"Manchester Siti" oʻzbek tilida post joyladi. Bu hamkorlikka ishora boʻlishi mumkin

E’lon qilingan sana· 99
"Manchester Siti" oʻzbek tilida post joyladi. Bu hamkorlikka ishora boʻlishi mumkin

Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi Instagram sahifasida oʻzbek tilida post paydo boʻldi. Unda ishlatilgan heshteg yangi oʻzbekistonlik hamkorga yoki ularning Oʻzbekistonga safariga ishora boʻlishi mumkin.

Postda Abduqodir Husanov, Erling Holland va Fil Fodenlarning surati joylashtirilgan. Shuningdek, suratning yuqori qismiga 19.12.2025 sanasi yozilgan.

Shuningdek, izohda “O‘zbekiston… tayyormisiz? Ishonchli yangi hamkor yo‘lga chiqmoqda”, deb yozilib, #KattaQadamIshonchliZarba heshtegi ishlatilgan.

Bu klubning biror yirik oʻzbek brendi bilan hamkorlik qilishiga yoki futbolchilarning Oʻzbekistonga tashirifiga ishora boʻlishi mumkin. Internet foydalanuvchilari postdagi sanadan kelib chiqib, "Siti" egalari "Qoʻqon-1912" klubini sotib olishi yoki shuning qoshida klub akademiyasi ochishini taxmin qilmoqda. 

Shu yilning yozida “Manchester Siti"ga egalik qiluvchi “City Football Group” holdingi Oʻzbekistondagi “Qoʻqon-1912” klubini sotib olishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqandi. Shundan soʻng qoʻqonliklar rahbari bunga quyidagicha izoh bergan:

“Manchester City"ning BAAlik xoʻjayinlari oʻzbek klublaridan birini sotib olishlari mumkinligi haqida sportimiz rahbarlari bilan uchrashganda ta’kidlab oʻtishgan.

Rahbarlar variant sifatida bir qator klublarni tavsiya etishgan va ular orasida bizning jamoa ham borligi quvonarlidir. Lekin bu ish qachon amalga oshadi, yakuniy tanlovlari qaysi klubga aloqador boʻladi, hozircha bu haqida bilmayman. Klublarga tashrif buyurishib, toʻliq vaziyatlarni oʻrganishib, tahlil qilishib, keyin yakuniy qarorga kelishsa kerak. “Qoʻqon-1912″ City Group ixtiyoriga oʻtadigan boʻlsa, Qoʻqon futbolining ravnaq topishi uchun jiddiy qadamga aylanishi shubhasiz”, — deya javob bergan Akramjon Mamadaliev.

23-avgust kuni esa Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov "Manchester Siti" qarorgohiga borib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishgan. 

Jamoa mutaxassislari oʻzbekistonlik rasmiylarga klubning marketing, akademiya faoliyati va undagi futbol taʼlimi, xalqaro aloqalar, seleksiya va boshqa yoʻnalishlardagi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berishgan.

"Tashrif yakunida rasmiylar “Manchester Siti” jamoasining mashgʻulot bazasini koʻrishdi. Shu yerning oʻzida klub bosh murabbiyi, jahon futboli afsonasi Xosep Gvardiola, qolaversa, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi va "shaharliklar" himoyachisi Abduqodir Husanov bilan suhbat tashkil etildi", deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, “City Football Group” portfelida turli mamlakatlardagi 13 ta futbol klubi, jumladan, “Bahiya” (Braziliya), “Lommel” (Belgiya), “Nyu-York Siti” (AQSh), “Melburn Siti” (Avstraliya), “Montevideo Siti Torque” (Urugvay), “Jirona” (Ispaniya), “Palermo” (Italiya), “Yokogama F Marinos” (Yaponiya), “Trua” (Fransiya), “Mumbay Siti” (Hindiston), “Sichuan Junyu” (Xitoy) va hamkor klub “Bolivar” (Boliviya) bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling