Eldor Shomurodovning goli JCH guruh bosqichining eng yaxshi goli deb topildi

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov FIFA tomonidan o‘tkazilayotgan Hyundai Goal of the Tournament mukofoti uchun ovoz berishning ilk bosqichida g‘olib bo‘ldi. Uning Kongo DR darvozasiga urgan goli muxlislar orasida eng ko‘p ovoz to‘plab, JCH-2026 guruh bosqichining eng yaxshi goli deb e’tirof etildi.
27-iyun kuni Atlantada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shomurodov o‘tkir burchakdan darvozabonni mahorat bilan oshirib yo‘llagan lob zarbasi uchun 36 foiz ovoz oldi.
Ikkinchi o‘rinni Gaiti hujumchisi Uilson Isidor (26,5%), uchinchi o‘rinni esa Bosniya va Gersegovina terma jamoasining 18 yoshli futbolchisi Kerim Alaybegovich (24,9%) egalladi.
Ovoz berishda Lionel Messi, Vinisius Junior, Kilian Mbappe, Jovanni Reyna, Ismael Saibari, Feliks Nmecha, Elayja Jast, Kevin Pina va Daydzen Maeda kabi futbol yulduzlarining gollari ham da’vogarlik qilgan.
Hyundai Goal of the Tournament mukofoti uchun ovoz berish hali davom etadi. Keyingi bosqichlar 1/16 final, 1/8 final, chorak final va yarim final o‘yinlaridan so‘ng tashkil etiladi. Yakuniy g‘olib esa turnir tugagach o‘tkaziladigan so‘nggi ovoz berish orqali aniqlanadi.