Oʻzbekistonda ilk 100 kilometrlik Aral Ultra marafoni qanday oʻtdi?

1−3 oktyabr kunlari Qoraqalpog‘istonda Samarkand Marathon seriyasiga kiruvchi Aral Ultra xalqaro marafoni bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston tarixidagi ilk 100 kilometrlik ultramarafon sifatida qayd etildi.

Dastlabki ikki kun Nukusdagi ochiq tadbirlarga bag‘ishlandi. Shaharda bolalar yugurishi, 2 kilometrlik yugurish, yugurish ekskursiyalari hamda plogging — yugurish davomida chiqindi yig‘ish mashg‘uloti tashkil etildi. Ikki kilometrlik masofada 333 kishi, bolalar yugurishida 94 nafar bola ishtirok etdi.

Tadbirning umumiy dasturida 757 kishi qatnashdi. Ularning 36 foizini ayollar, 64 foizini erkaklar tashkil etdi.

Shu jumladan, marafonda 13 xorijiy davlatdan kelgan yuguruvchilar qatnashdi. Ular orasida Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Andorra va Janubiy Koreyadan kelgan ishtirokchilar ham bor edi.

Nukusdagi 2 kilometrlik yugurishda 333 kishi ishtirok etdi. Ochiq dasturga sport tajribasidan qat’i nazar, barcha xohlovchilar qo‘shilishi mumkin edi.

3-oktyabr kuni esa ultramarafon ishtirokchilari Ustyurt platosi bo‘ylab 15, 25, 50 va 100 kilometrlik masofalarni bosib o‘tib, Orol dengizi sohilida finishga yetib keldi.

To‘rtta masofada jami 270 kishi marraga yetib keldi: 15 kilometrni 122, 25 kilometrni 99, 50 kilometrni 24 va 100 kilometrni 25 kishi bosib o‘tdi.

100 kilometrlik poyga ishtirokchilarining o‘rtacha yoshi 36 yoshni tashkil etdi. Ushbu masofani yakunlagan 25 yuguruvchi O‘zbekistonda o‘tkazilgan ilk 100 kilometrlik ultramarafon finishchilari bo‘ldi.

100 kilometrda erkaklar o‘rtasida Nurziyad Begaliyev g‘olib bo‘ldi. U masofani 9 soat 54 daqiqa 19 soniyada bosib o‘tdi; ikkinchi o‘rinni Shohrux Karimov, uchinchi o‘rinni Galim Chuashev egalladi.

Ayollar o‘rtasida 100 kilometrlik masofani Irina Masanova 10 soat 57 daqiqa 18 soniyada yakunlab, birinchi bo‘ldi. Shirin Yusupova ikkinchi, Valeriya Mitroxina uchinchi o‘rinni egalladi.

“Samarkand Marathon” seriyasidagi keyingi yugurish musobaqasi “Samarkand Marathon 2026” boʻlib, 7−8-noyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladi.
Quyida marafondan suratlar keltirilgan.