Samsung Galaxy S25 flagmanlarini taqdim etdi - O‘zbekistondagi narxlar AQShdagidan arzonroq bo‘ladi

E’lon qilingan sana· 951
Samsung Galaxy S25 flagmanlarini taqdim etdi - O‘zbekistondagi narxlar AQShdagidan arzonroq bo‘ladi

Kompaniya 2025-yil uchun yangi Galaxy S flagman smartfonlari qatorini taqdim etdi. Bu qatorga ixcham S25, kattaroq o‘lchamli S25+, korpusida stilusi va beshta kamerasi bo‘lgan yuqori darajadagi S25 Ultra, shuningdek, yupqa S25 Edge telefoni ham kiradi.

Yangi smartfonlar taqdimotining asosiy urg‘usi sun’iy intellektga qaratildi. Smartfonlar endi o‘z vaqtida tavsiya va maslahatlar bera oladigan to‘laqonli yordamchilar sifatida taqdim etilmoqda. Samsung foydalanuvchi ehtiyojlarini moslashtirish va oldindan ko‘ra bilishga e’tibor qaratmoqda (qurilma foydalanuvchining xatti-harakatlarini, vaziyatni tahlil qiladi hamda tavsiyalar va kundalik vazifalarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini taklif etadi).

Telefonlar yangi One UI 7 qobig‘i bilan ishlaydi. Bu qobiq bir qator vizual va sun’iy intellekt yaxshilanishlariga ega. Quvvat tugmasini bosib turib, Gemini yoki Bixby yordamchisini (xohishingizga qarab) chaqirish va u bilan ovoz yoki matn orqali muloqot qilish mumkin. Yordamchiga savollar berish, eslatma qo‘yish yoki taqvimda tadbir yaratishni so‘rash, ovozda qo‘shiq kuylash va uni topishni iltimos qilish, shuningdek Samsung‘ning maxsus ilovalari va ba’zi tashqi ilovalar bilan ishlash imkoniyati mavjud. Gemini va Galaxy AI’ning barcha xususiyatlari rus tilida ham ishlaydi.

Asosiy Galaxy S25 va S25+ modellarining dizayni oldingi avlodga nisbatan deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, S25 Ultra modeli 2024-yilgi versiyada to‘g‘ri burchaklar o‘rniga yumaloqlashtirilgan burchaklarga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi modellarni kameralar atrofidagi kengaytirilgan hoshiyalar orqali ham farqlash mumkin — ularning dizayni Galaxy Z Fold6 ga o‘xshaydi. S25 Ultra versiyasi S24 Ultra ga nisbatan 15 gramm yengilroq bo‘lib, yangi modelning og‘irligi 218 grammni tashkil etadi.

Ixcham S25 2340×1080 piksel o‘lchamli 6,2 dyuymlik Dynamic AMOLED 2X ekraniga ega bo‘lib, tasvir yangilanish chastotasi 1 dan 120 Gs gacha moslashuvchan, eng yuqori yorqinligi 2600 nitni tashkil etadi. Galaxy S25+ modelida esa ekran o‘lchami 6,7 dyuym bo‘lib, uning aniqligi 3120×1440 pikselga teng.

S25 Ultra versiyasi yanada kattaroq ekranga ega bo‘ldi — diagonali 6,9 dyuym bo‘lib, plyus versiyasidagi ruxsatga ega va ikkinchi avlod Gorilla Glass Armor himoya oynasi bilan jihozlangan. Bu oyna yuqori darajadagi tushib ketishdan himoya xususiyati bilan ajralib turadi. Ma’lum qilinishicha, raqobatdosh yechimlar bir metr balandlikdan betonga tushganda sinsa, S25 Ultra’dagi yangi oyna 2,2 metr balandlikdan tushishga bardosh bera oladi. Bundan tashqari, yorug‘lik qaytarishga qarshi xususiyatlari va tirnalishga chidamliligi yaxshilangan. Samsung bu qoplamani shisha-keramik qoplama deb ataydi va uni “ekran himoyasi sohasida inqilob” deb ta’riflaydi.

Yangi qurilmalarga Qualcomm Snapdragon 8 Elite for Galaxy chipi (4,47 GGts gacha tezlashtirilgan) o‘rnatilgan bo‘lib, bu Android operatsion tizimli mobil telefonlar uchun eng kuchli protsessor ekanligi ta’kidlangan. Barcha modellarda 12 GB operativ xotira mavjud, ammo Janubiy Koreya va Xitoyda 16 GB operativ xotira va 1 TB ichki xotiraga ega S25 Ultra versiyasi sotuvga chiqariladi. Geymerlarga Ultra-telefon ichidagi yangi bug‘latish kamerasi manzur bo‘ladi, u S24 Ultra bilan taqqoslaganda taxminan 40% kattaroq — bu protsessordan issiqlikni chiqarish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Telefonlar sekundiga 30 kadr tezlikda 8K gacha va 120 kadr tezlikda 4K o‘lchamda video yozib olish imkoniyatiga ega. Sun’iy intellekt yordamida tungi rejimda suratga olish sezilardi darajada takomillashtirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, video yozib olingandan so‘ng neyron tarmoq hisoblashlari yordamida undagi tovushni “tozalash” imkoniyatlari paydo bo‘ldi — shamol shovqinini yo‘qotish, ovoz balandligi va sifatini oshirish, hamda fon shovqinini kamaytirish mumkin. Yangi modellar turli xil kameralar to‘plami bilan jihozlangan:

  • Galaxy S25 va S25+ — asosiy 50 MP (f/1.8, 2x optik zumga teng, 85 gradus qamrash burchagi, OIS), keng burchakli 12 MP (f/2.2, 120 gradus qamrash burchagi), 10 MP telefoto (f/2.4, 3x optik zum, 30x raqamli zum, 36 gradus qamrash burchagi, OIS) va old kamera 12 MP (f/2.2, avtofokus, 80 gradus qamrash burchagi) bilan;
  • Galaxy S25 Ultra — asosiy 200 MP (f/1.7, 2x optik zumga teng, 85 gradus qamrash burchagi, OIS), yangi keng burchakli 50 MP (f/1.9, 120 gradus qamrash burchagi), 10 MP telefoto (f/2.4, 3x optik zum, 30x raqamli zum, 36 gradus qamrash burchagi, OIS), 50 MP telefoto (f/3.4, periskop-optika, 5x optik zum, 10x optik zumga teng, 100x raqamli zum, OIS) va old kamera 12 MP (f/2.2, avtofokus, 80 gradus qamrash burchagi).

S25 modeli 4000 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 25 Vt simli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Plus va Ultra versiyalari 45 Vt quvvatda zaryadlanishi mumkin, ularning akkumulyatorlari mos ravishda 4900 va 5000 mA/soat sig‘imga ega. Akkumulyatorlar sig‘imi Galaxy S24 seriyasiga nisbatan o‘zgarmagan, ammo Samsung optimallashtirish va sun’iy intellekt ishlashi tufayli flagman modellarida ishlash vaqtini oshirishga erishganini ta’kidlamoqda.

Ultra versiyasi to‘rt xil rangda sotuvga chiqariladi: qora, och moviy, titan kulrang va oq. Asosiy modellarni ko‘k, och moviy, och yashil va kumush ranglarida xarid qilish imkoniyati bo‘ladi.

AQShdagi rasmiy narxlar:

  • Galaxy S25 — 799 dollardan boshlanadi (10 358 000 so‘m);
  • Galaxy S25+ — 999 dollardan boshlanadi (12 950 000 so‘m);
  • Galaxy S25 Ultra — 1 299 dollardan boshlanadi (16 839 000 so‘m).

“Afisha” tahririyatiga ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda tavsiya etilgan chakana narxlar quyidagicha bo‘ladi:

  • Galaxy S25 modeli 10 000 000 so‘mdan boshlab;
  • Galaxy S25+ modeli 12 000 000 so‘mdan boshlab;
  • Galaxy S25 Ultra modeli esa 15 700 000 so‘mdan boshlab sotiladi.

Samsung taqdimotining oxirida yangi model — yupqa Galaxy S25 Edge telefonining tizerini ham ko‘rsatdi. Bu model haqidagi batafsil ma’lumotlar yil oxirigacha e’lon qilinadi. Taqdimotdan so‘ng jurnalistlarga qurilmaning maketi namoyish etildi. Unga ko‘ra, yangi model uchta kameraga ega bo‘ladi: ekranda joylashgan old kamera va orqa panelda ikkita kamera.

Nikita Davidov
Muallif
Nikita Davidov