Prezident kubogi xalqaro ot sporti musobaqalarida o‘zbekistonlik chavandozlar sovrinli o‘rinlarni egalladi

Toshkentda 17-27 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Prezident kubogi doirasidagi xalqaro ot sporti musobaqalarida o‘zbekistonlik chavandozlar Six Barer dasturida barcha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
17−27 aprel kunlari Toshkent shahri Universal Horses Stable ot sporti klubida ushbu sportning to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, Jahon kubogi 1−2-saralash bosqichlari, Osiyo kubogi, CDI-1* hamda FIE Dressage World Challenge kabi xalqaro nufuzli musobaqalar bo‘lib oʻtdi.
Har yili aprel oyida Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar yildan yilga nufuzi oshib turnirlar soni ortib bormoqda. Joriy yilda ham ilk bor ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha yangi dastur Six Barer (6 ta to‘siq) musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu dasturning ahamiyati shundaki, bahslar davomida chavandozlar hamda tomoshabinlarga adrenalin va quvnoqlik, ijobiy hissiyotlarni kafolatlaydi.
26-aprel kuni o‘tkazilgan Six Barer (6 ta to‘siq) musobaqasi uchun sovrin jamg‘armasi 12 ming AQSH dollarni tashkil etdi. Dasturda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi hamda Oʻzbekistonning 15 nafar yetakchi chavandozlari bellashdi.
Bahslar 150 sm balandlikdagi to‘siqlarni zabt etishdan boshlandi. Musobaqa qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tdi, to‘siqlar rekord balandlik 2 m (ikki metr) ni zabt etish bilan yakunlandi. Shokirov Dilshod o‘zining Alonso 43 laqabli otida dasturni 190 sm balandlikni 4 ta jarima bali bilan 3-o‘rin, Erkinov Alisher Cool Dancer laqabli otida 2 m (ikki metr) balandlikdagi to‘siqlarni 4 ta jarima bali bilan 2-o‘rin hamda Turg‘unboyev Saidamirxon Jordy laqabli otida 2 m (ikki metr) balandlikni jarimasiz fahrli 1-o‘rin bilan yakunlab bosh sovringa ega bo‘ldi. Barcha sovrinli oʻrinlarni oʻzbekistonlik chavandozlar egalladi.
Six Barer (6 ta to‘siq) dasturi tomoshabinlarda ko‘tarinki ruh va yuqori taassurot qoldirdi.
Reklama huquqlari asosida.