Oʻzbekistonning Jahon chempionatidagi uchinchi raqibi ma'lum boʻldi

31-mart tunda boʻlib oʻtgan oxirgi saralash uchrashuvlaridan soʻng Jahon chempionatining barcha 48 ta ishtirokchisi aniqlandi. Xususan, Oʻzbekiston joy olgan K guruhining toʻrtinchi ishtirokchisi ham ma’lum boʻldi — Kongo DR.
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati qit’alararo pley off bosqichi finalida Yamayka ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Jamoa musobaqaning “K” guruhidan joy olib, Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun O‘zbekiston terma jamoasi guruhidagi dastlabki uchrashuvni 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Ikkinchi o‘yin 23-iyun kuni soat 22:00 da Xyustonda bo‘lib o‘tadi va unda Portugaliya terma jamoasi raqiblik qiladi.
Kongo Demokratik Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi 3-tur uchrashuvi 28-iyun kuni soat 4:30 da Atlantada o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, bugun tunda Jahon chempionatining barcha 48 ta ishtirokchisi aniqlandi. Yevropadan 4 terma jamoa yoʻllanmani hal qildi, Italiya ketma-ket uchinchi marta mundialdan quruq qoldi — Bosniya va Gersegovina Italiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.
Turkiya terma jamoasi hal qiluvchi bahsda Kosovoni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Shvetsiya terma jamoasi esa o‘z maydonida Polshani 3:2 hisobida yutdi. Chexiya Daniya bilan asosiy vaqtda 2:2 o‘ynab, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi.

Xalqaro pley off bosqichida esa Osiyoning yana bir vakili Iroq Boliviyani 2:1 hisobda yutdi. Shu tariqa 2026-yilgi mundialda Osiyo qit’asidan 9 ta terma jamoa ishtirok etadigan boʻldi.