Qishki olimpiada: O‘zbekiston sportchilaridan kimlar qatnashadi va mash'ala koʻtargan Snup Dogg

6-fevral kuni XXV Qishki Olimpiya o‘yinlariga start beriladi. Musobaqalar 22-fevralga qadar davom etadi. Milan va Kortina-d'Ampezzoda bo‘lib o‘tadigan 2026-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari uchun O‘zbekiston delegatsiyasi 4 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Saralash yakuniga koʻra, Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish figurali uchishning juftlik, Medet Nazarov togʻ changʻisining slalom va gigant-slalom, Daniil Yeybog short-trekning 500 metr masofaga yugurish yoʻnalishlarida Olimpiada yoʻllanmalariga sazovor boʻlishdi.

Biroq Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigirev jarohat olib, musobaqalar boshlanguniga qadar to‘liq tiklana olmagan. Shu sababli O‘zbekiston sportchilari Olimpiadada tog‘ chang‘isi va short-trek dasturlarida ishtirok etadi. Sportchilarimizga omad tilab qolamiz.
Italiyada esa 4-fevral kuni amerikalik reper Snup Dogg 2026-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarining mash’alasini Gallarate shahri ko‘chalarida tantanali tarzda olib o‘tdi. U bu yilgi Olimpiadada AQSh terma jamoasi uchun faxriy murabbiy sifatida ham qatnashadi.
Shuningdek, Snoop Dogg Milan-Kortina 2026 Qishki Olimpiya o‘yinlari davomida NBC telekanali uchun maxsus muxbir sifatida faoliyat yuritadi. Reper 2024-yilgi Parij Olimpiadasidagi chiqishlari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan va musobaqalar sharhiga o‘ziga xos “vayb” olib kirgan edi.