Samarqand Marathon 2026 musobaqasida qanday ishtirok etish mumkin?

E’lon qilingan sana: · 204
Samarqand Marathon 2026 musobaqasida qanday ishtirok etish mumkin?

7−8-noyabr kunlari Samarqandda xalqaro xayriya yugurish musobaqalari turkumi — Samarkand Marathon Series 2026'ning yakuniy bosqichi bo‘lgan Samarkand Marathon o‘tkaziladi. Ishtirokchilar Registon maydonidan start olib, shaharning tarixiy markazi va me’moriy obidalari yonidan o‘tadigan yo‘nalishlarda yuguradi.

Marafon nafaqat professional sportchilar, balki yugurishni havaskor darajada yoqtiradiganlar, bolali oilalar va dam olish kunlarini faol o‘tkazishni istaganlar uchun ham mo‘ljallangan. Tashkilotchilarning oktabr o‘rtalaridagi ma’lumotiga ko‘ra, musobaqada qatnashish uchun 63 mamlakatdan 1583 nafar xorijlik yuguruvchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Samarkand Marathon’ning asosiy xususiyati — xayriya yo‘nalishi hisoblanadi. Musobaqadan tushgan mablag‘lar seriya doirasidagi yugurishlar o‘tkaziladigan hududlardagi bolalar sport maydonchalarini qurishga yo‘naltiriladi.

1-qadam. O‘zingizga mos masofani tanlang

Samarkand Marathon’da qatnashish uchun marafon yugurish tajribasiga ega bo‘lish shart emas. Dasturda jismoniy tayyorgarlik darajasi turlicha bo‘lgan ishtirokchilar uchun masofalar mavjud.

7-noyabr — qisqa va oilaviy masofalar:

  • 2 km — yugurishni endi boshlayotganlar uchun;
  • 2 km Nordic Walking — maxsus tayoqlar yordamida skandinavcha yurish;
  • 5 km — muntazam yuguradiganlar yoki o‘zini musobaqada sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun;
  • 5 km Inclusive — nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar uchun inklyuziv yugurish;
  • KIDS RUN — bolalar uchun 60, 300, 600 va 1 000 metr masofalar. Dasturda 60 metrli inklyuziv yugurish ham bor.

8-noyabr — asosiy yugurishlar:

  • 10 km — start 08:45 da;
  • 21,1 km — yarim marafon, start 08:10 da;
  • 42,2 km — marafon, start 08:00 da.

Professional yuguruvchi sportchilar uchun alohida Elite start guruhi tashkil etiladi. Ishtirokchilarning natijalari elektron vaqt o‘lchash tizimi orqali qayd etiladi.

Agar yugurishni endi boshlayotgan bo‘lsangiz, mashg‘ulotsiz yarim marafon yoki marafonga yozilish o‘rniga, hozirgi jismoniy tayyorgarligingizga mos qisqa masofani tanlagan ma’qul.

2-qadam. 30-oktyabrgacha ro‘yxatdan o‘ting

Samarkand Marathon uchun ro‘yxatdan o‘tish 2026-yil 30-oktyabrgacha davom etadi. Biroq agar ishtirokchilar soni belgilangan limitga yetsa, ayrim masofalar uchun ro‘yxatdan o‘tish muddatidan oldin tugashi mumkin.

Arizani Samarkand Marathon’ning rasmiy platformasi orqali topshirish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda kerakli masofani tanlash, ishtirokchi haqidagi ma’lumotlarni kiritish va saytda ko‘rsatilgan talablarni bajarish lozim.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan 5 km Inclusive va KIDS RUN 60 Inclusive masofalarida qatnashish bepul.

3-qadam. Start to‘plamini oling

6−7-noyabr kunlari soat 10:00 dan 20:00 gacha Samarqandda Samarkand Marathon EXPO ishlaydi.

Bu yerda ishtirokchilar start to‘plamlarini olib, sport brendlari, marafon hamkorlari va yugurish hamjamiyati bilan tanishishi mumkin.

Safarga chiqishdan oldin EXPOʻning aniq manzili, start to‘plamini olish uchun zarur hujjatlar va tadbirning yangilangan jadvalini rasmiy sahifada tekshirib olish tavsiya etiladi.

4-qadam. Dam olish kunlarini rejalashtiring

Samarkand Marathon — faqat sport musobaqasi emas, balki shahardagi turli tadbirlarni ham qamrab oladigan dastur hamdir.

6-noyabr kuni EXPO faoliyati boshlanadi. Shuningdek, xohlovchilar Samarqand bo‘ylab ertalabki yugurish ekskursiyasiga qo‘shilishi mumkin.

7-noyabr kuni bolalar yugurishlari, qisqa masofalar, skandinavcha yurish va inklyuziv startlar bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Samarkand Marathon ma’ruzalar dasturi, chiqindilarni yig‘ish bilan birga o‘tkaziladigan ekologik yugurish va kechki konsert ham rejalashtirilgan.

8-noyabr kuni esa ishtirokchilar 10 km, 21,1 km va 42,2 km masofalarda startga chiqadi.

Dasturdagi alohida tashabbuslardan biri — plogging. Bu yugurish davomida chiqindilarni yig‘ishni birlashtiradigan ekologik faollik turi. Samarqandda bunday aksiya uchinchi marta o‘tkaziladi.

Tashabbus plastikdan foydalanishni kamaytirish, qayta ishlatiladigan materiallardan foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlashni nazarda tutuvchi Avvalgidan tozaroq ekologik loyihasining bir qismidir.

5-qadam. Startga tayyorlaning

Qisqa masofani tanlagan bo‘lsangiz ham, musobaqaga oldindan tayyorgarlik ko‘rish muhim.

Start vaqtini tekshiring, yo‘nalish va qatnashish shartlari bilan tanishing, qulay yugurish poyabzali hamda ob-havoga mos kiyim tayyorlang. Boshqa shahardan kelayotgan bo‘lsangiz, start to‘plamini olishga ulgurish uchun Samarqandga oldindan yetib borishni rejalashtiring.

Musobaqa oldidan ilk bor yangi poyabzal kiyish yoki organizm tayyor bo‘lmagan masofani tanlash tavsiya etilmaydi. Shuningdek, trassaning yopilish vaqti va tashkilotchilar belgilagan boshqa cheklovlarni ham hisobga olish kerak.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Samarqand Marathon 2026 musobaqasida qanday ishtirok etish mumkin? — Toshkent Afishasi