ChatGPT Go oylik obunasini endi Oʻzbekistonda ham $5 evaziga sotib olish mumkin

OpenAI kompaniyasi ChatGPT Go obunasini yangi davlatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘ydi. Endilikda foydalanuvchilar oyiga 5 dollar (taxminan 60 300 so‘m, Markaziy bank kursi bo‘yicha) evaziga chat-botning kengaytirilgan funksiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
ChatGPT Go obunasi foydalanuvchilarga GPT-5 flagman modeli uchun so‘rovlar limitining oshirilgan hajmini, shuningdek rasmlar yaratish, hujjatlarni yuklash va ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Bundan tashqari, obuna quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- suhbatga dialogdan koʻproq ma’lumotni “eslab qolish” imkonini beruvchi kengaytirilgan kontekst oynasi;
- shaxsiylashtirilgan GPT modellarini yarartish foydalanish imkoniyati;
- loyihalar funksiyasi orqali turli dialoglar va fayllarni birlashtirib tahlil qilish imkoniyati.
Biroq, ChatGPT Go obunasi ilgari chiqarilgan modellar, jumladan ChatGPT 4o versiyasiga kirish imkonini bermaydi.
ChatGPT Go 2025-yil avgust oyida birinchi marta ishga tushirilgan bo‘lib, o‘sha paytda uning narxi Hindistonda 4,57 dollarni tashkil etgan edi.
OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ushbu obuna 89 ta davlat va hududda, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri-Lanka, shuningdek, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning bir qator mamlakatlarida ham mavjud.