishtirok etadi.
Olimpiya oʻyinlarining badiiy gimnastika boʻyicha bellashuvlari bugun boshlanadi. Oʻzbekistonlik Taxmina Ikromovaning chiqishi soat 13:00 ga belgilangan.
Bundan tashqari, bugun taekvondochilar, xususan, Ulugʻbek Rashitov bahslarga kirishadi. Uning jangi 13:35 da boshlanadi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston a’zosi Nilufar Zokirova 13:30 da startga chiqadi.
Bundan bir soat oʻtib esa sport kurashlari boʻyicha Gʻulomjon Abdullayev va Javrali Shapiyev bahslarga kirishadi.
Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Alise Faxrutdinova chiqishi soat 17:30 da start oladi. Ta’kidlash joiz, Oʻzbekiston Olimpiadalar tarixida bu sport turida ilk marotaba qatnashmoqda.
Bugun tunda Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medal qoʻshilishi mumkin. Soat 01:35 da Hasanboy Doʻstmatov (-51 kg) final bahsida fransiyalik Bellal Bennamaga qarshi ringga koʻtariladi. Bokschilar Toshkentda oʻtkazilgan Jahon chempionati finalida ham toʻqnash kelgan, oʻshanda Hasanboy fransiyalik raqibini texnik nokautga uchratgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi bayroqdori Abdumalik Xalokov (-57 kg) oʻzining yarim finaldagi jangini avstraliyalik Charli Senyorga qarshi oʻtkazadi. Bu bahs 00:30 da start olishi rejalashtirilgan.