Nike motorli krossovkalarni namoyish etdi

Nike kompaniyasi “Project Amplify” nomli motorli krossovkalar prototipini namoyish etdi. U foydalanuvchiga tezroq harakatlanish va uzoq masofa bosib oʻtishga yordam beradi.
Qurilma boldir va to‘piqning tabiiy harakatlarini kuchaytirish uchun mo‘ljallangan. Krossovkaga motor, uzatma tasmasi va qayta quvvatlanadigan manjetli batareya o‘rnatilgan. Poyabzalning o‘zini qurilma bilan ham, qurilmasiz ham kiyish mumkin.
Ushbu krossovkalar professional sportchilarga emas, kundalik hayotida uzoq masofalarni bosib oʻtadigan yoki koʻproq yugurishni rejalashtirganlar uchun moʻljallangan.
“Project Amplify mohiyatiga koʻra, ushbu oyoq kiyimlar qadamingizga biroz ko‘proq quvvat qo‘shadi. O‘ylaganingizdan ko‘ra ko‘proq narsa qila olishingizni anglash zavq bag‘ishlaydi, bu siz uchun nimani anglatishidan qat’i nazar”, — deya tushuntirdi “Nike” kompaniyasi vitse-prezidenti Maykl Donagu.
Hozircha “Project Amplify” sinov bosqichida. Poyabzallar sotuvga bir necha yildan keyin chiqishi mumkin.