Instagram'da yangi format: ingichka videolar nega mashhurlikka erishdi va uni qanday qiladi?

Instagram’dagi yangi trendga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak — koʻpchilik yuzerlar, hatto yirik-yirik brendlar sahifasi ham tarmoq formatiga teskari boʻlgan ingichka ishlangan videolarni ulashyapti. Bu butun dunyo boʻylab tarqalgan trend boʻlib, koʻpchilik uni oʻziga moslashtiryapti. Ushbu maqolada esa u nega mashhurlikka erishgani va ingichka formatdagi videoni qanday yasash mumkinligini koʻrib chiqamiz.
“Ingichka” videolar trendi
5120×1080 formatdagi ultrakeng videolar deyarli bir haftadan beri Instagram’da mashhurlikka erishmoqda. Bunday panoramali videoformatidan koʻpchilik foydalandi, ba’zi foydalanuvchilar oʻz kontentini kino effekti bilan joylay boshladi. Mutaxassilar bunday formatdagi videolar odatdagi vertikal videodan koʻrinish jihatdan yaqqol ajralib turgani uchun ham koʻproq koʻrilayotgani va e’tibor tortayotganini aytmoqda. Buni sezib qolgan ayrim kontent kreatorlar eski videolarini ham shu formatda “qayta jonlantirishga” kirishdi.
Mashable nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 5120×1080 formatidagi videolar trendini katta ehtimol bilan, amerikalik reper Kanye Uest boshlab bergan. Reper 30-iyun kuni ingichka gorizontal rolik e’lon qilgan. O‘shandan beri unga KitKat, Red Bull, Google, Netflix va boshqa ko‘plab brendlar qo‘shildi.
Kuni kecha esa “NmaGap” ijodkorlari tomonidan boshlangan “Fristaylng” loyihasi sahifasida ham mana shunday noodatiy formatdagi ril paydo boʻldi.
Bu qanday qilinadi?
Odatda Instagram 9×16, 10×80 va 19×20 o‘lchamdagi vertikal videolarni qo‘llab-quvvatlaydi. Standart variantlar atigi uchta bo‘lsa-da, kontent meykerlar 5120×1080 videolarni yuklash yo‘lini topdi. Bunday ramka ijtimoiy tarmoq tomonidan qabul qilinmaydi, lekin qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlaridek, bunday video yasashni bir nechta yoʻli bor.
- Buning uchun birinchi navbatda yuqori sifatda (iloji boʻlsa, 4K rejimda) gorizontal video olish kerak boʻladi. Bunda esa kompozitsiya iloji boricha markazda boʻlishi kerak, chunki ikki yoni qisqartirilib, aynan videoning oʻrta qismi qoldiriladi.
- Keyin oʻsha videoni muharrirda (variantlar koʻp, masalan, InShot, CapCut, VN, Adobe Premiere Pro, Canva va boshqalar) ochish kerak. Loyihani 5120×1080 piksel (32:9 nisbat) parametrlariga sozlang.
- Kadrning yuqori va pastki qismini kesish uchun maskadan foydalaning. Videoni to‘g‘ri joylashtiring, shunda syujetning asosiy qismi tor chiziqda qoladi.
- Tayyor videoni yuqori sifatda eksport qiling (H.264 yoki HEVC). Video sozlamalari 5120×1080 formatda saqlanganini tekshiring.
- Keyin ushbu videoni Reelsga yuklash mumkin. Lekin bunda ijtimoiy tarmoq videoni kesib tashlamagani va tor chiziq butun ekranni egallaganini tekshirib koʻring.
Foydalanuvchilar munosabati
Koʻpchilik foydalanuvchilar bu formatga oʻrganolmayapti. Albatta, bunga birinchi sabab — bunga koʻz oʻrganmagani. Foydalanuvchilar bu tarmoqda vertikal video tomosha qilib oʻrganib qolgan, Reels tasmasini aylantirib oʻtirganingizda birdan ingichka video chiqishi, tasvirni toʻliq koʻrish uchun uni yaqinlashtirishga toʻgʻri kelishi yoqmasligi tabiiy. Mutaxassislar bunday format uzoqqa bormasligini ta’kidlamoqda.
Ammo bundan yaxshi foydalanish ham mumkin. Bu video e’tibor tortishi bor gap va uni toʻgʻri ishlatsangiz, foyda berishi aniq. Masalan, biror nima e’lonini mana shunday formatda uzun qilib tekstini yozasiz va tinimsiz aylantirasiz. Tinimsiz aylanayotgan yozuv odamlarning e’tiboridan chetda qolmasligi aniq.