Polvonlar shousi: Xivada Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan “Strongmen” turniri boʻlib oʻtdi

E’lon qilingan sana· 87
Polvonlar shousi: Xivada Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan “Strongmen” turniri boʻlib oʻtdi

Xorazm viloyatining Xiva shahrida 12−13 iyun kunlari Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan beshinchi “Strongmen” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. Unda gʻoliblik uchun 17 davlatdan tashrif buyurgan 22 nafar sportchi kurash olib bordi. Afisha.uz muxbirlari ham musobaqani kuzatdi va undan reportaj tayyorladi.

Musobaqalar yangi ochilgan “Arda Xiva” majmuasida 12-iyun kuni kunduzi Xiva shahri hokimi Temur Davletovning soʻzlari bilan boshlandi. U ishtirokchilarni Xivada navbatdagi musobaqada koʻrib turganidan xursand ekanini aytib, barchaga omad tiladi. Shuningdek, u ishtirokchilarning tartib raqamlarini aniqlash uchun qur’a tashlashda ham ishtirok etdi.

Sportchilar oltita shart boʻyicha kurash olib bordi. Ularning barchasi polvonlarning nafaqat kuchli, balki matonatli va chidamli ekanini ham sinovdan oʻtkazdi. Avstraliya, Gruziya, Eron, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan ishtirokchilar birinchi kunda “Qoʻqon aravasini tortish”, “Moʻynoq langari” va “Choʻgirma otish” kabi oʻyinlar boʻyicha bellashdi.

“Xalqaro darajada tashkillashtirilayotgan ushbu bahodirlar oʻyini Xiva shahrida oʻtkazilayotgani sayyohlar oqimining koʻpayishiga, sportga boʻlgan e’tiborning oshishiga katta hissa qoʻshadi”, — deydi Xiva shahri hokimi o‘rinbosari Bekzod Voyisev.

Qoʻqon aravasi va langarni belgilangan masofaga tortib borish kerak talab etilgan boʻlsa, qum toʻldirilgan choʻgirmalarni ma’lum balandlikka uloqtirish lozim edi. Musobaqani tomosha qilish davomida ishtirokchilarning barchasi kuchli ekanini, biroq oʻyinlarda gʻolib boʻlish uchun texnik jihatdan ham usta boʻlish kerakligini tushunish mumkin edi.

Oʻzbekistonlik sportchi Muhammad Ali Toʻxtamatov musobaqada uchinchi bor qatnashayotganini, oʻtgan yili esa ikkinchi oʻrinni olganini ta’kidladi.

Ikkinchi kungi musobaqalarni “Tegirmonchi” deya nomlangan oʻyin ochib berdi. Yakuniy ikki shart esa “Ichan qal’a” majmuasida oʻtkazildi. Barcha natijalar taqdiri hal qilinadigan oʻyinlar “Xiva ustunlari” hamda “Jaloliddin va Amir Temur qilichlari” deb nomlangandi.

Unda ishtirokchilar ustunlarni va ogʻir qilichni iloji boricha koʻproq vaqt davomida ushlab turishi kerak edi. Bu musobaqalar “Ichan qal’a"da sayr qilayotgan muxlislarning ham diqqatiga sazovor boʻldi.

Barcha shartlar yakunlangach, natijalar sarhisob qilinib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi hamda tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Reza Geyitasi (Eron), 2-o‘rin Muhammad Ali To‘xtamatov (O‘zbekiston), 3-o‘rin Yokubaytis Audrius (Litva) mukofotlandi.

Bundan tashqari barcha sportchilar o‘z ishtiroklari natijalariga ko‘ra turli miqdordagi mukofot pullari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Arina Melnichuk
Fotosuratchi
Arina Melnichuk
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling