Rasman: Fabio Kannavaro – Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi

E’lon qilingan sana· 44
Rasman: Fabio Kannavaro – Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga yangi murabbiy tayinlandi. Timur Kapadze oʻrnini italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro egalladi., Oʻzbekiston futbol assotsatsiyasi u bilan shartnoma tuzganini e’lon qildi.

Italiyalik mutaxassis milliy terma jamoani AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida oʻtadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi. U bilan necha yillik shartnoma tuzilgani hozircha rasman ma’lum emas.

Murabbiylar shtabida Kannavaroga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:

  • Aujeniyo Albarella — yordamchi murabbiy (Yaponiya terma jamoasi, “Yuventus”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb"da ishlagan);
  • Troize Fransesko — jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy (“Benevento”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb"da faoliyat yuritgan);
  • Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar terma jamoasi, “Sampdoria” va “Spal” klublarida ishlagan).

Fabio Kannavaro futbolchilik faoliyati davomida 3 marta Jahon chempionatida ishtirok etgan, 2006-yilgi mundialda esa gʻolib boʻlgan. Oʻsha yili u “Oltin toʻp"ni ham qoʻlga kiritgan. U “Napoli”, “Inter”, “Yuventus” va “Real Madrid” jamoalarida markaziy himoyachi sifatida toʻp surgan.

Mutaxassisning murabbiylik faoliyatida Xitoyning bir necha klublari va milliy terma jamoasi, “Dinamo Zagreb” va “An Nasr” klublarini boshqargan.

Afisha.uz biroz avval Fabio Kannavaro MTJga bosh murabbiy boʻlishiga qanday munosabatda ekaniga qiziqib, Toshkent aholisi orasida oʻtkazilgan soʻrovnomani e’lon qilgandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling