Shomurodov yil futbolchisi, Kapadze esa eng yaxshi murabbiy – OʻFA eng yaxshilarni aniqladi

E’lon qilingan sana· 387
Shomurodov yil futbolchisi, Kapadze esa eng yaxshi murabbiy – OʻFA eng yaxshilarni aniqladi

30-yanvar kuni O‘FA Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi hamda 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda assotsatsiyaning yillik sarhisoblari va oʻtgan yilning eng yaxshilari e’lon qilindi.

Unga koʻra, 2025-yilning eng yaxshilari quyidagicha boʻldi:

“Yilning eng yaxshi futbolchisi” — Eldor Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birgalikda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olgan hamda “Istanbul Bashakshehir” jamoasi safida muvaffaqiyatli o‘yinlar namoyish etgan Eldor Shomurodov “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topildi. 2024-yilda ushbu sovrinni uning jamoadoshi Abbosbek Fayzullayev qoʻlga kiritgandi.

“Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” — Diyora Habibullayeva

O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi yetakchisi Diyora Habibullayeva “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” deb topildi. U ketma-ket ikkinchi marta ushbu nomga erishdi.

“Yilning eng yaxshi murabbiyi” — Timur Kapadze

Ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, tarixiy natijaga erishgan Timur Kapadze “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb e’tirof etildi.

“Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” — Sadriddin Hasanov

2025-yilda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bilan Osiyo kubogini qo‘lga kiritgan, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan hamda U-17 Jahon chempionatida munosib ishtirok etgan Sadriddin Hasanov “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb e’tirof etildi.

Bundan tashqari, yana bir qator nominatsiyalarda mukofotlar oʻz egalariga topshirildi. Xususan, Oʻzbekistonda 2025-yilning eng yaxshi hakami nomiga Ilgiz Tantashev loyiq koʻrildi. “Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiya” nominatsiyasida Qoraqalpogʻiston FA gʻolib deb topildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling