Uyda sport bilan shugʻullanish uchun 10 ta mobil ilova

Hozirgi kunda tanani chiniqtiruvchi mashgʻulotlar koʻplab insonlar hayotining bir qismiga aylangan. Ba’zilar sport zallariga chiqib shugʻullanadi, ammo ba’zilarda bunga vaqt topilmaydi. Shu paytda mashgʻulotlarni uyda bajarishga yoʻnaltirilgan mobil ilovalar yordamga keladi.
Bunday ilovalar koronavirus pandemiyasi davrida mashhurlikka erishdi va haligacha sport zallariga muqobil variant sifatida koʻrilmoqda. Bunda nafaqat yoʻl uchun vaqt sarflamaslik, balki mashqlarni samaraliroq bajarish ham mumkin. Afisha.uz uyda sport bilan shugʻullanishga yordam beradigan 10 ta mobil ilovani bir yerga jamladi.
Fitify Workouts
Bu barcha mushaklarni shugʻullantirish imkoniyatini beruvchi mobil ilova boʻlib, choʻzilish, yoga, anaerob, kardio va boshqa foydali mashqlar uchun maxsus dasturlar mavjud. Undagi dasturlar foydalanuvchining tayyorgarlik darajasiga qarab toifalarga bo‘linadi. Hatto professionallar uchun ham mashg‘ulotlarni topish mumkin.
Mobil ilovani qulay tarzda sozlash mumkin, shuningdek, o‘ziga xos rag‘batlantirish tizimi ham mavjud. Bundan tashqari, rivojlanishni jadvallar orqali kuzatib borish mumkin.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
MyFitnessPal
Ushbu mobil ilova orqali mashgʻulotlardan tashqari ovqatlanish ratsionini ham kuzatib borish mumkin. Ilova o‘zining keng ko‘lamli ma’lumotlar bazasi tufayli “Salomatlik va fitnes” toifasidagi eng ommabop ilovalar qatoriga kiradi.
Agar MyFitnessPal platformasidan foydalanishni boshlamoqchi bo‘lsangiz, buni kompyuter yoki smartfon orqali osongina amalga oshirish mumkin.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Nike Training Club
Nike sport kiyimlari va anjomlari brendi haqida deyarli barcha eshitgan. Personal muxlislar esa sport bilan ham ushbu ilova orqali shugʻullanishi mumkin. Nike Training Club ilovasida yoga, anaerob va boshqa mashqlarning 180 dan ortiq turlarini topish mumkin. Shuningdek, shaxsiy maqsadlar asosida ma’lum vaqtlik fitnes dasturlarini yaratish mumkin.
Bundan tashqari, bu ilovada mashhur sportchilar ishtirokidagi maxsus dasturlar ham mavjud. Masalan, Krishtianu Ronaldu, Serena Uilyams va boshqa taniqli shaxslar shugʻullanishdagi motivatsiyani oshirishda yordam beradi.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Adidas Training Club
Yuqoridagi kompaniyaning raqobatchisi boʻlgan Adidas’ning ham oʻz ilovasida mavjud. Unda mashgʻulotlar foydalanuvchining tayyorgarlik darajasiga qarab ajratilgan boʻlib, professionallar, oddiy sportchilar yoki endi boshlovchilar ham oʻziga kerakli dasturlarni topadi. Turli mushaklar uchun qisqa 4−8 daqiqalik va katta koʻp vaqtli mashgʻulotlar mavjud.
Har bir mashg‘ulot chigalyozdi mashqlaridan boshlanadi — bu yuklamalar paytida jarohatlanishning oldini oladi. Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlarga qarab individual ravishda dasturlarni tanlash mumkin. Shuningdek, “Professionallardan” boʻlimi ham boʻlib, u orqali aniq maqsad qoʻyish va unga yetish uchun ilovaning metodik yordamini olish mumkin.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Fitness Buddy
Fitness Buddy ilovasi virtual shaxsiy murabbiy va diyetologga o‘xshaydi. Unda uyda yoki sport zalida bajarish mumkin bo‘lgan yuzlab mashg‘ulotlar, shuningdek, individual ovqatlanish rejalari va retseptlar bor.
Barcha mashqlar aniq ko‘rsatmalar va videolarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, uzoq vaqtlik mashgʻulot rejalari ilovani boshlovchilar uchun ham, tajribali sportchilar uchun qulaylashtiradi.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Freeletics
Freeletics ilovasi istalgan vaqtda va istalgan joyda mashq qilish imkonini beruvchi odatiy krossfit vazifalar yordamida raqamli shaxsiy murabbiyni yaratishga moʻljallangan.
Sozlamalarga kiritilgan ma’lumotlarni oʻrgangan holda ilova texnikaga va mashg‘ulotlarga yondashuvni yaxshilash uchun yangi usullarni taklif qiladi. Freeletics rasmiy saytida ta’kidlanishicha, minglab odamlar allaqachon vazn yo‘qotish va kuchliroq bo‘lish uchun Freeletics’dan foydalanishni boshlagan.
Yuklab olish uchun: Android / iOS.
Seven
Agar bir kunda fitnes bilan shug‘ullanish uchun kamida yetti daqiqa vaqt bo‘lsa, Seven ilovasi istalgan paytda va istalgan joyda, hech qanday uskunalarsiz, natija koʻrishga yordam beradi.
Ilmiy tadqiqotlarga asoslangan mashg‘ulotlar bilan ushbu ilova eng qisqa vaqt ichida maksimal natijaga erishish uchun ishlab chiqilgan. 7 daqiqalik mashg‘ulot — bu yuqori intensivlikdagi intervalli mashg‘ulot dasturi. Hammasi bo‘lib 12 ta mashq bajariladi, har biri 30 soniyadan, tanaffus esa 10 soniyadan iborat.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
8fit
8fit fitnes va uning atrofidagi barcha narsani birlashtirgan keng qamrovli, ammo oddiy ilova hisoblanadi. Kaloriyalar haqida ma’lumot olish uchun hisob-kitob qilish mashqlar haqida yangi ma’lumotlarni bilib olish uchun jurnallar oʻqish shart emas.
Ilova mashqlar, shuningdek, ovqatlanish rejimini ham tuzadi. Shu sababdan telefonga qarash va ekranda yozilgan vazifani bajarish kifoya.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Sworkit Fitness
Sworkit ilovasida boshlovchi, yarim professional va professional sportchilar uchun tuzilgan rejalar mavjud. Shuningdek, ortiqcha vazndan xalos boʻlish uchun mashqlar bo‘yicha ulkan ma’lumotlar bazasi boʻlib, bu hech qanday uskuna yoki trenajyor zaliga a’zo boʻlmay turib shugʻullanish imkonini yaratadi.
Ilovaga shaxsiy ma’lumotlarni kiritgandan keyin maqsadlarni tanlash mumkin. Mashg‘ulotlarni boshqarish paneli ilovaning o‘zida namoyish etilgan anaerob, kardio, yoga va cho‘zilish mashqlarini taklif etadi. Individual mashg‘ulotlarni rejasini tuzish imkoniyati ham mavjud.
Yuklab olish uchun: Android / iOS
Workout Trainer
Workout Trainer — trenajyorlar va maxsus gantellar talab qilinmaydigan ko‘p sonli mashg‘ulotlarga ega ilova.
Barcha dasturlar turli darajadagi murakkabliklarga ega va eng oddiydan boshlab, yuklamani asta-sekin oshirib boradi. Workout Trainer’da, shuningdek, ogʻir mashgʻulotlar uchun maxsus mashqlar ham mavjud.
