Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining JCh uchun timsoli e'lon qilindi

E’lon qilingan sana· 50
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining JCh uchun timsoli e'lon qilindi

“Bek” ismli oq boʻri futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi rasmiy timsoli sifatida e’lon qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oq boʻri obrazi turkiy xalqlar tarixida alohida oʻrin tutadi. Qadimiy afsona va rivoyatlarda u kuch, jasorat, ozodlik va himoya timsoli sifatida tasvirlangan. Shuningdek, yillar davomida “Oq boʻrilar” nomi Oʻzbekiston milliy terma jamoasining ramziga aylanib ulgurgandi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Bek — mahalla futbolida ulgʻaygan, katta orzular bilan yashaydigan, gʻalabalarga chanqoq va terma jamoaning haqiqiy muxlisi. U millionlab oʻzbek futbol ishqibozlarining ruhi va ishonchini oʻzida aks ettiradi.

Bundan tashqari, ushbu timsol bilan loyihalar va uchrashuvlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston terma jamoasi Meksika, AQSh va Kanada davlatlarida boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha Jahon chempionatida oʻz tarixida ilk bor ishtirok etadi. Fabio Kannavaro shogirdlari “K” guruhidan oʻrin olgan boʻlib, unda Kolumbiya, Portugaliya va DR Kongo jamoalariga qarshi oʻyin oʻtkazadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling