Galaxy S24 Ultra — neyrotarmoqlarga ega flagman texnologiya choʻqqisida, ammo hali ham eskicha dizaynga ega

E’lon qilingan sana· 178
Galaxy S24 Ultra — neyrotarmoqlarga ega flagman texnologiya choʻqqisida, ammo hali ham eskicha dizaynga ega

Muallifimiz Samsung kompaniyasining 2024-yilgi yangi mahsulotlarini O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib sinovdan o‘tkazdi, bir haftadan ko‘proq vaqtni Galaxy S24 lineykasidagi telefonlari bilan o‘tkazdi va Janubiy Koreya gigantining bu yilgi asosiy flagmani — S24 Ultra haqida o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.

Ushbu sharhda biz ultra-kameralar, isitish, foydalanish qulayligi, titan — S24 Ultra qaysi jihatlari bilan iPhone 15 Pro Max oʻxshab ketishi haqida gaplashamiz.

Dizayn va ergonomika

Men Galaxy S24 Ultra`ni koʻzdan kechirishni boshlaganimda biroz pafsalam pir boʻldi. Birinchidan, Samsung bir xil dizayndagi smartfonlarning yangi avlodlarini yaratib, Apple va boshqa kompaniyalarning yondashuvini ochiqdan-ochiq nusxalashni boshladi. Shu sababli, S22 Ultra`ni S23 Ultra va yangi S24 Ultra bilan solishtirayotganingizda qoʻlingizga lupa olishingizga toʻgʻri keladi.

S24 Ultra yetti rangda — titan, sariq (biz sinab koʻrganimiz shu rangda), qora va binafsha rang, shuningdek, “eksklyuziv” — koʻk, och yashil va toʻq kulrang ramkali toʻq sariq ranglarda chiqarildi. Oxirgi uchtasini avvalgi avlodning “eksklyuziv” ranglari kabi O‘zbekistonda norasmiy do‘konlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Yangi Ultra`da oldingisidagidek ekranning chetlaridagi egri chiziqlar yoʻq, shuning uchun ham, mening fikrimcha, yangi telefonni qoʻlingizda ushlab turish unchalik qulay emas. Ammo koʻpchilik Samsungni “sharshara-ekran"dan voz kechib, tekis displeyni tanlagani uchun maqtaydi. Men S24 Ultra`ning ergonomikasini S23 Ultra bilan taqqoslaganimdan soʻng, birinchilikni 2023-yilgi flagmanga berishni xohladim. Va Apple tomonidan chiqarilgan raqobatchi smartfon bilan solishtirganda, S24 Ultra ergonomikasi yutqazadi.

Bundan tashqari, S24 Ultra`ga chexol kiydirganingizda, smartfon yanada kattaroq, qalinroq va noqulayroq boʻladi. Bunga faqat 6,8 dyuymli ulkan ekranga muhtoj boʻlganlar chidashi mumkin.

Jilosiz ekran

Samsung nihoyat S24 lineykasining barcha modellarida ekran ramkalarini simmetrik qilib qoʻydi. Foydalanish vaqtida bu sezilmaydi, ammo endi smartfonlar tayyor koʻrinishga ega boʻlganga oʻxshaydi. Bundan tashqari, ekranning burchaklarida egri chiziqlar yoʻq — telefon tushib ketgandan keyin ham omon qoladigan monolit blokga oʻxshaydi.

Barcha S24 smartfonlar displeylarining yorqinligi 2600 nitgacha oshirildi, bu yaqqol seziladi. Rangni koʻrsatish va boshqa ekran parametrlarini batafsil sozlash, shuningdek, QHD+, FHD+ yoki HD+ ruxsatini tanlash imkoniyati bilan 120 Gs gacha yuqori tasvirni yangilash tezligi hali ham mavjud.

Smartfon himoyasi

S24 Ultra displeyi Corning Gorilla Glass Armor bilan qoplangan boʻlib, u smartfon tushib ketganda mustahkamligini va oldingi modellarga nisbatan chidamliligi aytilmoqda. Men buni tekshirib koʻrdim va bir necha marta ketma-ket 1,5 metr balandlikdan telefonni gʻilofsiz polga tashlab koʻrdim — S24 Ultra omon qoldi va korpusda birorta tirnalgan chiziq koʻrmadim.

Telefon, an’anaga koʻra oʻtkazadigan, suvga chidamlilik sinovimizdan ham omon qoldi — IP68 himoya darajasi smartfonni 30 daqiqa davomida 1,5 metr chuqurlikda suv ostida ushlab turish imkonini beradi.

S24 Ultra`dagi barmoq izlari skaneri displey ostida yashiringan va yashin tezligida ishlaydi, masalan, Redmi Note 13 Pro+ va Galaxy A54-ga qaraganda ancha yaxshi. Men telefon “kalitini” yuz bilan ochishni tekshirib koʻrdim va u avvalgidek tez ishlaydi.

Kuch — Samsung uchun maxsus chip

S24 Ultra ichida toʻrt nanometrli Qualcomm Snapdragon 8 Gen 3 chipi joylashgan boʻlib, Samsungning ta’kidlashicha, u ushbu smartfon uchun maxsus optimallashtirilgan. Amalda, men S23 Ultra yoki 15 Pro Max bilan solishtirganda kundalik vazifalarda kuchi boʻyicha hech qanday farqni sezmadim. Kuchning oshirilgani faqat maksimal grafik sozlamalarda eng ogʻir oʻyinlar oʻynaganda seziladi.

Aytgancha, kompaniya geymerlar e’tiborini kompaniyaning Galaxy Store ilovalari do‘konidan o‘yinlarni yuklab olsangiz, o‘yin jarayoni Google Play’ga nisbatan barqarorroq bo‘lishiga qaratadi. Bundan tashqari, Samsung do‘konidagi o‘yinlar yuqori kadr tezligi, kamroq issiqlikni va’da qiladi.

Aytgancha, taqdimot paytida ular barcha S24`larda sovutish tizimi ustida ishlaganliklarini va uni oldingi avlodga qaraganda ikki baravar yaxshilaganliklarini aytishdi. Telefon, albatta, kamroq qizib ketdi, lekin men buni keng miqyosda his qilmadim — S24 Ultra ham xuddi S23 Ultra kabi davomiy videolarni yozib olishda xuddi shunday qizib ketdi.

S24 Ultra atigi 12 GB operativ xotiraga ega, lekin doimiy xotira 256, 512 GB yoki 1 TB bo‘lishi mumkin.

Akkumulyator bir xil, ammo avtonomiya yaxshiroq

Bir qarashda, Samsung yangi mahsulotiga avvalgi avloddagi kabi quvvatga ega akkumulyatorni o‘rnatganligi sababli, avtonomiyaning o‘sishini kutmaysiz. Ammo moʻjizalar ham roʻy berib turadi — S24 Ultra S23 Ultra`ga qaraganda bir necha soat koʻproq ishlaydi, bu men uchun bir kunlik faol foydalanish uchun yetarli boʻldi. Yangi smartfon meni bu borada hayratda qoldirdi — u juda faol foydalanish davomida deyarli ikki kun ishladi va energiya tejash rejimi yoqilgan holda uch kungacha yetdi.

Ammo smartfon sharqiy flagmanlarga qaraganda sekin quvvat oladi — taxminan bir yarim soat. Biroq, 45 Vt quvvatda sekin zaryadlashdan foydalanish tufayli, Samsung flagmanlari, Apple kabi, batareyani almashtirishga muhtojlik uygʻotmaydi. Zaryadlash quvvati 80, 120 va hatto 210 Vt ga yetadigan Xitoy smartfonlaridan farqli oʻlaroq, albatta.

S24 Ultra`da simsiz zaryadlash, reversiv-zaryadlash kabi imkoniyatlar saqlab qolindi va hech qanday oʻzgarishlarga duch kelmadi.

Barcha pulingiz kameralar uchun

Asosiy, keng burchakli, 3x zoom va old kameraga ega telefoto imkoniyatlariga ega S23 Ultra bilan solishtirganda S24 Ultra`da hech qancha oʻzgarmadi. Ushbu S24 Ultra kameralarini tanqid qilishning iloji yoʻq — ular juda yaxshi, eng yaxshi flagman darajasida fotolar va videolar suratga olishadi. Bundan tashqari, neyrotarmoqlar tomonidan qayta ishlash tufayli suratning yakuniy tasvirlari, ayniqsa tungi rejimda ancha yaxshi koʻrinadi.

Faqat bitta yangi modul qqoʻshilgan — bu 50 megapikselli periskop, 5 marta kattalashtiruvchi optik zum va f/3,4 diafragma. U 10 megapikselli, 10x optik zumli va f/4,9 diafragmali periskopning oʻrniga oʻrnatildi. Ma’lum boʻlishicha, maksimal optik zumga ega telefoto kamera qisqargan, ammo u tunda yaxshiroq suratga oladi. Samsung 50 megapikselli modul tufayli 10x zum oʻz vazifalarini oldingisiga qaraganda yaxshiroq bajarishi va’da qilindi. Bunga matritsa oʻlchamlarini kesish orqali erishildi, bu S23 Ultra bilan solishtirganda aniq seziladi — ikkinchisining ramkalari ancha “jonli” koʻrinadi.

Menimcha, Samsung 5x telefoto yordamida Apple va Google yondashuvini nusxalashni xohladi, lekin nusxa koʻchirayotganda oʻzining noyob xususiyatini yoʻqotdi. IPhone 15 Pro Max va Pixel 8 Proʻda 3x zumlik telefoto linzalari yoʻq, menimcha, bunga e’tibor qaratish kerak edi, 3x ni 5x ga almashtirib, periskopni esa 10x bilan qoldirdi. 2x va 3x zum ishlatadiganlar uchun Samsung 200 megapikselli asosiy matritsadagi “krop"ni yaxshilashi kerak edi.

Samsungning yangi flagmanlari yozib olish vaqtida, hattoki 4K sifatda soniyasiga 60 kadr bilan video suratga olayotganda, obyektivlar undan bunga oʻtishi mumkin. Sayyoramizdagi faqat ikkita boshqa smartfon shunday qila oladi — iPhone 15 Pro va 15 Pro Max.

Galaxy AI — u nima qila oladi?

Butun S24 lineykasining asosiy xususiyati Galaxy AI xizmati boʻlib, uni tez orada qisman S23 seriyali smartfonlarga ham qoʻyishadi. Galaxy AI`ning butun mohiyati smartfon bilan yangi tezlashtirilgan va soddalashtirilgan oʻzaro aloqadir. Endi fotosuratlarni oʻzgartirish, ularni Photoshop`da qayta ishlash uchun shaxsiy kompyuterga oʻtkazish shart emas. Bundan tashqari, Samsung oʻz tarjimonining imkoniyatlarini ancha yaxshilagan.

Men muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan Galaxy AI xususiyatlarining roʻyxati:

  • telefon suhbatlari paytida ovozli tarjima (oʻzbek tili yoʻq, lekin rus tili tez orada qoʻshilishi va’da qilingan);
  • neyrotarmoqlardan foydalangan holda Galereya ilovasida fotosuratlardagi obyektlarni oʻzgartirish, oʻchirish va almashtirish;
  • audioyozuvlardan ma’lumotlarni qisqacha ajratib olish, ularni tarjima qilish va matnga aylantirish;
  • kalit soʻzlar yordamida telefoningiz uchun fon yaratish;
  • Samsung klaviaturasidan foydalanganda yozma xabar uslubini sozlash;
  • Notes ilovasida eslatma matnini avtomatik formatlash;
  • smartfon ekranidagi istalgan obyektni tezda qidirib topish.

Agar Samsung ushbu xususiyatlarning barchasini faqat S24 lineykasida qoldirgan boʻlsa, biz yangi mahsulotlarga butkul bogʻlanib qolishimiz mumkin edi, ammo barcha S23 smartfonlari Galaxy AI funksiyalarining koʻp qismiga ega boʻladi, shuning uchun xulosa aniq.

Xulosa — S23 Ultra`ni olish mumkin

Hozirda S23 Ultra`ga ega boʻlganlar yangi mahsulotga faqat oʻyinlarda nurni trassirovka qilishni, batareyaning ishlash muddatini oshirishni, egri chiziqlari boʻlmagan ekranni, shuningdek, 5x va Galaxy AI`ning toʻliq funksiyalari va yuqori diafragmali telefoto kamerasini xohlasalargina oʻtishlari mumkin. S24 Ultra`ning boshqa xususiyatlariga asoslanib, men S23 Ultra`ni eng yaxshi xarid deb hisoblagan boʻlardim, chunki u 10x periskopga, qulay ekranga ega, buning ustiga narx ham nacha tushgan.

Sharh yozilgan sanaga koʻra, Samsung Galaxy S24 Ultra’ning O‘zbekistondagi narxi:

  • OLX (yangilari) — 14 800 000 somdan boshlab;
  • Olcha — 15 210 000 soʻmdan boshlab;
  • Radius — 17 990 000 soʻmdan boshlab.
Nikita Davidov
Muallif va fotosuratchi
Nikita Davidov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ