Jastin Biber, BTS va Shakira: JCH-2026 finalidagi musiqiy tanaffus ishtirokchilari e’lon qilindi

Jastin Biber futbol bo‘yicha jahon chempionati finalidagi ilk tanaffus shousi ishtirokchilari ro‘yxatiga qo‘shildi. 11 daqiqalik musiqiy dastur 19-iyul kuni Nyu-Jersidagi MetLife Stadium’da bo‘lib o‘tadi.
Kanadalik xonanda Madonna, Shakira va BTS K-pop guruhi bilan bir sahnaga chiqadi. Shuningdek, shouda nigeriyalik qo‘shiqchi Burna Boy, venesuelalik dirijyor Gustavo Dudamel, Sesame Street va The Muppets qahramonlari ham ishtirok etadi.
Dasturga Coldplay guruhi solisti Kris Martin rahbarlik qilmoqda. FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu chiqishni “tarixdagi eng katta sahna ko‘rinishi” deb atadi. Tashkilot finaldagi musiqiy chiqishni bir necha milliard tomoshabin kuzatishini kutmoqda.
Shou FIFA va Global Citizen’ning jahon bo‘ylab bolalar ta’limi uchun 100 million dollar yig‘ishga qaratilgan loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilinmoqda.
