Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi
Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlaridan oʻrin olgan para-yengil atletika sport turi boʻyicha ayollar oʻrtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bahslari boʻlib oʻtmoqda
Unda ishtirok etayotgan oʻzbekistonlik sportchi Asila Mirzayorova dastlabki urinishida 5,22 metr narija qayd etib, ushbu yoʻnalishda Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi.
Qayd etilishicha, ushbu yoʻnalishda avvalgi Paralimpiya oʻyinlari rekordi 1996-yil Atlantada oʻtkazilgan oʻyinlarda oʻrnatilgan. 28 yil avvalgi rekord ispaniyalik Ortiz Ochistkaga tegishli boʻlgan — 5,07 metr.
Oʻzbekistonlik paralimpiyachilar oʻyinlarning birinchi kunida 2 ta medal qoʻlga kiritgandi. Shuningdek, Paralimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtgani haqida xabar berilgan.