Tarix va sport uygʻunligi: "Bukhara Night Race" yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi

E’lon qilingan sana· 258
Tarix va sport uygʻunligi: "Bukhara Night Race" yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi

18-aprel kuni Buxoroda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtiriladigan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumidagi an’anaviy “Bukhara Night Race” boʻlib oʻtdi. Ma’lumot uchun, 2022-yildan beri tashkil etilayotgan yugurish musobaqasi ilk bor bahor faslida oʻtkazildi.

Har yili ma’lum kunlarda qadimiy Buxoroning eski shahar koʻchalari boʻylab yurar ekansiz, bir xil sport kiyimlarida yurgan koʻplab odamlarni uchratish mumkin. Turli yoshdagi, ammo bir maqsad yoʻlida birlashgan bu insonlar qadimiy koʻchalarni zamonaviy sport maydoniga aylantirib, oʻzlari tanlagan masofani bosib oʻtish uchun start chizigʻiga yoʻl oladi.

Start chizigʻida esa qatnashchilarni haqiqiy bayram kutadi. Chunki deyarli hamma bu yerda yigʻiladi, bir-biri bilan tanish boʻlgan, lekin turli transportlarda Buxoroga yetib kelgan ishtirokchilar shu yerda koʻrishadi, professional yuguruvchilar oʻzaro fikr almashadi. Bularning barchasiga texno musiqa hamrohlik qiladi.

Birinchi boʻlib, “Avvalgidan tozaroq” dasturi doirasida yugurish va axlat yig‘ishtirish uyg‘unlashgan plogging o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar tarixiy shaharning tozaligini saqlashga hissa qo‘shish uchun yo‘nalishga chiqdi.

Keyin esa bolalar 1000 metr, 600 metr, 300 metr va 60 metr masofalarda musobaqashdi. Soat 19:00 dan boshlab, ishtirokchilar uzoq masofaga poygalarga kirishdi.

G‘oliblar va mukofot jamg‘armasi

21,1 km va 10 km masofalar World Athletics va AIMS tomonidan sertifikatlangan bo‘lib, g‘oliblar quyidagicha taqdirlandi:

Erkaklar (21,1 km):

  1. Andrey Petrov (01:06:07);
  2. Yevgeniy Fadeyev;
  3. Baxtiyor O‘tkirov.

Ayollar:

  1. Yekaterina Tunguskova (01:20:47);
  2. Sadafbonu Nusratilloyeva;
  3. Arofat Imomaliyeva.

Mukofotlar: 1-o‘rin — 16 mln, 2-o‘rin — 13 mln, 3-o‘rin — 11 mln so‘m.

“Marafonda yugurish ajoyib ekanligini bir doʻstimiz tavsiya qilgandi, boshida ishonmagandim. Hozir esa hech qaysi marafonni qoldirmayapman. Bu safar ilk marta yarim marafon (ya'ni 21 km) yugurib koʻrdim.

Ochigʻi, juda qiyin ekan, lekin finishda yetib kelgandagi xissiyotni barcha xis qilib koʻrishi kerak. “Bukhara Night Race"dagi eng yoqqan jihat bu tarixiy obidalarning yonidan yugurish, tasavvur qiling siz marafonga keldingiz va sayohat qilyapsiz”, — dedi ilk bor Buxorodagi marafonda qatnashgan Farhod Tulkunov.

Erkaklar (10 km):

  1. Rinas Axmadeyev (28:42)
  2. Eldor Botirov;
  3. Ilhom Nazarov.

Ayollar:

  1. Anastasiya Slepneva (38:13);
  2. Anna Kornilova;
  3. Marjona Saydullayeva.

Mukofotlar: 1-o‘rin — 7 mln, 2-o‘rin — 4 mln, 3-o‘rin — 3 mln so‘m.

Shuningdek, 5 km masofa g‘oliblariga maxsus kuboklar topshirildi.

“Bu mening so‘nggi olti oydagi ikkinchi yarim marafonim. Havaskor yuguruvchi sifatida aytaman: biz ba‘zida o‘zimizga, tanamizga juda ishonib yuborar ekanmiz. Bunday chellenjlar shuning uchun ham kerakki, bizga aslida hali pik formamizda emasligimizni, o‘sish, chiniqish uchun hali ko‘p ishlar qilishimiz mumkinligini ko‘rsatib beradi.

Ikkita yarim marafonni bazo‘r bosib o‘tganimdan keyin o‘zimga beradigan va’dam shu: keyingi 21 kilometrni yugurib bosib o‘taman, “survival instinct"lar yoqilgan holatda halloslab emas. Zominda ko‘rishguncha!”, — dedi Abduqahhor Qosimov.

Yuguruvchilar sayyohlar, boshqa ishtirokchilar va bolalarning qoʻllab-quvvatlashi ostida finish chizigʻini kesib oʻtadi.

Buxoro ko‘chalarida 21 kilometrni ortda qoldirish men uchun shunchaki yugurish emas, balki tana va iroda o‘rtasidagi poyga bo‘ldi. Albatta, ko‘pchilik uchun bu masofani bosib o‘tishning o‘zi katta jasorat, lekin men uchun 2 soat-u 9 daqiqalik natija — bu o‘z ustimda ishlash hali tugamaganini koʻrsatdi", — dedi Sanjar Rixsitillayev.

Buxorodagi bu sport bayrami musiqiy chiqishlar bilan yakunlandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling