Yangi Chevrolet Cobalt narxlari e'lon qilindi

Kompaniyaning ta'kidlashicha, ularga "ilgari mavjud bo‘lmagan yangi opsiyalar qo‘shilgan".
UzAuto Motors Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarish boshlanganini e’lon qildi.
Cobalt avtomobili mavjud uchta komplektatsiyadan tashqari, mijozlarga qo‘shimcha ravishda yangi ikkita versiyada (Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM) taqdim etiladi, kompaniyaning ta’kidlashicha, ularga “ilgari mavjud bo‘lmagan yangi opsiyalar qo‘shilgan”.
UzAutoMotors Cobalt’dagi oʻzgarishlar boʻyicha quyidagicha yozadi:
“Modernizatsiya doirasida avtomobilning yangi komplektatsiyalarida komponentlar yangilandi: yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatildi, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirildi. ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqariuv bloklari yangilandi. Diagnostika moduli sezilarli darajada yangilandi. Umumiy hisobda hammasi bo‘lib yangi modifikatsiyalarda avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari yangilandi”.
Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari komponentlar bazasidagi o‘zgarishlardan tashqari kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlarning isitish tizimi va sensorli multimedia tizimi ham mavjud bo‘lib, u Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi komlektatsiyalari uchun tavsiya etilgan chakana narxlar:
- Style MCM — 156 100 000 so‘m;
- Midnight MCM — 165 200 000 so‘m.
Shu bilan birga, Chevrolet Cobalt avtomobilining mavjud komplektatsiyalari mijozlar uchun avvalgi narxlarda, o‘zgarishsiz tarzda taqdim etiladi:
- Style AT Plus — 147 916 000 so‘m;
- Midnight AT — 155 231 000 so‘m.
Yangi Chevrolet Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM Chevrolet dilerlik markazlariga 2025-yil 3-noyabrda sotuvga chiqariladi.