O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi FEI Solidarity Group a’zosi etib tayinlandi

E’lon qilingan sana· 74
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi FEI Solidarity Group a’zosi etib tayinlandi

O‘zbekiston jahon ot sportidagi o‘rnini mustahkamlamoqda: O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Baxromjon G‘oziev sohani global darajada rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan FEI Solidarity Group qo‘mitasiga kirdi.

4−7-noyabr kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ot sporti federatsiyasi’ning (FEI) yillik bosh assambleyasida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi (HEFU) raisi, Yevroosiyo ot sporti assotsiatsiyasi (EEA) vitse-prezidenti hamda Osiyo ot sporti federatsiyasi (AEF) vitse-prezidenti Baxromjon G‘oziev FEI Solidarity Group qo‘mitasining a’zosi etib tayinlandi.

Baxromjon G‘oziev Yevroosiyo ot sporti assotsiatsiyasini (EEA) ifodalovchi vakil sifatida ushbu lavozimga tayinlanib, bu lavozimda Qirg‘iziston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Sadir Mamyitovni almashtirdi.

Bosh assambleya ishida FEI’ga a’zo 134 davlat vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston 2027-yilda FEI bosh assambleyasini Toshkent shahrida o‘tkazish uchun rasmiy ariza topshirdi. Xalqaro mutaxassislar fikriga ko‘ra, mamlakatning bu tashabbusi ma’qullanish ehtimoli yuqori bo‘lib, bu O‘zbekistonning jahon ot sporti sohasidagi nufuzini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.


FEI Solidarity — Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) tomonidan 2011−2012-yillarda Olympic Solidarity dasturi namunasi asosida tashkil etilgan rasmiy dasturdir. Uning maqsadi — FEI’ga a’zo mamlakatlarda, ayniqsa kadrlar salohiyati, infratuzilma va ta’lim imkoniyatlarini mustahkamlash zarur bo‘lgan davlatlarda, ot sportini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash.

FEI Solidarity faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

  • milliy federatsiyalarga moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish (grantlar, jihozlar, stipendiyalar);
  • murabbiylar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash (kurslar, seminarlar, murabbiylik dasturlari);
  • yoshlar va inklyuziv loyihalarni rivojlantirish, milliy ot sporti tizimlarini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslar.

FEI Solidarity Group qo‘mitasi FEI’ning to‘qqizta mintaqaviy guruhi (Groups I-IX) vakillarini birlashtiradi va butun dunyo bo‘ylab ot sportini rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslarni amalga oshirish uchun ma’sul.

Reklama huquqlari asosida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling