Infinix NOTE 40 Pro — magnitli quvvatlash moslamasiga ega oʻrta klass smartfoni

E’lon qilingan sana· 882
Infinix NOTE 40 Pro — magnitli quvvatlash moslamasiga ega oʻrta klass smartfoni

Infinix brendi butun dunyo boʻylab foydalanuvchilar orasida mashhurlikka erishmoqda. Kompaniya smartfonlari qiziqarli va foydali xususiyatlar bilan taklif etiladi, shuning uchun bizning “Texno” boʻlimi muallifi ularning yangi mahsuloti — NOTE 40 Pro smartfonini e’tiborsiz qoldirmadi. U sizga barcha ijobiy va salbiy tomonlarini aytib berish uchun qurilmani yaxshilab sinab koʻrdi.

Qutini ochish — boshlanishi yoqimli

Telefon qutisida brend koʻp foydali narsalarni taqdim etadi: quvvatlash moslamasi, slot ochish uchun igna, stikerlar, gʻilof, simli quloqchinlar, ekranni himoyalovchi oyna va hatto simsiz quvvatlash moslamasi.

Dizayn

Smartfon qimmat koʻrinadi va birinchi koʻrishda faqat ijobiy fikrlar tugʻdiradi. Orqa panel jilosiz va bu barmoq izlarini oʻzida qoldirmaydi. Men ishlatgan sariq rangdagi NOTE 40 Pro turli tomonlardan turlicha koʻrinadi.

Ushbu smartfon dizaynidagi men uchun kutilmagan foydali va qiziqarli xususiyat kameralar yonidagi miltillovchi halqadagi dumaloq bildirishnoma koʻrsatkichi boʻldi. Uni oʻchirib qoʻyishingiz yoki bildirishnomalar, quvvatlashga ulanganda va boshqa amallarni bajarganda yonadigan qilib sozlashingiz mumkin. Undagi rang va ritmni ham sozlash mumkin.

Telefon displeyining cheti qayirilgan, shuning uchun 40 Pro sirpanib ketmaydi va foydalanish paytida qoʻllarni “kesmaydi”. Shu bilan birga, tekis displeylarni sevuvchilar uchun Pro prefiksisiz “NOTE 40” ham bor.

Ajoyib displey

Smartfon 6,78 dyuymli AMOLED displeyga ega bo‘lib, 1080×2436 piksel. Tasvirni yangilash tezligi ikki xil — 60 yoki 120 Gts, bulardan biri yoki moslashuvchan rejimni tanlash mumkin. Ekran yorqinligi 1300 nitga yetishi mumkin — quyoshli kunda ham ochiq havoda yetarlicha yoruq koʻrinadi, ammo avtomatik yorqinlikning toʻgʻri ishlashiga savollar bor.

“NOTE 40 Pro” displeyini harorat va tasvir darajasini sozlash orqali oʻzingizga mos qilib sozlashingiz mumkin. Ekran ostida joylashgan barmoq izlari skaneri doimiy ravishda tez va deyarli xatosiz ishlaydi.

Kameralar haqida

Smartfonning koʻplab afzalliklarini hisobga oladigan boʻlsak, unda, albatta, kamchiliklar ham boʻlishi kerak. Va bu unda fotosuratlar va videolarning sifati. Bundan tashqari, smartfonda toʻrtta kamera bordek tuyuladigan “zaglushka"(kamera kabi koʻrinadigan aylanalar) borligi meni biroz xafa qildi. Ammo aslida unday emas: foydali modullardan faqat asosiy va old kamera bor, xolos.

Old kamerada unchalik yaxshi boʻlmagan yorug‘likda selfi olish uchun ikkita chiroq bor — ekrandagi va jismoniy chiroq. Kamera portretlarni yaxshi oladi, lekin video sifati menga yoqmadi.

Asosiy moduldagi video sifati va suratga olish paytida kameralar o‘rtasida almashish imkoniyati yo‘qligi meni qoniqtirmadi. Bundan tashqari, mavjud suratga olish opsiyalari faqat 1080 p da 60 va 30 fps, shuningdek, 30 kadr tezlikda 2K ni oʻz ichiga oladi.

Bu kamerafon emas, ammo old va asosiy kameralarning suratga olish sifati smartfonning narxiga arziydi.

Samaradorlik

Infinix NOTE 40 Proʻga Mediatek Helio G99 Ultimate chipi oʻrnatilgan boʻlib, u unga yuklangan barcha vazifalarni a’lo darajada bajara oladi. Ilovalar qotib qolmaydi yoki sekinlashmaydi. Smartfonda oʻyinlar oʻynash mumkin, lekin maksimal grafik sozlamalar bilan emas.

Telefonda 12 GB operativ xotira va 256 GB o‘rnatilgan xotira mavjud. Bundan tashqari, doimiy xotira tufayli siz operativ xotirani qoʻshimcha 6, 8 yoki 12 GB ga kengaytirishingiz mumkin.

Yuqori avtonomiya va quvvatlash moslamalari

Men smartfondan kun davomida faol tarzda foydalandim va uning quvvati quvvat tejash rejimisiz bir sutkaga yetdi. Bu rejim bilan telefondan ikki kun foydalanish mumkin. Simli quvvatlash moslamasidan toʻliq quvvat olish bir soatdan koʻproq vaqtni oladi.

NOTE 40 Proʻning eng yoqimli va foydali tomoni bu korpusdagi magnitlar bilan simsiz zaryadlash, buning yordamida simlardan foydalanishni unutishingiz mumkin. Telefon, shuningdek, teskari zaryadlashni qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa boshqa telefonning batareyasini muhim daqiqada toʻldirishga yordam beradi. Ushbu narxda boshqa hech qaysi smartfon bunday imkoniyatlarga ega emas.

Xulosalar

Infinix NOTE 40 Pro chiroyli dizayni, mukammal ergonomikasi, toʻliq toʻplami, JBL audio tizimi, qayirilgan ekrani, katta xotirasi va arzon narx bilan yuqori samaradorligi, shuningdek, simsiz zaryadlash imkonini beradi.

Men uchun smartfonning asosiy kamchiligi — bu kamera blokida ikkita foydasiz “zaglushka” borligi va suratga olish vaqtida asosiy va old kameralar oʻrtasida almashish imkoni yoʻqligi, shuningdek, video sifati boʻldi.

Oʻzbekistondagi narxlar

O‘zbekistonda yangi mahsulotni 300 AQSH dollar atrofida (3 810 000 so‘m) xarid qilish mumkin.

Nikita Davidov
Muallif va fotosuratchi
Nikita Davidov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ