Oʻzbekistonning JChdagi oʻyinlariga chiptalar narxi ma'lum boʻldi

E’lon qilingan sana· 239
Oʻzbekistonning JChdagi oʻyinlariga chiptalar narxi ma'lum boʻldi

O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 guruh bosqich o‘yinlari uchun chiqariladigan chiptalar narxi ma’lum qilindi. FIFA Jahon chempionati oʻyin chiptalari egalarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan tasodifiy tanlov bosqichi uchun ariza qabul qilishni boshladi.

FIFA AQSh, Kanada va Meksikada oʻtadigan JCh oʻyinlariga chiptalarni toʻgʻridan-toʻg'ri sotmaydi, bu uchun yangi tizim joriy qilindi. Hozircha faqatgina sotib olish uchun ariza berish mumkin. Buning uchun muxlislar FIFA rasmiy platformasida roʻyxatdan oʻtishi va ariza berish jarayonida “My Team Uzbekistan” bandini tanlab, aynan oʻzbekistonlik muxlislar uchun ajratishlar sektorlar boʻyicha chipta uchun soʻrov yuborishlari kerak.

Chipta egalari kelasi yil fevral oyida FIFA tomonidan tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi va to‘lovlar arizada ko‘rsatilgan karta ma’lumotlari asosida avtomatik amalga oshiriladi. Arizalar qabuli 2026-yilning 13-yanvar kuniga qadar davom etadi.

JCh-2026 1-turi doirasida O‘zbekiston — Kolumbiya o‘yini uchun e’lon qilingan chiptalar narxi toifasiga qarab, 220dan 600 dollargacha narxlangan. Bu bahs 17 iyun kuni Meksikada 83 ming tomoshabin sig‘imiga ega Mexiko Sitidagi arenada bo‘lib o‘tadi.

Barchaning diqqat markazida bo‘ladigan O‘zbekiston — Portugaliya o‘rtasidagi bahs uchun chiqarilgan chiptalar narxi esa 265dan 700 dollargacha belgilangan. Bu o‘yin 23 iyun kuni AQShning Hyuston shahridagi 72 ming sig‘imiga ega stadionda bo‘lib o‘tadi.

Guruhdagi 3-tur o‘yini doirasidagi O‘zbekiston hamda saralash bosqich pley-off g‘olibi (Yangi Kaledoniya / Yamayka/ Kongo) o‘rtasidagi bahs uchun chipta narxi esa nisbatan arzon — 140dan boshlanib 450 dollargacha. 27 iyun kungi bu o‘yin AQShning Atlanta shahridagi 75 ming tomoshabin sig‘imiga ega arenada bo‘lib o‘tadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatida “K” guruhida oʻynaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling