"Komik ziyoli boʻlishi kerak": Abbos Serobov bilan yakkaxon konserti, oʻzbek stendapi va EKG jamoasi haqida suhbat

E’lon qilingan sana· 73
"Komik ziyoli boʻlishi kerak": Abbos Serobov bilan yakkaxon konserti, oʻzbek stendapi va EKG jamoasi haqida suhbat

Oʻzbekistonda komediyaning stendap janri rivojlanib bormoqda. Bir zamonlar unga faqatgina bir kishi ijod qiladigan yoʻnalish, deya qaralgan boʻlsa, hozirda stendap bilan shugʻullanuvchi komiklar ham, ularning muxlislari ham ancha koʻpaygan. Bunga parallel ravishda oʻzbek tilida koʻplab debyut yakkaxon konsertlar ham e’lon qilindi.

Afisha.uz oʻzining “Epizod” nomli konsertini YouTube’ga joylagan Abbos Serobov bilan yumorga qanday kirib kelgani, oʻzbek stendapi va EKG jamoasi haqida suhbat qildi.


Stendapga va yumor sohasiga qanday kelgansiz? Qaysi vaziyatda “men yumor bilan shugʻullanishni boshlayman”, degan fikr kelgan?

— Bolaligimdan komediyaga asoslangan, hajviy koʻrsatuvlar tomosha qilishni yoqtirardim. Gazeta va jurnallardagi oxirida beriladigan handalargacha katta qiziqish bilan oʻqib chiqardim.

Universitetga oʻqishga kirganimdan keyin birinchi kurs paytimda akam Facebook’da profil ochishni tavsiya qilgan. Fikrlashni oʻrgan, fikrlaringni yozib bor deb aytgan. Boshqa joylardan rasm olib, unga doim hazil sharh yozishga harakat qilardim. Jiddiy ohangdagi post yozgim kelmasdi. Bu hazillarim odamlarga yoqishni boshlagan.

Oʻsha paytlarda Telegram kanal ochish endi ommalashishni boshlagandi. Akam Telegramda hozir ham yuritib kelayotganim — @janobsatirik kanalini ochib bergan. Qariyb 7 yildan buyon kanal faol. Stendapdagi faoliyatimning poydevorida shu kanal turadi. Agar shu kanalni yuritmaganimda stendap sohasiga yaqinlashmagan boʻlardim.

Karantin paytida Twitter’da ham aktivlashganman. Doim qisqa hazil yozib borardim. Bir-ikkita izohlar boʻlib turardi, “stendapga chiqsang boʻlarkan”, degan mazmunda. Oʻzim qiziqib tomosha qilsam ham hech qachon chiqish haqida oʻylamagandim. Qolaversa, odamlar oldiga chiqib gapirishga uyalardim.

Lekin baribir chiqish qilish asta-sekin qiziqtirib bordi. Shu niyat bilan ochiq mikrofonga borib, jarayonga qoʻshilib ketdim. Hammasi birinchi qadamni qoʻyguncha ekan, qoʻrquv va hadik yoʻqolarkan.

Oʻzbekistonda stendapning oʻrni haqida qanday fikrdasiz? Komiklar fikr egalariga aylanib, odamlarni ergashtira oladimi?

— Stendapning oʻrni yoʻq hozircha. Chunki rang-barang komiklar yoʻq. Bu son bilan bogʻliq. Chunki son sifatni keltirib chiqaradi. Komiklar koʻpayib borgani sari, shu yoʻnalish oʻzining oʻrnini topadi, odamlar keng masshtabda kuzatishni boshlaydi deb oʻylayman.

Komik ziyoli boʻlishi kerak. Avvalo oʻzi qanday pozitsiyada turganini his qilishi kerak. Shundan keyin jamiyatning ma’lum qismiga oʻz ta’sirini oʻtkaza olishi mumkin.

EKG bu qanday loyiha?

— EKGning toʻliq shakli — “Eshitamiz, Koʻramiz, Gapiramiz”. Bu aslida katta media loyiha. Hozircha kuchimiz yetgan fazalarida bir nimalar qilishga harakat qilib turibmiz.

EKGni styuardlik bilan shugʻullanuvchi komik Izzatilla Chorixoʻjayev bilan sheriklikda ochganmiz. Koʻproq gʻoya ham u kishiga tegishli. Ochiq mikrofonlardan qaytishda YouTube haqida koʻp gurunglashardik. Men oʻsha paytda “intervyuTV"da ishlardim, YouTube va videomontajda oz-moz mahorat bor edi, kelishib boshlab yuborganmiz.

Hozir EKGda stendap yaxshi ketyapti. Boshqa videorubrikalarimiz oʻzini oqlamadi. Hali yana yangi formatlar oʻylab qoʻyganmiz, asta-sekin amalga oshirib boramiz.

Jamoada hammaning boshqa rasmiy ishi borligi sababli kontentlarda stabillikni ushlashimiz juda qiyin kechyapti. Hozirda EKGning umumiy 5 rezidenti bor. Bular, Izzatilla Chorixoʻjayev, Abbos Serobov, Azizjon Karimov, Azimbek Xushmamatov, Janon Urazov.

Yakkaxon konsert qanday tayyorlandi? Bunga qancha vaqt ketdi?

Konsert materialini oʻtgan yili iyun oyida boshlagandim. Kuzda konsert qoʻyish niyatim bor edi, lekin qoʻrquv, materialga ishonmasdan orqaga surib yurdim, bahorga qoldirdim. Konsert sanasini rasman belgilaganimizdan keyingina bu safar kechiktirolmasam kerak degan oʻyda jiddiy kirishganman.

“Epizod” konsertida yuqorida tilga olingan EKG jamoasining xizmati katta. Biz yigʻilib, konsert materialim ustida ishladik. Juda koʻp oʻxshamagan hazillar qirqildi, juda koʻp yangi hazillar qoʻshildi.

Shu jamoaviy ishlashning yana bir foydasi, konsert materialining qariyb 50−60 foizi ochiq mikrofonlarda sinalmagan edi. Ulgurmagan edim. Lekin qayta-qayta eshitish va qoʻshimchalar hisobiga yaxshi va sifatli material tayyor boʻldi.

Stendapda jamoa boʻlib ishlash nimani anglatadi?

— Stendaper yakka chiqish qiladi, lekin orqasida jamoa boʻlishi bu juda ham zoʻr. EKG misolida, biz bir-birimizning materiallarimiz ustida birgalikda ishlaymiz, birgalikda kuchaytiramiz. Siz topgan topilmaga, eng zoʻr panchlarni boshqa sheriklaringiz berishi mumkin.

Asosiy daromad keltiradigan ishingiz nashriyotda ekan. Asosiy ishingiz boshqa boʻlib, stendap bilan shugʻullanishning qiyinchiliklari bormi?

Qiyinchiliklaridan biri, ochiq mikrofonlarga doim ham bora olmaslik. Yoki boshqa bir joylarda chiqish imkoniyati paydo boʻlganda ishdan vaqt ajrata olmay qolishim mumkin.

Lekin material yozishga xalaqit qilmaydi. Aksincha, ish sabab koʻproq voqealarga guvoh boʻlishim mumkin, ishdagi har qanday holat yangi hazilga turtki boʻlib qolishi mumkin.

EKG va Abbos Serobovning keyingi rejalari qanday?

— EKG kelajakda katta media loyiha boʻlishi kerak. Uning oʻz stendap klubi boʻlishi lozim. Media jamoasi boʻlishi kerak. Har oyda stendap konsertlar, yilda bir marta kattaroq joyda hisobot konsertlar, qolaversa viloyat boʻylab turlar tashkil qilish kerak. EKG yumoristik loyihalar generatoriga aylanishi, reklama beruvchilar turnaqator boʻlishini xohlardim.

Oʻzim shu jarayon ichida mazza qilib ishlashni xohlayman. Komik sifatida oʻz oʻrnimni, oʻz imzomni tanitishni xohlayman. Katta zallarda yakkaxon konsertlar tashkil qilish niyat bor. Harakat qilib tursak, toʻxtab qolmasak, ertami, kechmi, sekin-sekin erishib boraveramiz degan umiddaman.


Abbos Serobovning “Epizod” nomli konsertini quyida tomosha qilish mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling