Oʻzbekiston milliy jamoasining JChga yoʻli haqida "34 YILLIK ORZU" seriali premyera qilinadi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yoʻl olishi haqida serial suratga olindi. 2-may kuni serial premyera qilinadi.
Ushbu 8 qismli hujjatli serial O‘zbekiston milliy terma jamoasining 1998-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidan to 2026-yilgi mundial saralashigacha bosib o‘tgan dramatik yo‘li haqida hikoya qiladi. Serial yilnomalar, intervyular hamda futbolchilar, murabbiylar va muxlislarning taasurotlari orqali oʻzbek xalqining har gal jahon chempionatiga chiqish orzusiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatib beradi.

“Bu shunchaki futbol tarixi emas, balki millat ko‘zgusidir: muvaffaqiyatsizliklar va umidlar, g‘alabalar va mag‘lubiyatlar, davrlar va avlodlar almashuvi. Voqealar markazida nafaqat jamoa, balki har safar „bu safar albatta uddalaymiz!“ deya ishonadigan xalq turibdi”, deyiladi serial izohida.
Serial tizerini YouTube’da tomosha qilish mumkin.
Serialning birinchi qismini 2-may kuni iTV platformasida bepul tomosha qilish mumkin boʻladi.