FIFA: 2026-yilgi Jahon chempionati uchun 500 miliondan ortiq chipta so‘rovi kelib tushdi

FIFA 2026-yilda AQSh, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun 500 milliondan ortiq chipta so‘rovi kelib tushganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga koʻra, mezbon davlatlardan tashqari eng ko‘p chipta so‘rovlari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya fuqarolari tomonidan yuborilgan.
Uchinchi savdo bosqichida eng katta qiziqish uyg‘otgan uchrashuv Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘ldi. Ushbu o‘yin 27-iyun kuni Florida shtatining Mayami-Gardens shahrida o‘tkaziladi. Shuningdek, Meksika — Janubiy Koreya (18-iyun, Gvadalaxara), final bahsi (19-iyul, Nyu-Jersi), ochilish uchrashuvi Meksika — Janubiy Afrika (11-iyun, Mexiko) hamda 2-iyul kuni Torontoda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqich o‘yini ham eng ko‘p talab qilingan bahslar qatoriga kirdi.
Avvalroq FIFA ayrim chipta narxlari 8 680 AQSh dollarigacha yetgani uchun tanqidlarga uchragan edi. Shundan so‘ng tashkilot har bir o‘yin uchun 48 ta milliy futbol federatsiyasiga 60 dollarlik chiptalar ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu chiptalarni taqsimlash masalasi federatsiyalarning o‘z ixtiyoriga topshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan edi. Guruhda Portugaliya, Kolumbiya hamda FIFA 1-play-off g‘olibi (Yangi Kaledoniya, Yamayka, Kongo DR) ishtirok etad.
Milliy terma jamoa musobaqadagi ilk uchrashuvini 17-iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. 23-iyun kuni 2-tur doirasida O‘zbekiston Portugaliya bilan bahs olib boradi. 27-iyun kuni esa terma jamoamiz FIFA 1-play-off g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1- va 2-tur uchrashuvlari AQShning Hyuston shahrida yoki Meksika poytaxtida bo‘lib o‘tadi. 3-tur bahsi esa AQShning Mayami yoki Atlanta shaharlaridan birida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Chipta arizalari bo‘yicha javoblar 5-fevraldan keyin e’lon qilinadi. Talab yuqori bo‘lgan o‘yinlar uchun chiptalar tasodifiy tanlov asosida taqsimlanadi.