2026-yilgi Qishki olimpiya o‘yinlarining eng yaxshi terma jamoa formalari

Olimpiya o‘yinlari har doim katta qiziqish uyg‘otgan, chunki unda sportchilar nafaqat o‘z mahoratlari bilan davlatlarini himoya qiladi, balki yuqori pog‘onalarga erishishga intiladi. Olimpiya uchun yaratilgan formalar esa shunchaki qulay kiyimlar emas; ular sport funksionalligi, milliy faxr va zamonaviy uslubning uyg‘unligini aks ettiradi. Bunday liboslar ekstremal sharoitlarda maksimal natija ko‘rsatish imkonini beradi hamda butun dunyo oldida milliy o‘zlikni ifodalashga xizmat qiladi.
Albatta, moda hech qachon Olimpiya o‘yinlarining asosiy maqsadi bo‘lmagan. Biroq bugungi kunda u Olimpiya tilining ajralmas qismiga aylangan. Milano-Kortina 2026 formalarida milliy jamoalar dizayn orqali o‘zlari, milliy qadriyatlari haqida soʻzlab, o‘ziga ishonch va madaniy g‘ururni namoyish etadilar. Medal natijalaridan qat’i nazar, bu liboslar kuch va uslub endi bir-biridan ajralmas tushunchaga aylanganini isbotlaydi.
Quyida Milano-Kortina 2026 Qishki olimpiya o‘yinlarining eng did bilan yaratilgan formalarini jamladik.
Mo‘g‘uliston
2026-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarida Mo‘g‘uliston terma jamoasi liboslari yana eng ko‘p muhokama qilinayotgan obrazlar qatoridan joy olmoqda. Goyol Cashmere tomonidan yaratilgan formalar mo‘g‘ul ko‘chmanchi madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan an’anaviy “deel” belbog‘li uzun liboslarni zamonaviy, nihoyatda nafis siluetda qayta talqin etadi. Mo‘g‘ulistonning qahraton qishlari uchun muhim bo‘lgan yuqori sifatli kashmir asosida ishlangan. Yozgi Olimpiya o‘yinlarida terma jamoa uchun yaratilgan unutilmas liboslardan keyin, ushbu kolleksiya mukammal davom sifatida namoyon bo‘ldi.
Gaiti
Gaiti terma jamoasi Milano-Kortina 2026 Qishki Olimpiya o‘yinlarida ikki nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Biroq sportchilar hali qor ustiga chiqmasidan turib, koʻpchilikning e’tiborini tortishga ulgurdi. Italiya va gaitilik dizayner Stella Jin tomonidan yaratilgan qo‘lda bo‘yalgan formalar tropik osmonrang fon ustida tasvirlangan qizil, egarsiz ot obrazi bilan ajralib turadi. Ushbu motiv Gaitida tug‘ilib, ijod qilgan mashhur rassom va haykaltarosh Eduard Duval-Karriye asarlaridan ilhomlangan. Liboslar Gaiti san’ati, tarixiy xotirasi va erkinlik timsolini zamonaviy dizayn orqali ifodalaydi.
AQSh
Amerikaga xos klassik estetika Ralph Lauren tomonidan yaratilgan 2026-yilgi ochilish marosimi liboslarida yana sahnaga qaytmoqda. Bu safar brend “Vintage Americana” ruhini yuqori moda talqinida namoyon etib, oq rangli jun palto, Amerika bayrog‘i tasviri tushirilgan trikotaj sviterlar hamda oppoq shimlardan iborat obrazni taqdim etdi. Ralph Lauren 2008-yildan beri AQSh Olimpiya terma jamoasi uchun rasmiy liboslar yaratib keladi. Bu qariyb 20 yillik meros.
Kanada
Lululemon Milano-Kortina 2026 Qishki Olimpiya o‘yinlarida Kanada terma jamoasi uchun qulaylik va funksionallikka yo‘naltirilgan modul formani taqdim etdi. Liboslarda Kanadaning ramzi bo‘lgan qizil zarang bargi asosiy vizual element sifatida qo‘llangan. Ochilish marosimi uchun mo‘ljallangan qizil jaketlar esa topografik naqshlar orqali Kanadaning tabiat manzaralari tasvirlangan.
Braziliya
Moncler brendi tomonidan yaratilgan Braziliya terma jamoasining formasi alohida e’tibor qozondi. Ustki kiyimlarning dizayni va ichki tarafdagi Braziliya bayrog‘i tasviri ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Braziliya shu paytgacha Qishki Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonmagan bo‘lsa ham, bu yil u esda qoladigan, unutilmas ko‘rinishni taqdim etdi.
Buyuk Britaniya
Milano-Kortina 2026 uchun Buyuk Britaniya terma jamoasining Olimpiya formalarida adidas va Ben Sherman brendlari ijodiy hamkorligi aks etgan. “Primeblue” qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan kolleksiya katta va qalin “Great Britain” yozuvi hamda Union Jack grafikasini o‘z ichiga oladi. E’tiborni tortadigan asosiy element COLD.RDY texnologiyasi bilan ishlab chiqilgan, Italiya Alp tog‘larining sovuq balandliklariga mos kurtka.





















