iOS 26 sharhi – yangilanishdan keyin iPhone’da nimalar oʻzgaradi?

Yangi iOS 18-versiya o‘rnini egalladi va "Liquid Glass" uslubidagi dizayn, AI asosidagi ilg‘or energiya tejash rejimi, do‘stlar bilan o‘yinlar uchun yangi ilova, ekrandagi bor elementlarni tushunish imkoniyati paydo boʻldi. U hatto iPhone 11’ni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
2025-yil 15-sentabrda Apple kompaniyasi o‘z smartfonlari uchun yangi operatsion tizim versiyasini — iOS 26'ni chiqardi. U iOS 18 o‘rnini egalladi: endi operatsion tizimlarning raqamlanishi yilga mos keladi (2026-yilda iOS 27 chiqadi va hokazo).
Apple WWDC 2025 taqdimotida tizimning vizual qismini yangi darajaga olib chiqdi: butun iOS 26'ning asosiy g‘oyasi — Liquid Glass (“suyuq shisha”) konsepsiyasi. Bu faqat yangi fon va ikonkalardan iborat emas — butun estetik uslub tizim dizayni, ilova interfeyslari va animatsiyalarga singdirilgan bo‘lib, hammasini yanada yarim shaffof va qurilma harakatlariga “javob qaytaradigan” boʻldi.
Asosiy o‘zgarish: Liquid Glass — qanday ko‘rinadi va ishlaydi?
Liquid Glass — bu yarim shaffof qatlamlar, yumshoq blur va tez animatsiyalar uyg‘unligi. Amalda bu quyidagilarni anglatadi:
- ikonka va papkalar yengil shaffoflik va scroll paytida ranglarning “oynaday o‘zgarishi” effektiga ega bo‘ldi;
- fon panellari (Control Center, sozlamalar menyusi, ilova tablari) chuqurlik va yorqinlikka ega yupqa shisha ko‘rinishida tasvirlanadi;
- interfeys elementlari telefonga tegish yoki uni qiyshaytirishga javob qaytarib, paralaks va yengil 3D effekti yarata
Misol: ish stollari o‘rtasida o‘tganda ikonkalarning ranglari biroz aralashadi, papkalar esa “shaffof shisha” bo‘lib, orqadagi fonning bir qismini ko‘rsatadi. Umumiy ko‘rinishda interfeys fazoda “yotganday”, ekranga yopishtirilgandek emas, tabiiy tuyuladi.
Lock screen va fon suratlari — chuqurroq va “jonliroq”
Lock screen’dagi soatlar endi dinamik shrift ishlatadi (o‘lcham, qalinlik va joylashuvi oboyga qarab o‘zgaradi), hamda qurilma harakatiga javob beradigan 3D-chuqurlik effektiga ega.
Oddiy fotosuratlarni qo‘shimcha vositalarsiz 3D-oboyga aylantirish mumkin — tizimning o‘zi obyekt bilan fon orasida qatlam illyuziyasini yaratadi.
Now Playing vidjeti endi to‘liq ekranga chiqadi va musiqa takti bo‘yicha animatsiyalanadi — albom rasmi va fon trekka mos ravishda yengil harakat qiladi.
Misol: agar oilaviy suratni fon qilib qo‘ysangiz, soat va vidjetlar surat ustida “ko‘tarilgandek” ko‘rinadi, telefonga qiyshaytirsangiz, suratning elementlari siljiydi va chuqurlik illyuziyasini yaratadi.
Home screen va Control Center — nozik, ammo sezilarli o‘zgarishlar
Endi Home screen’dagi ikonkalarga yangi sozlama orqali to‘liq “shisha effekt” berish mumkin. Papkalar yarim shaffof ko‘rinadi. Control Center yangilangan panellarga va silliq paydo bo‘lish animatsiyalariga ega bo‘ldi.
Phone: Call Screening va Hold Assist — telefon sizning o‘rningizga ishlaydi
Yangi kiruvchi qo‘ng‘iroqlar vositalari:
- Call Screening — noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq kelganda, iPhone qo‘ng‘iroq jiringlashidan oldin qo‘ng‘iroq qiluvchidan ism va maqsadni so‘raydi va javobni ko‘rsatadi;
- Hold Assist — iPhone foydalanuvchi o‘rniga liniyada “kutib turishi” mumkin: texnik yordam kabi xizmatlarda navbatda turadi va operator javob berganda eslatadi yoki qayta chaqiradi.
Misol: bankka qo‘ng‘iroq qilsangiz, iPhone avtomatik tarzda maqsadni so‘raydi — agar bu spam bo‘lsa, qo‘ng‘iroq sizga yetib kelmaydi; agar bu navbatda kutish bo‘lsa, iPhone liniyani ushlab turadi va operator qo‘shilganda qo‘ng‘iroqni sizga qaytaradi.
Messages — messenjerdan ham qulayroq
iOS 26'dagi Messages endi ko‘proq imkoniyatlarga ega:
- So‘rovnomalar — guruhlarda ovoz berish kerak bo‘lsa, tizim o‘zi so‘rovnoma taklif qiladi (qo‘lda ham sozlash mumkin);
- Real vaqt rejimidagi tarjima — kelgan xabarlar avtomatik tarjima qilinadi, jo‘natilayotganlarini esa tanlangan tilga darhol yuborish mumkin;
- Spam filtri — noma’lum yuboruvchilar alohida papkaga tushadi, bildirishnomalar sukut bo‘yicha o‘chirilgan bo‘ladi;
- Guruh chatlarida typing indicator va maxsus fonlar (Apple Intelligence tomonidan generatsiya qilingan fonlar ham) qo‘shildi.
Misol: oilaviy chatda uchrashuv rejalashtirilayotganda tizim “Qachon uchrashamiz?” degan so‘rovnoma yaratishni taklif qiladi va matndan vaqt variantlarini o‘zi ajratib beradi.
Visual Intelligence — ekranni “tushunish”
iOS 26 ekrandagi matn yoki rasmni “o‘qiydi” va amal taklif qiladi: qidiruv, tarjima, note yaratish yoki tezkor buyruqlar.
Misol: foydalanuvchi ilovada manzilni ko‘rsa, iOS “Maps"da yo‘lni ochishni yoki manzilni bir tugma bilan Notes’ga saqlashni taklif qiladi.
Camera va Photos — interfeys soddalashdi
Camera ilovasi toʻliq yangilandi: rejim o‘zgartirish tugmalari markazga ko‘chirilgan, yon tomonga swipe bilan qo‘shimcha rejimlar (spatial recording, portrait va boshqalar) ochiladi. Muhim sozlamalar (HEIC/RAW, FPS) endi tezkor menyularda.
Photos ilovasida yangi “Collections” bo‘limi paydo bo‘ldi — media fayllarni ko‘rish va saralash qulayroq bo‘ldi.
Misol: RAW rejimiga o‘tish uchun endi umumiy sozlamalarga kirmaysiz — u tezkor menyuda chiqadi.
Adaptive Power — energiya sarfini boshqarishning yangi rejimi
Adaptive Power rejimi dinamik tarzda quvvat sarfini boshqaradi: ishlash tezligi, yorqinlik va fon jarayonlarini moslab, batareyani tejaydi. Shuningdek, to‘liq quvvatlanish va 80% gacha bo‘lgan vaqtni prognoz qiladi. Hozircha bu imkoniyat asosan iPhone 15 Pro va yangilarida ishlaydi, chunki Apple Intelligence imkoniyatlariga tayanadi.
Misol: uzoq ish kunida Adaptive Power fon ilovalari tezligini pasaytirib, maksimal yorqinlikni biroz kamaytiradi, natijada kun oxirida telefoningizda 20−30% quvvat qoladi.
Yangi ilovalar: Games va Preview
- Games — barcha o‘yinlar (shu jumladan Apple Arcade) markazlashgan ilova: tavsiyalar, kolleksiyalar, yutuqlar va tezda do‘stlarni o‘yinlarga taklif qilish imkoniyati.
- Preview — mobil PDF-reader, macOS’dagi ilovaning soddalashtirilgan varianti. PDF hujjatlarni o‘qish, izohlash va iPhone’dan turib yuborish imkoniyatini beradi.
Bu nima uchun kerak:
- PDF hujjatlar (chipta, hujjat, qo‘llanma) bilan tez-tez ishlaydiganlar uchun Preview qo‘shimcha ilovasiz hamma narsani hal qiladi;
- Games esa o‘yinlar kutubxonasi va yutuqlarni bir joyda jamlaydi.
Safari, CarPlay va boshqa mayda yangiliklar
Safari soddalashtirilgan navigatsiya va yangi imo-ishoralarga ega boʻldi (yorliqlarni boshqarish qidiruv panelidan yuqoriga surish orqali paydo boʻladi), shuningdek interfeys tartibini (ixcham, pastki yoki yuqori) sozlash imkoniyati ham qoʻshildi.
CarPlay, Maps, Wallet, Music va boshqa ilovalar ham Liquid Glass vizual uslubiga moslashtirildi. Maps’da yaxshilangan yo‘l ko‘rsatmalar, Wallet’da raqamli pasportlar (hozircha faqat ayrim hududlarda) qo‘shildi.
Yangilash kerakmi?
iOS 26 iPhone ko‘rinishini sezilarli darajada o‘zgartiradi va foydali funksiyalar olib keladi (Messages'dagi tarjimalar, Adaptive Power, yangi tizim ilovalari va hokazor). Lekin dastlabki davrda xatoliklar, muhim ilovalar bilan nomuvofiqliklar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun barqarorlikni xohlovchilar dastlabki patch’larni kutishi tavsiya etiladi.
iOS 26 qo‘llab-quvvatlaydigan iPhone modellari:
- iPhone 17, Air, 17 Pro, 17 Pro Max;
- iPhone 16, 16 Plus, 16 Pro, 16 Pro Max, 16e;
- iPhone 15, 15 Plus, 15 Pro, 15 Pro Max;
- iPhone 14, 14 Plus, 14 Pro, 14 Pro Max;
- iPhone 13, 13 mini, 13 Pro, 13 Pro Max;
- iPhone 12, 12 mini, 12 Pro, 12 Pro Max;
- iPhone 11, 11 Pro, 11 Pro Max;
- iPhone SE (2-avlod va undan keyingi).
Qo‘llab-quvvatlash 11−16 liniyasi va SE’ni qamrab oladi, ammo ayrim funksiyalar faqat yangi iPhone’larda mavjud bo‘ladi, chunki ular Apple Intelligence imkoniyatlariga bog‘liq.
