Apple kompaniyasi "Suyuq shisha" — global qayta dizayn va yangi operatsion tizimni taqdim etadi

E’lon qilingan sana· 51
Apple kompaniyasi "Suyuq shisha" — global qayta dizayn va yangi operatsion tizimni taqdim etadi

Yaqinda boʻlib oʻtgan WWDC 2025 konferensiyasida Apple oʻzining barcha platformalarining keng koʻlamli qayta dizaynini taqdim etdi, u Liquid Glass — “suyuq shisha” nomini oldi.

Yangi vizual uslub kompaniyaning barcha tizimlari — iOS 26, iPadOS 26, macOS Tahoe, watchOS 26 va visionOS 26 uchun umumiy boʻldi. Bu uzoq vaqtdan beri interfeys dizaynidagi eng katta o‘zgarish hisoblanadi — Apple uni iOS 7 dan keyingi eng yirik yangilanish deb ta’kidlamoqda.

Yangi konsepsiya yarim shaffof effekti, shisha teksturalar, hajmli elementlar va yengil animatsiyalarga asoslanib, ish muhitini yanada jonli va silliq qiladi. Ilova panellari go‘yo fon ustida “suzib yurganday” ko‘rinadi, ikonkalar moslashuvchan bo‘lib, tizim oynalari va sahifalari esa ravon o‘tishlar va mayin soyalarga ega bo‘ladi.

Apple yangilangan dizayn bilan birga iOS 26 da “Apple Intelligence” nomli o‘zining sun’iy intellekt tizimini joriy etdi. Bu qurilmaning o‘zida so‘rovlarni qayta ishlaydigan mahalliy intellektual yordamchi hisoblanadi. U qo‘ng‘iroqlar va FaceTime’da ovozni real vaqt rejimida tarjima qilish, bildirishnomalardagi muhim lahzalarni aniqlash, xabarlarni tuzishda ko‘maklashish, kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni saralash va hatto tavsif asosida rasmlar, emojilar va stikerlar yaratish kabi imkoniyatlarga ega — bularning barchasi foydalanuvchi maxfiyligini ta’minlagan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tizimga ChatGPT qo‘llab-quvvatlashi o‘rnatildi. Bu murakkab vazifalarni, jumladan matnlar va rasmlar yaratish, hatto elektron pochta yoki eslatmalarga takliflar tayyorlash kabi ishlarni bajarish imkonini beradi.

O‘rnatilgan ilovalarda ham o‘zgarishlar yuz berdi. “Xabarlar” ilovasida shaxsiy fonlar, tezkor so‘rovnomalar va yangi animatsiyalar qo‘shildi. “Suratlar” ilovasida endi yanada aqlliroq qidiruv tizimi va voqealar bo‘yicha avtomatik guruhlash mavjud. Safari brauzerida esa manzil qatori soddalashtirildi va varaqlarning qalqib chiquvchi menyusi joriy etildi. Apple Music ilovasida endi qo‘shiqlar tarjimalarini ko‘rish va mikstlarni avtomatik yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Apple Maps ilovasida esa yo‘l tirbandliklarini hisobga olgan holda marshrutlarni rejalashtirish va odatiy yo‘nalishlarni eslab qolish mumkin bo‘ldi.


Kompaniya barcha o‘yinlar uchun yagona maydon bo‘lgan yangi Games ilovasini taqdim etdi. Unda App Store, Apple Arcade va Game Center takliflari hamda do‘stlarning faoliyati va tavsiyalari jamlangan. Foydalanuvchilar o‘z yutuqlarini kuzatishlari, yangi o‘yinlarni kashf etishlari va ijtimoiy funksiyalardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Apple’ning ta’kidlashicha, yangi ilova kompaniya ekotizimidagi yarim milliarddan ortiq o‘yinchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha qurilmalarda o‘yinlarga qiziqishni oshirish va ular bilan o‘zaro aloqani yaxshilashni maqsad qilgan.


Yangilangan macOS 26 ga Tahoe nomi berildi. Unda iPhone’dakiga o‘xshash shisha ko‘rinishidagi interfeys, buyruqlar va kontekstlar bo‘yicha tezkor qidiruv imkoniyati bilan takomillashtirilgan Spotlight, shuningdek, Live Activities qo‘llab-quvvatlash funksiyasi joriy etildi. Menyu satri endi to‘liq shaffof, hech qanday fon qatlami yo‘q, “shisha effekti” esa Dock panelida, “Boshqaruv markazi”, “Tizim sozlamalari”, vidjetlar va standart ilovalarda seziladi.

MacOS Tahoe’ning yana bir foydali xususiyati iPhone egalari yaxshi biladigan “jonli” bildirishnomalarni (Live Activity) qo‘llab-quvvatlashidir. Finder’da esa endi papkalarga ranglar va belgilar berish imkoniyati paydo bo‘ldi — bu loyihalarni samarali tashkil etish uchun juda qulay hisoblanadi.


iPadOS 26 ko‘rinishi va funksiyalari jihatidan macOSga yaqinlashdi: Apple planshetlari oynalar bilan to‘laqonli ishlash imkoniyati tufayli ko‘p vazifalilikda sezilarli yutuqqa erishdi. Endi foydalanuvchilar oynalarni xuddi kompyuterlardagi kabi erkin joylashtirish va o‘lchamlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“Fayllar” ilovasi yangilandi. Unda papkalarni tartibga solishning yangi usullari paydo bo‘ldi. Endi papkalarni tez kirish uchun dok-panelga joylash mumkin.


Apple watchOS 26 ga mashq paytida shaxsiy maslahatlar beradigan va Apple Intelligence asosida ishlaydigan Workout Buddy nomli ovozli yordamchini qo‘shdi.

Interfeys ham yangilandi — yarim shaffof animatsiyalar va chuqurlik effektlariga ega bo‘lgan yangi “Liquid Glass” mavzusi joriy etildi.


VisionOS 26 uch oʻlchamli suratlar va videolarni qo‘llab-quvvatlash, nigoh bilan varaqlash hamda do‘stlar bilan VRda filmlarni birgalikda tomosha qilish imkoniyatlarini qo‘shdi. Bundan tashqari, makonning istalgan nuqtasiga o‘rnatish mumkin bo‘lgan jonli 3D vidjetlar ham joriy etildi. Bu vidjetlar qurilma qayta ishga tushirilgandan so‘ng ham belgilangan joylarida saqlanib qoladi.

Shuningdek, VisionOS 26 PlayStation VR2 Sense boshqaruvchisini va Insta360 hamda Canon modellarini o‘z ichiga olgan keng doiradagi VR kameralarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biznes uchun yangi API va Logitech MX Ink kabi kiritish qurilmalarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari qo‘shilgan.


Apple’ning eng muhim qarorlaridan biri — an’anaviy macOS raqamlash tizimidan (masalan, macOS 14 kabi) voz kechib, yillik raqamli yagona versiya tizimiga o‘tish bo‘ldi. Endi barcha platformalar ekotizim yaxlitligini aks ettiruvchi “26” nomi bilan atalmoqda. Yangilanishlar allaqachon dasturchilar uchun mavjud, keng jamoatchilik uchun esa 2025-yil kuzida taqdim etilishi kutilmoqda.

Qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalar ro‘yxatiga iPhone XS va undan keyingi modellar, A12 va undan yuqori chiplarga ega iPad’lar, Apple Watch Series 6 va undan yuqori seriyalar, shuningdek, barcha Apple Silicon protsessorli Mac’lar hamda Intel modellarining bir qismi kiradi. Beta versiyalari allaqachon chiqarilgan bo‘lib, ularni ishlab chiquvchi profili orqali o‘rnatish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling