Toshkentda "Dota 2" boʻyicha yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqadan reportaj

17−19 noyabr kunlari Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan “Cyber Arena” majmuasida kibersportning “Dota 2” yo‘nalishi bo‘yicha “Ziyo Cup” Respublika turniri tashkil etildi. Unda Afisha.uz muxbirlari ham qatnashdi va reportaj tayyorladi.
“Ziyo Cup” faqatgina kibersport bilan cheklanib qolmaydi. Unda uch yoʻnalish mavjud boʻlib, kibersportdan tashqari stol tennisi boʻyicha va har yili oʻzgarib turadigan uchinchi sport boʻyicha yoshlar bellashadi.
“Bu musobaqalarni oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sportdagi yutuqlarini e’tirof etish va xavfsiz muhitdagi musobaqalarga sharoit yaratib berish”, — deya ta’kidladi Sirojiddin Bozarov.

Bunga qadar “Dota 2” boʻyicha turnir uchun saralash bosqichlari oʻtkazilgan. Unda Oʻzbekiston bo‘ylab 68 ta davlat va nodavlat Oliy ta’lim muassasalaridan jami 500 nafarga yaqin talaba ishtirok etgan.

Avvalgi kibersport musobaqalari “CS 2” oʻyini boʻyicha oʻtkazilgan. Bu safar esa strategiyaga asoslangan “Dota 2” oʻyini tanlangan. Bu musobaqa orqali talabalarning strategik fikrlash, bir jamoa sifatida ishlash, murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalari rivojlanadi.

Turnir yakunida “Ziyo Forum” fondi tomonidan g‘olib va sovrindor jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 18 000 000 so‘mni tashkil etgan boʻlib, quyidagi jamoalar gʻolib boʻldi:
- 1-o‘rin: Vebster universiteti (8 000 000 so‘m),
- 2-o‘rin: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (6 000 000 so‘m),
- 3 va 4-o‘rinlar: Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, EMU universiteti (4 000 000 so‘m).

“Hozirgi raqamli asrda yoshlar yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Biz ham mana shu tendensiyani ushlab qolish maqsadida ushbu musobaqalarni tashkil qilyapmiz. Umid qilamanki, aynan yoshlar takliflaridan kelib chiqilgan holda oʻtkazilayotgan musobaqalar ular oʻrtasida oʻzgacha qabul qilinadi va ularda gʻolib boʻlish ruhiyatini shakllantiradi”, — dedi Sirojiddin Bozarov.
Qayd etilishicha, avvalgi musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yoshlar keyinchalik kibersport boʻyicha tashkil qilingan Osiyo chempionatida gʻolib boʻlgan.

“Dota 2"ni 4−5 yildan beri oʻynab kelaman. Bu jamoaviy strategik oʻyin boʻlib, yechimlarni ham jamoa boʻlib chiqarish kerak. Musobaqa yaxshi ruhda oʻtmoqda, buning uchun tashkilotchilarga rahmat aytamiz. Bu yerda birinchi oʻrinni olsak, keyinchalik oʻsib, katta musobaqalarda qatnashish istagi bor”, — dedi musobaqa ishtirokchilaridan biri.
Oxirgi paytlarda kibersport boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalar koʻpaydi. Aynan “Dota 2” oʻyini boʻyicha oʻtkazilayotgan turnir esa koʻplab yoshlarning birlashishiga sabab boʻlganini sezish qiyin emas. Shuningdek, sogʻlom raqobat muhiti ham yaratilgan. Ushbu ijobiy holatlar “Ziyo Cup"ning boshqa yoʻnalishdagi musobaqalarida ham davom etishini kutish mumkin.