Afsonalar yangi yulduzlarga qarshi: iTV Media Football Cup – 2025 qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 72
Afsonalar yangi yulduzlarga qarshi: iTV Media Football Cup – 2025 qanday o‘tdi?

Bundan roppa-rosa bir yil oldin YouTube sahifamizda O‘zbekistondagi eng yirik media jamoa — “Unwanted Boys” vakillari bilan intervyu e’lon qilgandik. Orada bir yil o‘tib, media futbolda boshqa nomlar ham paydo bo‘ldi, lekin “Unwanted"da “eng yirik” tavsifi qoldi (buni mana bu statistika ham aytib turibdi, raqamlar farqi ancha sezilarli), desak mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki bu jamoaning fanbazasi bu vaqtda yana kengaydi. Bugun ular yana qahramonimiz. Faqat boshqa sabab bilan.

Avgust oyida O‘zbekistonda ilk media futbol kubogi o‘tkazildi. iTV Media Football Cup'da 8 ta jamoa qatnashdi: “Unwanted Boys”, “Black Bulls”, “Blaze”, “Onetash”, “Legens”, “Cosmos”, “Tanish-bilish”, “Avengers”. Format va qoidalar odatiy futboldagidek, faqat bunda bir oʻyin 90 daqiqa emas, 70 daqiqa davom etdi (bir taym 35 daqiqadan). Ular toʻrttadan ikki guruhga boʻlib turnirni boshlashdi

Shubhasiz, media jamoalar ichida eng taniqlisi — “Unwanted”, ammo bu turnirga taklif qilingan yana bir jamoa bor, ular to‘laligicha afsonalardan iborat — UFU, ya’ni “Uzbekistan Football Legends” safida Odil Ahmedov, Sanjar Tursunov, Lutfullo To‘rayev, Farhod Tojiyev, Bahodir Pardayev, Vladimir Kozak, Zohir Pirimov, Artyom Filiposyan kabi yaqin o‘timish yulduzlari to‘p surdi.

Aynan mana shu ikki jamoa finalgacha yetib keldi. Ularga bu yergacha yetib kelish qiyin bo‘lmadi, bir jamoaga jismoniy kuch, uzoq yillar davomida qurilgan jamoaviy o‘yin bunga yordam bergan bo‘lsa, ikkinchisiga tajriba qo‘l keldi. Ikki jamoa ham guruh bosqichida mag‘lub bo‘lmadi, ayniqsa “Unwanted Boys"ning “Black Bulls” ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alabasini alohida qayd etib qo‘yish kerak.

24-avgust kuni JAR stadionida musobaqa finali bo‘lib o‘tdi. To‘g‘risini aytish kerak, ushbu media futbol finaliga ayrim professional futbol uchrashuvlaridan ko‘proq muxlis tashrif buyurdi. Asosiy auditoriya — yosh, voyaga yetmagan bolalar. Ular o‘z qahramonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun hatto maxsus bannerlar ham tayyorlashganini ko‘rish mumkin. Ammo bu bannerlar yaqin o‘tmish yulduzlarining ko‘nglini biroz og‘ritgan bo‘lishi mumkin…

Uchrashuv boshlanishidan oldin afsonalarga maxsus sovg‘alar topshirilib, ularga ehtirom ko‘rsatildi. Undan keyin esa maydonda yangi yulduzlar va afsonalar uchrashuvi boshlandi.

U haqiqiy jangga aylanib ketdi. Dastlab “Unwanted” hisobda oldinga chiqdi, keyin Lutfullo To‘rayev hisobni tenglashtirdi va bundan hech qancha o‘tmasdan Bahodir Pardayev to‘pni raqib darvozasiga joylab, afsonalarni oldinga olib chiqdi.

Ammo yigitlar taslim bo‘lmadi — Radik (Radion Yangirov, u keyinchalik finalning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi) hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. 69-daqiqada Elyor (“Unwanted Boys”) tomonidan kiritilgan gol super chiqishi bilan birga, raqib jamoa e’tiroziga sabab bo‘ldi — to‘p chiziqni kesib o‘tdimi yoki yo‘q — yakunda hakam golni hisobga oldi va bu “Unwanted Boys"ga iTV Media Football Cup turniri bosh sovrinini keltirdi.

Final uchrashuvining eng yaxshi o‘yinchisiga aylangan Radion Yangirovning muxlislari ko‘p ekanini payqash qiyin emasdi — u maydonga tushayotganda paytda muxlislar uning ismini aytib qichqirdi, gol urganda esa stadionda yana qiy-chuv bo‘ldi, o‘yindan keyin esa bolalar kelib uning (va nafaqat uning) futbolkasini so‘radi. Aytgancha, Radik turnir to‘purari bo‘ldi, uning hisobida 5 ta o‘yinda 6 ta gol bo‘ldi.

Barcha individual sovrinlar ham chempion jamoa a’zolariga ketdi: “Eng yaxshi o‘yinchi” — Xushnud, “Eng yaxshi darvozabon” — Maxa, To‘purar — Radik.

Uchrashuvdan keyin final qatnashchilarining bir nechtasi bilan suhbatlashdik. “Unwanted Boys” jamoasi a’zosi bloger Timur Alixonov ushbu uchrashuvdan ko‘ngli to‘lgani, asosiysi yigitlarning o‘yini ochilganidan xursand bo‘lganini aytib, o‘zi nega futbol o‘ynamayotganini tushuntirdi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling